Instagram’da trend, bola ruhiyati uchun esa jarohat: Labubu o`yinchoqlarining psixikaga zarari haqida

30.06.2025 17:38


So`nggi vaqtlarda dunyoda va asta-sekin O`zbekistonda ham Labubu nomli o`yinchoqlarga bo`lgan qiziqish ortib bormoqda. Ko`rinishidan u shunchaki “yumshoq o`yinchoq”, ammo mutaxassislar fikricha, bu o`yinchoq bolaning ruhiy holati, kechinmalari va xatti-harakatlariga bevosita ta`sir ko`rsatishi mumkin. Psixologlar Labubu o`yinchoqlari orqali bolalarning xayoliy va real olamni aralashtirib yuborishi, agressivlik va qo`rquv hissi ortayotgani haqida jiddiy ogohlantirmoqda.

Butun dunyo izidan quvayotgan Labubu tarixi

Labubu o`yinchoqlari o`zining tishli hayvonchalarni eslatuvchi g`ayrioddiy ko`rinishi bilan ajralib turadi. Ularning asosiy xususiyati — blind box ekanligi, ya`ni xaridor qutini ochmaguncha qaysi figuracha chiqishini bilmasligidadir. O`yinchoq narxlari ham arzon emas: bir dona Labubu taxminan 65 dollar, blind box qutisi esa 120 dollar turadi.



Bunday muvaffaqiyatdan so`ng, Labubu ishlab chiqaruvchi PopMart kompaniyasi asoschisi Van Nin Xitoyning eng boy odamlaridan biriga va mamlakatdagi eng yosh milliarderga aylandi. U atigi 38 yoshda va uning boyligi 22,7 milliard dollarga etdi.

Labubu qahramoni ilk bor 2015 yilda “Maxluqlar” nomli grafik romanda paydo bo`lgan. Ammo bu o`yinchoqlar taniqli insonlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda ko`z-ko`z qilinganidan keyingina ommalashdi.

Bunday o`yinchoqlarning oddiy versiyasi 10–30 dollar atrofida turadi, ammo siz noyob Labubuni topib olsangiz, uning narxi bir necha barobarga oshadi. Ko`plab kolleksionerlar va trendlarga amal qiluvchilar bunday qutilarni ulgurji tarzda xarid qilishadi va kamyob modellar ortidan quvadi. 

Bolalar ruhiyatiga qanday ta`sir qilmoqda?

Ijtimoiy tarmoqlar, blogerlar va norasmiy onlayn do`konlar orqali Labubu o`yinchog`i bolalar orasida tobora ommalashib bormoqda. Avval kolleksionerlar va kattalar uchun mo`ljallangan deb hisoblangan ushbu personaj endilikda ko`plab yosh bolalarning qo`lida, sumkasidan osilib turibdi. 

Bir qarashda beg`ubor ko`ringan ushbu “makluqcha” aslida bola psixologiyasi uchun xavfli bo`lishi mumkin. Chunki bola uchun o`yinchoq – u bilan muloqot quroli, his-tuyg`uni ifoda etish vositasi, atrof-muhitni tushunishga xizmat qiluvchi tarbiyaviy elementdir. 

Psixologlar ta`kidlashicha, Labubu kabi g`alati, ba`zan jahlli va hatto qo`rqinchli ko`rinishdagi o`yinchoqlar bolaning ongida noto`g`ri tasavvur va salbiy his-tuyg`ularni shakllantirishi mumkin. Ayniqsa, 3 yoshdan 7 yoshgacha bo`lgan bolalar uchun bu o`yinchoqning tasviri, yuz ifodasi, agressiv detallari jiddiy ta`sir ko`rsatadi.

Quyida mutaxassislar tomonidan qayd etilgan asosiy xavflar bilan tanishishingiz mumkin.

1. Agressiyani keltirib chiqaradi

Amerikalik psixolog Albert Bandura tomonidan o`tkazilgan tajribalarga ko`ra, bolalar ko`rgan xatti-harakatlarni behosdan takrorlaydi. Labubu o`yinchoqlarining yuz ifodasi – o`tkir tishlar, jahl aralash ko`zlar – bolada agressivlikni “norma” sifatida qabul qilishga sabab bo`ladi. Masalan, bir bolaning bu o`yinchoq bilan o`ynagandan so`ng bog`chada boshqa bolalarni tishlay boshlagani qayd etilgan.

2. Xayol va haqiqat chegarasi buziladi

6–7 yoshgacha bo`lgan bolalar uchun real va fantastik olam o`rtasidagi farq tushunarsiz. Labubu esa aynan shu yoshdagi bolalarda kechasi uyg`onib ketish, yolg`izlikdan qo`rqish, asossiz xavotir kabi muammolarni yuzaga keltirishi mumkin.

3. Xavfsizlik hissi yo`qoladi

Psixolog Donald Vinnikott ta`kidlaganidek, yumshoq o`yinchoq bolaning psixologik tayanchi bo`lishi kerak. Masalan, oddiy ayiqcha uni tinchlantiradi, Labubu esa aksincha – mimikasi orqali qo`rquv hissini uyg`otadi.

4. Salbiy xatti-harakatlar shakllanishi

Bolalar o`yin orqali turli ijtimoiy rollarni sinab ko`rishadi. Mehribon, do`stona personajlar bilan o`ynagan bola ko`proq ijobiy tuyg`ularni singdiradi. Ammo Labubu kabi “yirtqich” obrazlar bolaning tasavvurini ham zo`ravonlikka yaqinlashtiradi.

Nima qilish kerak?

Psixologlar va pedagoglarning tavsiyasiga ko`ra, quyidagi choralarga rioya qilish zarur:

Labubu kabi salbiy mimikali o`yinchoqlar o`rniga mehribon chehrali, oddiy yumshoq o`yinchoqlar tanlansin;

Bola uchun rivojlantiruvchi konstruktorlar, pazllar, LEGO kabi o`yinchoqlar afzal;

Ota-onalar bolaga har qanday o`yinchoqni olib berishdan avval uning ko`rinishi, ma`nosi, psixologik ta`siri haqida o`ylab ko`rishlari lozim;

Bolaning o`yinlaridagi xatti-harakatini kuzatib boring: tasodifiy o`zgarishlar, zo`ravonlikka moyillik sezilsa, mutaxassisga murojaat qiling.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар