43 mlrd so`mlik davlat xaridlarida raqobatga zid harakatlar aniqlandi

16.07.2025 11:24

Raqobat qo`mitasi tomonidan 43,0 mlrd so`mga yaqin davlat xaridlarida raqobatga zid harakatlar aniqlandi. Natijada ularning buyurtmachilar tomonidan bekor qilinishi ta`minlandi.

Andijon viloyati

Andijon viloyati Ijtimoiy qo`llab-quvvatlash markazi (11,0 mln so`m) tomonidan "Choyshab va ko`rpa xaridi" bo`yicha o`tkazilgan tanlovda ishtirokchilar noxolis baholangani aniqlangan. O`rganish davomida tanlov savdosi buyurtmachi tomonidan ixtiyoriy ravishda bekor qilindi.

Jizzax viloyati

Viloyat futbol akademiyasi (1 760,0 mln so`m) tomonidan “Autsorsing xizmati bo`yicha” o`tkazilgan tanlovda raqobatni cheklovchi talablar belgilanganligi aniqlangan. Qonunbuzilish holatlari buyurtmachi tomonidan savdoni bekor qilish orqali ixtiyoriy ravishda bartaraf etilganligi bois qo`zg`atilgan ishni qo`rib chiqish tugatildi.

Qashqadaryo viloyati

Qamashi tuman obodonlashtirish boshqarmasi (1 148,0 mln so`m) tomonidan "Avtogreyder xaridi" bo`yicha o`tkazilgan tanlovda baholash mezonlari yo`qligi va ishtirokchilar noxolis baholanganligi holatlari kuzatilgan. O`rganish davomida ushbu tanlov buyurtmachi tomonidan ixtiyoriy ravishda bekor qilinishiga erishildi.

Samarqand viloyati

8 ta davlat buyurtmachilari (Paxtachi tuman obodonlashtirish boshqarmasi, "SAMARQAND AVTOMOBIL ZAVODI" MChJ, Narpay tuman ixtisoslashtirilgan maktab, Samarqand HUJFK, Paxtachi tuman maktabgacha va maktab ta`limi bo`limi, "O`zyo`lko`prik" klasterining Samarqand filiali, "Ozodlik" DM, Paxtachi tuman 2-son kasb-hunar maktabi va Bulung`ur tuman maktabgacha va maktab ta`limi bo`limi) tomonidan o`tkazilgan 12,4 mlrd so`mlik tanlovlarda raqobat qonunchiligiga zid holatlar aniqlandi. O`rganish davomida ushbu tanlov savdolari buyurtmachilar tomonidan ixtiyoriy ravishda bekor qilinib, qonunbuzilish holatlari bartaraf etilishiga erishildi.

Xorazm viloyati

Bog`ot tumanidagi ixtisoslashtirilgan sport maktab-internati (1 438,0 mln so`m), Urganch tumani hokimligi (43,7 mln so`m) va Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali (29,8 mln so`m) tomonidan o`tkazilgan tanlovlarda raqobat qonunchiligiga zid holatlar aniqlanib, hududiy boshqarmaning ogohlantirish xatlariga asosan ushbu tanlov savdolari buyurtmachilar tomonidan ixtiyoriy ravishda bekor qilinishiga erishildi.

Toshkent shahri

“Texnik me`yorlash instituti”, “Uzbekistan Airways” AJ, “Xalq banki” ATB, "Biznesni rivojlantirish banki" ATB, “FK Bunyodkor” MChJ, “Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi AT markazi” kabi o`ndan ortiq davlat buyurtmachilari tomonidan o`tkazilgan umumiy boshlang`ich narxi 25 731,4 mln. so`m bo`lgan tanlov (tender) savdolarida raqobatga zid holatlar kuzatildi.

Hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan mazkur buyurtmachilarga nisbatan ishlar qo`zg`atilib, ularni ko`rib chiqish davrida buyurtmachilar tomonidan savdolarni bekor qilinishiga erishildi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар