Jami eksport hajmi 428,4 mln dollarga etdi — “O`zsanoatqurilishmateriallari"

24.07.2025 18:23

"O`zsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi tomonidan 2025 yilning o`tgan 6 oyi davomida 2,4 milliard dollarlik investisiya loyihalari amalga oshirilib, 16,2 mingta yangi ish o`rni yaratildi. Bu haqda 24 iyul kuni uyushma tomonidan o`tkazilgan "Qurilish materiallari sohasida o`tgan 6 oyda amalga oshirilgan ishlar tahlili" mavzusidagi matbuot anjumanida ma`lum qilindi.

Ayni paytda mamlakatimizda qurilish mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar soni 10 mingdan oshib ketgan bo`lib, qurilish materiallari turi 100 taga etgan. Joriy yilning yanvar–iyun oylarida 26 trln so`mlik qurilish mahsulotlari ishlab chiqarilgan va bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 114 foiz o`sishni tashkil etadi.

"Joriy yarim yillikda 10,1 mln tonna sement, 21 mln kv.m qurilish oynasi, 33 mln kv.m keramik plitka va keramogranit, 50 mln kv.m gipsokarton plitalari ishlab chiqarildi. Sohada esa o`tgan yilga nisbatan 114 foiz o`sish kuzatildi", — deydi "O`zsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi Boshqaruv raisi Ilyos Rahimov.

Shuningdek, sohadagi eksport hajmi ham o`tgan yilga nisbatan sezilarli darajada oshgan bo`lib, Rossiyaga 107 mln. dollar, Qozog`istonga 94,7 mln. dollar, Qirg`izistonga 64,4 mln. dollar, Tojikistonga 53,7 mln. dollar, Ozarbayjonga 9,7 mln. dollar, va Turkmanistonga 9,3 mln. dollarlik eksport amalga oshirilgan. Jami eksport hajmi esa  428,4 mln dollarga etgan.

"Eksport bilan birga importda ham sezilarli natijalarga erishildi. Masalan, 2023 yilda 650 million dollarlik mahsulot import qilingan bo`lsa, 2024 yilda ushbu ko`rsatkich 50 millionga kamayib, 600 million dollarni tashkil qildi. Ayniqsa, metall importida sezilarli darajada qisqarish kuzatildi. Joriy yilda esa bu ko`rsatkichni 550 million dollargacha kamaytirishni reja qilganmiz. Lekin brend talabi tufayli import baribir ma`lum bir qismda saqlanib qoladi", — deydi Ilyos Rahimov.

Ma`lumotlarga ko`ra, sohada eksport hajmini yanada oshirish maqsadida Tojikiston, Pokiston, Afg`oniston kabi mamlakatlarda O`zbekiston savdo uylari, shourumlar va savdo omborlari tashkil etilgan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар