Bugun, 24 iyul – O`zbekiston taraqqiyotida bosh roldagi islohotchi lider, prezident Shavkat Mirziyoev 68 yoshni qarshi oldi. Davlat rahbari hozirda O`zbekiston prezidenti lavozimi bilan bir qatorda, Qurolli kuchlar oliy boshqo`mondoni, Xavfsizlik kengashi raisi, O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi raisi va boshqa strategik kengashlarga rais sifatida faoliyat yuritmoqda.
Shavkat Miromonovich Mirziyoev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokorlar oilasida tug`ilgan. U Toshkent irrigasiya va qishloq xo`jaligini mexanizasiyalash muhandislari institutida tahsil olib, muhandis-mexanik mutaxassisligini egallagan. Shuningdek, u texnika fanlari nomzodi va dosent ilmiy unvonlariga ega bo`lgan.
Shu tariqa u ilm-fan bilan chambarchas bog`liq holda mehnat faoliyatini boshlagan, institutda kichik ilmiy xodimlikdan prorektorlikka qadar etib borgan.
Siyosiy faoliyatga kirib kelishi va davlat boshqaruvidagi tajribasi
Mirziyoevning siyosiy faoliyati 1990 yilda O`zbekiston Respublikasi Oliy Kengashiga deputat etib saylanishi bilan boshlangan. U dastlab Toshkent shahri Mirzo Ulug`bek tumani hokimi (1992), keyinchalik Jizzax (1996-2001) va Samarqand (2001-2003) viloyatlari hokimi lavozimlarida ishlagan.
1995-2003 yillar davomida ijroiya hokimiyatda ishlash bilan bir qatorda, Oliy Majlis deputati sifatida mamlakatda muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlarida faol qatnashdi. 2003 yilda Bosh vazir etib tayinlanib, 2016 yilgacha bu lavozimda ishlab, sanoat, qishloq xo`jaligi, infratuzilma va ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, xususiy tadbirkorlik va kichik biznesning iqtisodiyotdagi ulushini oshirish, zamonaviy bozor mexanizmlarini rivojlantirishda hissa qo`shdi.
Prezidentlik davri va islohotlar bosqichi
2016 yil sentyabrida birinchi prezident Islom Karimovning vafotidan so`ng Mirziyoev vaqtincha prezident vakolatlarini bajaruvchi sifatida tayinlandi. Oradan uchoy o`tib, 2016 yil dekabrda o`tkazilgan saylovlarda 88,61% ovoz bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi va 2016 yil 14 dekabrda rasman lavozimga kirishdi. 2021 yil oktyabr oyida esa 80,1% ovoz bilan ikkinchi muddatga qayta saylandi. Amaldagi prezidentlik muddati 2030 yilgacha davom etadi.
Mirziyoev prezident sifatida faoliyat boshlaganidan keyin mamlakatda yangilanish jarayonlarini boshlab berdi. Bu davrda siyosiy tizimni liberallashtirish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash vaiqtisodiyotni diversifikasiya qilish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi. Xususan, majburiy paxta terimini bekor qilish orqali xalqaro maydonda ijobiy imij shakllantirildi, shuningdek davlat xizmatlari ochiqligi oshirildi.
Ijtimoiy soha va mahalla institutini rivojlantirishga e`tibor
Shavkat Mirziyoev o`z faoliyatida yosh avlodni sog`lom va barkamol etib tarbiyalash, ta`lim va sog`liqni saqlash sohasini zamon talablari asosida rivojlantirish, onalik va bolalikni muhofaza qilishga ustuvor ahamiyat qaratgan. Shu bilan birga, mahalla institutini islohotlarga jalb etish orqali mahallaning jamiyatdagi o`rnini oshirish va fuqarolarning davlat boshqaruvida ishtirokini kuchaytirish masalalariga alohida e`tibor berdi.
Tashqi siyosatda ochiqlik va mintaqaviy integrasiya
Prezident Mirziyoev tashqi siyosatda ochiqlik va pragmatizm tamoyillarini ilgari surdi. Qo`shni davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilash, mintaqaviy iqtisodiy loyihalarni qo`llab-quvvatlash, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish tashqi siyosatning asosiy yo`nalishlaridan bo`ldi. Bu esa O`zbekistonning xalqaro maydondagi o`rnini kuchaytirib, mamlakat iqtisodiyotiga sarmoyalar oqimini oshirishga xizmat qilmoqda.
Milliy va xorijiy mukofotlar
Davlat va boshqaruv organlaridagi ko`p yillik samarali mehnati, mamlakat taraqqiyoti hamda xalq farovonligini yuksaltirishga qo`shgan ulkan hissasi inobatga olinib, Shavkat Mirziyoev “Mehnat shuhrati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.
Bundan tashqari, u bir qator xorijiy davlatlarning nufuzli mukofotlariga ham sazovor bo`lgan. 2017 yil 22 noyabrda Qirg`iziston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan “Danaker” ordeni, 2018 yil 14 martda Qozog`iston Respublikasi Prezidenti qarori bilan “Do`stlik” ordeni, “Seulning faxriy fuqarosi” (Janubiy Koreya, 2018) “Evroosiyoga xizmatlari uchun” mukofoti (Turkiya, 2018) “Toj ordeni” (Tojikiston , 2021) “Aleksandr Nevskiy ordeni” (Rossiya, 2022), “Oltin burgut” ordeni (Qozog`iston, 2024) kabi mukofotlar bilan taqdirlangan. Shuningdek, Shavkat Mirziyoevga Yaponiya Nagoya universitetining faxriy doktori unvoni ham topshirilgan.
Shavkat Mirziyoev o`z faoliyatida O`zbekistonni zamonaviy rivojlanish yo`liga olib chiqish, iqtisodiyotda barqaror o`sish sur`atlarini ta`minlash, aholining turmush sifatini oshirishga qaratilgan keng ko`lamli islohotlarni amalga oshirishga intilib kelmoqda.