Yana bir guruh fuqarolar uy sotib olish yo`lida aldandi

15.07.2025 18:09

Bir guruh fuqarolar uy sotib olish maqsadida Toshkent shahri Olmazor tumanidagi "Chilto`g`on" mahallasi, “Usta Olim” 2-berk ko`chasidagi qurilish ishlari olib borilayotgan uylar uchun "Strong cities" MChJga to`lov qilib aldangan. Ushbu holatga Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlardan so`ng aniqlik kiritdi. 

Xabarga ko`ra, "Strong cities" MChJ tomonidan yuqorida keltirilgan ob`ektlarning qurilishi bo`yicha qonunchilikda belgilangan tartibda zarur ruxsatnoma va hujjatlar olinmagan.

Shuningdek, arxitektura-rejalashtirish topshirig`i ishlab chiqilmagan va loyiha-smeta hujjatlari Toshkent shahar Qurilish boshqarmasi bilan kelishilmagan. Ob`ektda faqat er uchun kadastr hujjatlari mavjudligi, qurilish va montaj ishlarini amalga oshirish uchun esa zarur hujjatlar yo`qligi aniqlangan. Shu sababli belgilangan tartibda ogohlantirish xati yuborilib, qurilish va montaj ishlari to`xtatilgan.

Ob`ekt seysmik xavfsizlik talablariga javob bermagani bois, quruvchi tashkilot tomonidan o`z ixtiyori asosida demontaj ishlari amalga oshirilgan.

Loyiha-smeta va boshqa tegishli texnik hujjatlar qayta ko`rib chiqilib, to`liq rasmiylashtirilgan holda qurilish ishlarini belgilangan tartibda davom ettirilishi quruvchi tashkilot vakillari tomonidan ta`kidlangan.

Ammo muammo hali hal bo`lmagan. Fuqarolar to`lagan pullari nima bo`lishi noma`lumligicha qolmoqda, "Strong cities" MChJning bu noqonuniy harakati uchun biror chora ko`rildimi, yo`qmi bu haqida ham manbada biror ma`lumot berilmagan. Hatto qurilishning qachon davom ettirilishi haqida ham aniq vaqt keltirilmagan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар