Malayziyada yashash xarajatlarining ko`paygani sababli aholiga pul tarqatiladi

24.07.2025 20:50

Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim yashash xarajatlarining ko`payishi sababli aholini qo`llab-quvvatlash bo`yicha yangi chora-tadbirlarni e`lon qildi. Bangkokpost ma`lumotlariga ko`ra, mamlakatning voyaga etgan fuqarolari 100 ringgit (23,70 AQSh dollari) miqdorida bir martalik to`lov oladi.

Yordam dasturining umumiy moliyalashtirish hajmi 2025 yilda 15 milliard ringgitni tashkil etadi, bu dastlab rejalashtirilgan 13 milliard ringgitdan ko`proqdir.

Ushbu choralar Kuala-Lumpurda shanba kuni o`tkazilishi rejalashtirilgan ommaviy norozilik namoyishi arafasida e`lon qilingan. Muxolifat hukumatni narxlar o`sishini to`xtata olmagani va va`da qilingan islohotlarni amalga oshirmaganligi uchun ayblayapti. Namoyishda 10-15 ming atrofida odam ishtirok etishi kutilmoqda.

Bosh vazir aholi uchun xarajatlarni yanada kamaytirish zarurligini ta`kidlab, kambag`allikka qarshi kurashish uchun qo`shimcha tadbirlar ko`rishni va`da qildi.Shuningdek, hukumat RON95 markali yoqilg`i uchun yangi subsidiya tizimini taqdim etadi, bu esa benzin narxini bir litr uchun taxminan 1,99 ringgitgacha tushiradi.

Ekspertlarning fikricha, bunday qadamlar ichki talabni qo`llab-quvvatlash uchun zarur, biroq ular mamlakat byudjetiga qo`shimcha bosim o`tkazadi. Iqtisodchilar ogohlantirishicha, yoqilg`i subsidiyalari islohotining kechikishi hukumatning 2028 yilgacha byudjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotning 3 foizigacha kamaytirish maqsadiga erishishiga to`sqinlik qilishi mumkin.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар