“Rossiya kommunistlari” partiyasi Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustinga Rossiyaga “dushman” mamlakatlar taomlarini taklif qiluvchi umumiy ovqatlanish korxonalariga soliq joriy etishni taklif qilmoqchi. Bu haqda partiya raisi Sergey Malinkovich kecha, 16 iyul kuni “Abzas” nashrida chop etilgan intervyusida aytib o`tdi.
“Rossiyaga dushman bo`lgan mamlakatlar oshxonasini targ`ib qilish noto`g`ri. Axir bu davlatlar rus restoranlarini rivojlantirishga yordam bermaydi va ularda (rus restoranlari) deyarli yo`q”, deb hisoblaydi Malinkovich.
Unga ko`ra, birinchi bo`lib italyan, fransuz, janubiy koreya, yapon, ispan va nemis taomlari sotiladigan restoranlar “obro`sizlanadi”.
“Masalan, Fransiya, Germaniya, Italiya bizga faol qarshilik ko`rsatmoqda. Yaponiya uzoq vaqtdan beri bizning hududlarimizni qo`lga kiritmoqchi edi. Shuning uchun bu mamlakatlardan keladigan taomlar uchun 12 foiz qo`shimcha soliq bo`lishi kerak. Qolganlari uchun biz 10 foizdan boshlashimiz mumkin”, deb hisoblaydi siyosatchi.
Ommaviy axborot vositalari, bu, masalan, sushi va pissa restoranlariga ta`sir qiladi, deb hisoblaydi. Bundan tashqari, Malinkovich Rossiyaning so`nggi oylarda munosabatlari yomonlashgan Turkiya va Ozarbayjon oshxonasiga ega muassasalarga e`tibor qaratishga chaqiradi.
Ammo u Rossiyaning “do`stlari” bo`lgan mamlakatlar oshxonasiga “tegmaslikni” tavsiya qiladi. “Kommunistik Rossiya” partiyasi rahbariga ko`ra, bular Belarus, Lotin Amerikasi davlatlari, Vetnam, O`zbekiston, Shimoliy Koreya, shuningdek, arab davlatlarini o`z ichiga oladi.
Eslatib o`tamiz, Moskva do`stona emas deb hisoblagan davlatlar ro`yxatiga hozirda 49 ta davlat kiritilgan. Ular orasida, xususan, Evropa Ittifoqi mamlakatlari (Slovakiya va Vengriyadan tashqari), shuningdek, AQSh, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Ukraina, Shveysariya va Chernogoriya bor.