2025 yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko`ra, respublikada uy-joy savdolari o`tgan yilning shu davriga nisbatan o`n foizga oshib, 136 ming 500 xonadonga etgan. Iyun oyining o`zida 21 mingta ko`chmas mulk oldi-sotdi bitimlari ro`yxatdan o`tkazilgan. Bu ham o`tgan yilning shu oyiga nisbatan uch foizdan ko`p. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining O`zbekiston ko`chmas mulk bozoridagi so`nggi o`zgarishlar bo`yicha tahlilida aytilgan.
Hududlar bo`yicha holat
Viloyatlar kesimida ko`chmas mulk bozori barqaror o`sishda davom etmoqda. Eng katta o`sish Jizzax viloyatida 29,9 foiz, Navoiy viloyatida 18,3 foiz va Surxondaryo viloyatida 17,7 foiz qayd etilgan. Ayni paytda Toshkent viloyatida savdo hajmi 2,6 foizga kamaygan.
Ikkilamchi uy-joy bozori
Iyun oyida O`zbekistonda ikkilamchi bozordagi uy-joy narxlari may oyiga nisbatan uncha katta bo`lmagan, uchdan bir foiz atrofida oshgan. Yillik hisobda esa narxlar qariyb ikki foizga ko`tarilgan.
Jizzax viloyatida iyun oyida uy-joy narxlari bir oz pasaygan bo`lsa-da, yil davomida o`sish qariyb o`n ikki foizni tashkil etgan. Surxondaryo, Xorazm, Namangan viloyatlari va Qoraqalpog`iston Respublikasida ham uy-joy narxlari yildan yilga oshib bormoqda.
Toshkentda ikkilamchi uy-joy bozori bir oz sekinlashgan. O`tgan yilga nisbatan narxlar deyarli besh foizga pasaygan. Yangi qurilgan uylar segmentida ham pasayish kuzatilgan, ammo bu faqat ikki foiz atrofida.
Ikkilamchi bozorda eng katta tushish Mirzo Ulug`bek, Yashnobod va Chilonzor tumanlarida qayd etilgan. Yangi qurilgan uylar esa Uchtepa, Yunusobod va Shayxontohur tumanlarida sezilarli arzonlashgan.
Ijara
Toshkent shahrida iyun oyida uy-joy ijara narxlari o`zgarmagan. Hozirda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o`rtacha 8 dollar atrofida.
Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxlari eng yuqoriligicha qolmoqda — bir kvadrat metr uchun o`rtacha 10 dollar.
Yillik hisobda ijara narxlari ikki foizdan ko`proq pasaygan. Eng katta tushish Uchtepa, Yashnobod va Chilonzor tumanlarida kuzatilgan.