Advokat Mubashshir Ahmad ishi bo`yicha ma`lumot berdi

24.07.2025 16:01

Mubashshir Ahmad taxallusi bilan faoliyat olib boruvchi taniqli diniy ulamo Alisher Tursunov ishi bo`yicha advokat Ruslan Sodiqov ma`lumot berdi.

Joriy yil 10 may kuni Turkiyadan keltirilgan Alisher Tursunov 75 kundan buyon qamoqda saqlanmoqda. Advokatning ma`lum qilishicha, dastlabki tergovni DXX Tergov boshqarmasi o`tkazgan.

«Endilikda, jinoyat ishi tamomlanib, sudga oshirilganligi bois, ustozning advokati sifatida ishga oid ba`zi tafsilotlar, shaxsan o`zlarining holatlari va munosabatlari haqida qisqacha ma`lumot berishni lozim ko`rdim», deb yozdi Ruslan Sodiqov 24 iyul kuni Facebook'da.

Uning aytishicha, jinoyat ishi 2023 yil 11 avgust kuni Shayxontohur tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tergov bo`limi tergovchisi tomonidan Jinoyat kodeksining 244-3-moddasi bilan qo`zg`atilgan. Bu moddada «diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish» uchun javobgarlik belgilangan. Bu qilmish jinoyat sifatida e`tirof etilishi uchun oldin ayni shu harakat uchun ma`muriy jazo qo`llangan bo`lishi kerak.

«Ustoz Mubashshir Ahmad domla Azon TV kanalida olib borgan diniy, ma`rifiy faoliyati davomida 2023 yilda Diniy qo`mita xulosasini olmasdan diniy mazmundagi materialni ushbu kanal orqali tarqatgani uchun ma`muriy jazoga tortilgan. 2023 yilda bu holat takroriy sodir qilingan deb topilib, jinoyat ishi qo`zg`atilgan», deya yozdi advokat.

Ma`lum bo`lishicha, 2025 yil 11 may kuni Alisher Tursunov ushlanganidan so`ng, unga nisbatan Jinoyat kodeksi 244-1-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan qo`shimcha ayblov e`lon qilingan. Bu ayblov – jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni OAV yoki internetda tarqatishni nazarda tutadi. Ayblovga Alisher Tursunov o`z telegram kanaliga joylashtirgan videodagi suhbat asos bo`lgan.

«Ustoz ushlanishida va shu vaqt o`zlariga nisbatan o`tkazilgan tergov harakatlari jarayonida o`zlari tomonidan yollangan himoyachilar xizmatidan foydalanishni talab qilgan, lekin talab bajarilmagani sababli, tergov harakatlariga oid hujjatlarni imzolashdan bosh tortgan. Himoyachilar tergovchiga ayni shu kuni bir necha marotaba aloqaga chiqqan va hatto qisqa xabarlar jo`natgan, lekin tergovchi e`tiborsiz qoldirib, ustozga nisbatan ayblovni to`ldirish va so`roq qilish, qamoqqa olish haqidagi iltimosnoma kiritish harakatlarini davlat hisobidan ta`minlanadigan advokat xizmati yordamida davom ettirgan», deydi Ruslan Sodiqov.

2025 yil 14 may kuni jinoyat ishining dastlabki tergovi Davlat xavfsizlik xizmati Tergov boshqarmasiga o`tkazilgan. Shu vaqt oralig`ida advokat mijozi bilan ko`rishishda muammolarga duch kelgan. Keyinroq, Alisher Tursunov suhbat davomida o`ziga nisbatan «yaxshi munosabatda bo`lishgani, hech qanday ruhiy yoki jismoniy tazyiq o`tkazilmagani»ni bildirgan.

Shuningdek, tergov davomida «Azon Global» xalqaro media-kanali tekshirilib, uning faoliyatida O`zbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlar, tinchlik va xavfsizlikka qarshi og`ir jinoyatlar sodir etilmagani aniqlangan. Lekin, Isroilning G`azoda sodir etayotgan jinoyatlariga oid fikrlarda «milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo`zg`atish» alomati aniqlanib, ayblov JKning 156-moddasi 2-qismi bilan to`ldirilgan.

Advokatning yozishicha, diniy ulamo ayblovlarga nisbatan munosabat bildirib, «Turkiyada faoliyat ko`rsatgani sababli, O`zbekiston Din ishlari bo`yicha qo`mitasidan xulosa olish zaruriyati yo`q deb o`ylagani, chunki hududiylik jihatidan media faoliyati xorijda bo`lgani, aslo qonunga bepisand nazarda bo`lmagani»ni ta`kidlagan.

Advokat Ruslan Sodiqov sudda jinoyatning ushbu belgilariga oid xulosalar bo`yicha ekspertlarga ko`plab savollari borligini, JPKda belgilangan tortishuvchanlik va haqiqatni aniqlash prinsiplari ustuvorligi ta`minlanishi uchun qonuniy imkoniyatlardan to`liq foydalanishini bildirdi. Ish qachon va qaysi sudda ko`rib chiqilishi haqida ma`lumot berilmagan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар