O`zbekistonda jazirama oqibatida kelib chiqayotgan ortiqcha o`limlar: Vaziyat yanada jiddiylashishi mumkin

16.07.2025 15:35

O`zbekistonda jazirama issiq bilan bog`liq ortiqcha o`limlar barcha yosh guruhlari uchun yiliga har 100 ming kishiga 19 tadan 21 tagacha o`lim holatini tashkil etmoqda. Bu haqda Jahon banki tadqiqotida so`z boradi.

Jaziramaning insonlar hayoti va iqtisodiyotga zararli ta`siri

Tadqiqotda Evropa va Markaziy Osiyo mintaqasining (EMO) 70 ta shahrida, jumladan, O`zbekiston, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston, Turkmanistonda jaziramaning insonlar hayoti va iqtisodiyotga zararli ta`siri haqida faktlar keltirilgan.

Xususan, Ashxobodda yuqorida aytilgan o`limlar 100 000 kishiga 25−28 holatni tashkil qiladi. Ostona va Bishkekda, Toshkentda bo`lgani kabi, 19−21 ta o`lim orasida.

2090 yilga kelib, Markaziy Osiyoning bir qancha yirik shaharlarida, jumladan, Ostona va Toshkentda havoning issiqligi tufayli umumiy o`lim yiliga 10 000 dan 23 000 gacha etishi mumkin.

Ish o`rinlarining yo`qolishi

Qayd etilishicha, 2023 yilda EMO mintaqasida havo haroratining ko`tarilishi 87 000 dan ortiq to`liq bandlik ish o`rinlarining yo`qolishiga olib kelgan. Ulardan 22 mingdan ortig`i O`zbekistonda va 18 mingga yaqini Ozarbayjonda.

2050 yilga borib mintaqaning to`qqizta shahri, jumladan, Ashxobodda issiqlik tufayli yillik iqtisodiy yo`qotishlar yalpi ichki mahsulotning 2 foizidan oshishi mumkin.

Qirg`izistonda ekstremal harorat har yili 200 km ga yaqin yo`llarning shikastlanishiga olib keladi, bu esa ta`mirlash uchun katta xarajatlarni keltirib chiqaradi va transport infratuzilmasiga bog`liq bo`lgan iqtisodiy faoliyatni izdan chiqaradi, deyiladi o`rganishlarda.

Qanday takliflar bor?

Tadqiqotda EMO shaharlari harorat ko`tarilishining salbiy oqibatlarini yumshatish uchun hozirdanoq amalga oshirishi mumkin bo`lgan chora-tadbirlar taklif etilgan.

Ular shaharlarda «yashil» hududlar va soyali maydonlarni ko`paytirish uchun daraxtlar ekish, binolarni passiv sovitish uchun modernizasiya qilish, aholini erta ogohlantirish tizimlarini yaratish va sog`liqni saqlash tizimlari faoliyatini yaxshilash, «sovitish» markazlarini tashkil etish, issiqlikka chidamli materiallardan foydalanish, shuningdek, shahar infratuzilmasini rejalashtirishda ob-havo anomaliyalarini hisobga olishni o`z ichiga oladi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар