O`zbekistonda so`mdagi kredit stavkalari bir oyda 0,6 foiz ko`tarildi. Bu haqda Markaziy bank ma`lum qildi.
Aholiga ajratilgan o`rtacha kredit stavkalari
Joriy yil iyun oyida O`zbekiston banklarida aholiga ajratilgan o`rtacha kredit stavkalari 23,7 foizi tashkil etdi. May oyida stavkalar 23,1 foiz edi. Aprelda esa undan ham pastroq — 22,9 foiz.
Biroq yillik hisobda kredit foizlarida pasayish kuzatilganini ko`rish mumkin. 2024 yil iyunda aholiga kreditlar o`rtacha 24,6 foizdan berilgan. Yil davomida eng yuqori foiz dekabrda kuzatilgan bo`lib, o`rtacha 24,9 foizgacha etgan.
2025 yil iyunda korxonalar uchun ajratilgan kreditlar stavkalari 22,8 foiz bo`lgan (2024 yil iyunda 22,7 foiz). May oyida 22,6 foiz edi.
Xorijiy valyutadagi kredit stavkalari
O`tgan oyda chet el valyutasidagi qisqa muddatli kreditlar stavkalari o`rtacha 10 foizni, uzoq muddatlilari 9,7 foizni tashkil etdi. May oyida kam vaqtga berilgan qarzlar 10,3 foiz, nisbatan ko`p muddatga ajratilgan kreditlar 9,4 foiz edi.
Bir yil ilgari qisqa muddatli xorijiy valyutadagi kreditlar 10,2 foiz, uzoq muddatga ajratilganlari 9,5 foiz bo`lgan. O`tgan yili sentyabrda qisqa muddatga ajratilgan kreditlar stavkalari o`rtacha 11,4 foizgacha etgan.
Omonat stavkalari qancha?
Joriy yil iyunda aholi uchun so`mdagi depozitlar stavkalari 21,4 foizni, yuridik shaxslar uchun 17,9 foizni tashkil etdi.
2024 yil iyunida depozitlar stavkalari fuqarolarga o`rtacha 22 foiz, korxonalarga 17,9 foizdan to`g`ri kelgan. Umuman olganda, aholi o`tgan yil iyundan 2025 yil apreligacha banklarga 22 va undan yuqori foizlarda depozit joylash imkoniga ega bo`lgan. Depozit stavkalari aprelda 21,6 foizga, mayda 21,5 foizga tushgan.
Shu yilning iyunida chet el valyutasidagi depozitlar stavkalari jismoniy shaxslarga 4,8 foiz, yuridik shaxslarga 4,2 foiz bo`lgan. Bir yil ilgari aholi banklarga o`rtacha 5,8 foizdan, korxonalar 5,4 foizdan omonat qo`ygan.