23 iyun kuni Jinoyat ishlari bo`yicha Qarshi tuman sudida Rossiya armiyasi safida Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda qatnashgan 59 yoshli O`zbekiston fuqarosi R.D.ga nisbatan sud hukmi o`qildi.
Qayd etilishicha, sudlanuvchi R.D. 2020 yil 27 fevral kuni Moskvaga mavsumiy ishlash maqsadida borib, u erda qasddan odam o`ldirish jinoyatini sodir etganlikda gumon qilinib qo`lga olingan hamda 2021 yil 10 avgust kuni jinoyat ishlari bo`yicha Moskva viloyati Podolskiy shahri sudi tomonidan Rossiya Jinoyat kodeksining 105-moddasida (Qasddan odam o`ldirish) ko`rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Shundan so`ng, R.D. mazkur JIEMda jazo muddatini o`tashi davomida 2022 yil 21 sentyabr kuni Rossiya hududida faoliyat olib borayotgan «Vagner» xususiy harbiy shirkati tomonidan berilgan taklifga asosan Rossiya tarafini olib, Rossiya va Ukraina o`rtasida bo`layotgan jangovar harakatlarda ishtirok etish to`g`risida Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan.
U 2022 yil 21 sentyabrdan 2023 yil 21 martga qadar jangovar harakatlarda ishtirok etgan. 2023 yil 21 mart kuni harbiy harakatlardan ozod etilib, mazkur harbiy harakatlarda namunali ishtirok etganligi evaziga Rossiya prezidentining farmoni bilan sodir etgan jinoyati uchun avf etilgan hamda «Za otvagu» va boshqa turli ko`krak nishonlari bilan taqdirlangan.
R.D. harbiy xizmatni o`tab bo`lgach, 2023 yilning mart oyidan 2025 yilning mart oyiga qadar ishlab pul topish maqsadida Moskvada turli ko`rinishdagi mehnat turlari bilan shug`ullangan. Shundan so`ng, 2025 yil 9 mart kuni Moskva—Samarqand yo`nalishidagi aviareys orqali O`zbekistondagi yashash manziliga qaytib kelib, sodir etgan jinoyati xususida 2025 yil 11 mart kuni DXXning Qashqadaryo viloyati bo`yicha boshqarmasiga ixtiyoriy ravishda pushaymonlik arizasi bilan murojaat qilgan hamda o`zining jangovar harakatlarda ishtirok etganini tasdiqlovchi narsa va hujjatlarni taqdim qilgan.
Sudlanuvchi R.D. sud majlisida aybiga to`liq iqrorlik bildirgan.
Sudlanuvchi hikoyasi
“Rossiyaga mavsumiy ishlash maqsadida 2013 yildan buyon borib kelaman, oxirgi marotaba 2020 yil 27 fevral kuni Rossiyaning Moskva shahriga borganman. Moskva shahriga borganimdan so`ng qurilish ishlarida ishlab, karantin boshlangani sababli yashash manzilimga qayta olmaganman.
2021 yilning sentyabr oylarida Podolsk tumanida qurilishda ishlab yurgan vaqtimda uch nafar Navoiy viloyatida yashovchi shaxslar bilan qurilish firmasiga tegishli vagon ko`rinishidagi yotoqxonada birga yashab kelganman.
Yotoqxonada spirtli ichimlik iste`mol qilib kelgan sherigim bilan o`zaro janjallashib qolgandik. O`shanda jahl ustida o`zimni himoya qilish maqsadida Nazar ismli kishining ko`krak qismiga pichoq sanchib olganman. Oqibatida u olgan tan jarohati sababli vafot etgan. Sodir qilgan jinoyatim yuzasidan menga nisbatan 2021 yil 10 avgust kuni Podolsk shahar jinoyat ishlari bo`yicha sudi tomonidan 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Jazoni Saransk viloyati, Mordoviya shahrida joylashgan IK-7-sonli umumiy tartibli jazoni o`tash muassasasida o`tab kelganman.
2022 yil 18 sentyabr kuni «Vagner» xususiy harbiy shirkati mas`ul shaxslari jazoni o`tash muassasasiga kelib, unga har oyda 100 000 rubl miqdorida oylik maosh va Rossiya fuqaroligi berilishini, shuningdek, unga tayinlangan jazoni o`tamasligini va`da qilishgan.
Ularning taklifiga rozi bo`lib, 2022 yil 21 sentyabrdan 2023 yil 21 martga qadar Ukrainadagi jangovar harakatlarda Rossiya tarafini olib ishtirok etdim. 2025 yil 9 mart kuni Vnukovo-Samarqand yo`nalishidagi samolyot orqali uchib uyiga qaytib keldim” deydi u sudda.
Hukm qanday bo`ldi?
Sudda guvoh sifatida qatnashgan ayblanuvchining o`g`li otasi 2020 yilning fevral oyida ishlash maqsadida Rossiyaga ketgach, 2021 yilda qamalgani, 2023 yilning mart oyida ozodlikka chiqqani haqida ularni xabardor qilganini aytdi. Ammo jangovar harakatlarda ishtirok etganini uyga qaytib kelganidan keyin ma`lum bo`lganini ta`kidladi.
Sud R.D.ni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) bilan aybli deb topdi va unga nisbatan 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.