Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov 15 iyul kuni o`tkazilgan matbuot anjumanida “Sea Breeze Uzbekistan” loyihasi hali rasman taqdim etilmaganini ma`lum qildi.
“Rasmiy ravishda, loyiha sifatida hali kelgani yo`q. U kelganidan keyin, biz jamoatchilik muhokamasiga qo`yamiz, hamma ko`rsin uni. Qanaqadir berkitib, menimcha, kechasi qo`l qo`yib chiqarib yuboradigan odam ham yo`q respublikada”, — dedi vazir.
Vazirning bu bayonoti jamoatchilikda tanqidiy munosabatlarga sabab bo`ldi. Chunki loyihaga doir ilk ma`lumotlar bir yil avval ochiqlangan va bu orada bir qator amaliy qadamlar tashlangan.
Xususan, 2023 yil 16 dekabr kuni ozarbayjonlik tadbirkor Emin Agalarov “Sea Breeze Uzbekistan” xalqaro turizm markazini Chorvoq suv ombori hududida barpo etish taklifi bilan Prezident Shavkat Mirziyoevga murojaat qilgandi. Prezident taklifni ma`qullab, bosh vazir boshchiligida maxsus komissiya tuzishni ham buyurgan.
Bundan tashqari, shu yil 2 iyul kuni O`zbekiston Prezidentining Ozarbayjonga rasmiy tashrifi doirasida Mirziyoev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliev “Sea Breeze” dam olish majmuasi faoliyati bilan yaqindan tanishgandi.
Demak, rasmiy hujjat rasman taqdim etilmagan bo`lishi mumkin, ammo loyiha allaqachon muhokama qilingan va yo`lga qo`yilgan. Bu holat vazirning “hali loyiha kelmagan” degan bayonoti bilan bo`lib o`tgan voqealarni ko`rmaganga olishga urinishga o`xshaydi yoki vazirimiz bundan xabarsizdek ko`rinmoqda.
Ayni paytda loyiha doirasida Chorvoq atrofida dam olish maskanlari, mehmonxonalar, kottejlar, do`konlar, konsert maydonlari, ko`prik va boshqa infratuzilma qurilishi rejalashtirilmoqda.
Jamoatchilik esa bu hududdagi tabiiy muhit va suv ombori hududi landshaftiga ziyon etishi, erlar xususiylashtirilishi va aholi hayotiga va suv zaxirasiga nisbatan xavf yuzaga kelishidan xavotir bildirmoqda.
Shu bois, mutaxassislar va faollar vazirlikdan faqat bayonotlar emas, balki aniq javobgarlik va faol jamoatchilik ishtiroki asosida amaliy echimlar kutmoqda.