O`zbekistonda bir yillik elektromobillar sotuvi hajmi 62,6 foizga oshdi

16.07.2025 10:41

Mamlakatda bir yillik elektromobillar sotuvi hajmi 62,6 foizga oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida qayd etilgan.

Avtomobil bozoridagi vaziyat

Joriy yil boshidan beri O`zbekiston avtomobil bozorida barqaror faollik saqlanmoqda. Iyun oyida engil avtomobillar savdosi hajmi maydagidan 3 foizdan ko`proq oshdi.

Yanvar—iyun oylarida engil avtomobillar savdosi taxminan 446 ming donadan iborat bo`ldi. Bu 2024 yil mos davriga nisbatan 23 foizga kam.

“Bunday pasayish, asosan, savdolarning katta qismi to`g`ri keladigan ikkilamchi bozordagi faollikning susayishi bilan izohlanadi. Mazkur omil umumiy bozor faoliyati pasayishining asosiy sababi bo`ldi”, deyiladi tahlilda.

Birlamchi avtomobil bozoridagi vaziyat

Iyunda birlamchi engil avtomobillar savdosi maydagiga nisbatan 2,6 mingtaga (10 foizdan ortiq) o`sdi. Bir oy davomida 23,7 ming dona mahalliy ishlab chiqarilgan yangi engil avtomobillar sotildi. Bu ko`rsatkich maydagiga qaraganda 15,6 foiz ko`p.

Yangi va xorijda ishlab chiqarilgan engil avtomobillar segmentida salbiy dinamika kuzatildi. Iyundagi savdo hajmi taxminan 4 ming donani tashkil etib, maydagiga nisbatan 12,6 foizga kamaydi.

Ikkilamchi avtomobil bozori

Markaz tahliliga ko`ra, o`tgan oyda 52 ming donadan ortiq foydalanilgan engil avtomobillar sotilgan. Mazkur raqam maydagiga nisbatan 0,4 foizga kam. Umuman olganda, ikkilamchi bozorda yillik o`sish 1,3 foizni tashkil etgan.

Elektromobil bozoridagi vaziyat

Iyun oyida 5,1 ming dona engil elektromobillar sotildi. Bu maydagiga qaraganda 1,7 foizga kam. Oylik savdolar bir oz kamayishga qaramay, yillik ko`rsatkichlarda bozor barqaror dinamikani namoyon etmoqda.

Joriy yil birinchi yarimida sotilgan elektromobillar soni 28,8 ming donaga etdi. Mazkur ko`rsatkich 2024 yil mos davridagiga nisbatan 62,6 foizga ko`p. Elektromobillar savdosining eng katta o`sishi Sirdaryo, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida qayd etilgan.

2025 yil 1 aprel holatiga ko`ra, O`zbekistonda jami 65,2 mingta elektromobil ro`yxatga olingan. Toshkent shahri (49,7 mingta) elektromobillar soni bo`yicha peshqadam bo`lib qolmoqda. Eng kam elektromobillar Surxondaryo viloyatida — 198 dona.

Avtomobil bozori kutilmalari

Amerikaning Boston Consulting Group kompaniyasi prognozlariga ko`ra, O`zbekiston avtomobil bozori 2030 yilgacha har yili o`rtacha 6 foizga o`sadi. Mamlakat avtomobil sektori yaqin 3–5 yilda rivojlanishiga quyidagi uch asosiy tendensiya ta`sir qiladi:

elektromobillar va gibrid avtomobillar (XEV) savdosining oshishi;
yanada yuqori toifadagi (premium) modellarga o`tish;
SUV (yo`l va yo`ldan tashqari — off-road haydov uchun mo`ljallangan) modellarga bo`lgan barqaror xaridorlar talabi.

Shu bilan birga, avtomobil bozori rivojida mamlakat iqtisodiy o`sish sur`ati, valyuta kursi va Markaziy bank asosiy stavkasi hal qiluvchi rol o`ynashi ta`kidlangan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар