Migrasiya agentligi ma`lumotlariga ko`ra, hozirgi kunda chet elda vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan o`zbekistonliklar soni 1,3 milliondan ortiqni tashkil etadi. Ularning salmoqli qismi, ya`ni 600 ming nafari Rossiya Federasiyasida ishlamoqda.
Chet elda ishlayotgan fuqarolarning aksariyati oilasining asosiy daromad manbai bo`lib, ularning yuborayotgan pul o`tkazmalari O`zbekiston iqtisodiyotining muhim tarkibiy qismlaridan biri sifatida qaralmoqda. Biroq, so`nggi yillarda Rossiyada mehnat migrantlariga, xususan, O`zbekiston fuqarolariga nisbatan qo`yilayotgan huquqiy va byurokratik talablar sezilarli darajada kuchaygani kuzatilmoqda. Jumladan, patent olish tartibining murakkabligi va narxi har yili oshib borayotgani, migrasion nazoratning kuchaytirilishi, rus tilini bilish va test topshirish majburiyati bu jarayonni yanada murakkablashtirmoqda.
Mazkur holat mehnat migrantlari huquqlarining ta`minlanishi, ularning ijtimoiy himoyasi va mehnat sharoitlariga oid muammolarni chuqur o`rganishni va tegishli choralar ko`rishni talab etadi.
O`zbekiston fuqarolarining Rossiyaga borishni tanlashida bir qancha muhim omillar rol o`ynamoqda. Avvalo, mamlakat ichidagi mehnat bozorining chegaralanganligi asosiy sabablar qatoriga kiradi. So`nggi yillarda O`zbekiston aholisi tez sur`atlarda o`sib bormoqda — 2025 yil boshidagi ma`lumotlarga ko`ra, aholining umumiy soni 37 milliondan oshgan bo`lib, shundan taxminan 56 foiz yoki 20 millionga yaqin fuqarolar mehnatga layoqatli hisoblanadi. Ammo, ichki mehnat bozorida barqaror va keng ko`lamli ish o`rinlari etishmasligi oqibatida ishsizlik darajasi 6,8 foiz atrofida saqlanib qolmoqda. Mutaxassislar esa, yashirin ishsizlik va norasmiy ish bilan bandlikni hisobga olganda, bu ko`rsatkich 8–9 foizga etishi mumkinligini ta`kidlamoqdalar.
Shuningdek, ayni paytda viloyatlarda yoshlar va bitiruvchilar ko`p bo`lishiga qaramay, ularning o`z hududlarida mutaxassisliklari bo`yicha ish topish imkoniyati cheklangan. Oqibatda ko`plab fuqarolar Rossiya kabi xorijiy davlatlarda qurilish, xizmat ko`rsatish, ishlab chiqarish va boshqa sohalarda ishlashni afzal ko`rmoqda.
Ikkinchi muhim omil — Rossiyada taklif etilayotgan ish haqining O`zbekistondagiga nisbatan ancha yuqori bo`lishidadir. 2025 yil birinchi choragi uchun O`zbekiston Respublikasi Statistika agentligi ma`lumotlariga ko`ra, mamlakatda o`rtacha oylik ish haqi 5,8 million so`mni (taxminan 420–440 AQSh dollari) tashkil qilmoqda. Toshkent shahrida esa bu ko`rsatkich 9 million so`mdan oshib, 700 dollarga yaqinlashgan.
Shu bilan birga, Rossiya Federasiyasi Davlat statistika xizmatining (Rosstat) 2025 yil yanvar–mart oylari holatiga bergan ma`lumotlariga ko`ra, mamlakatdagi o`rtacha ish haqi 97 600 rubl atrofida bo`lgan bo`lib, bu taxminan 1100–1200 AQSh dollarini tashkil qiladi.
Ayniqsa, qurilish, logistika xizmatlari va umumiy ovqatlanish sohalarida faoliyat yuritayotgan migrantlar o`rtacha 800–1000 dollar atrofida daromad olishlari mumkin. Masalan, Moskvada yuk tashuvchilar, oshpaz yordamchilari yoki kurerlar oyiga 80000–90000 rubl (ya`ni 900–1050 dollar) miqdorida maosh olishadi. Bu esa O`zbekistondagi shu turdagi ish haqlari bilan taqqoslaganda kamida ikki barobar yuqori ekanini ko`rsatadi.
Shu jihatdan, yuqori daromad omili Rossiyada ishlashni tanlayotgan o`zbekistonliklar uchun asosiy iqtisodiy rag`batlardan biri bo`lib qolmoqda. Shu tarzda, O`zbekistondagi ish o`rinlarining etishmasligi va Rossiyadagi yuqori daromad imkoniyatlari birgalikda O`zbekiston fuqarolarining mehnat migrasiyasini kuchaytiruvchi asosiy omillardir.
Rossiya tomonidan o`zbek migrantlariga qo`yilgan yangi talablar
Joriy yilning 30 iyun kunidan boshlab Rossiya bilan vizasiz rejimda bo`lgan mamlakat fuqarolari Rossiyaga kirishidan oldin elektron ariza qoldirishi shart bo`lib, buni amalga oshirmaganlar mamlakat hududiga kirolmasligi belgilandi. Aynan o`sha kundan boshlab, ya`ni 30 iyundan Rossiyaga xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarning kirish va chiqish tartibini sinovdan o`tkazish bo`yicha tajribaning ikkinchi bosqichi boshlangan.
Bu tajriba Rossiya hukumatining 2024 yil 7 noyabrdagi qaroriga muvofiq amalga oshirilishi ta`kidlangan.
Shuningdek, vizasiz tartibda Rossiyaga kirish uchun xorijiy fuqarolar (shu jumladan, voyaga etmagan yoki muomalaga layoqatsiz shaxslarning qonuniy vakillari) sayohat rejasidan kamida 72 soat oldin Rossiyaga kirish haqida elektron ariza to`ldirishlari shart bo`lgan.
Agar kirish uchun zudlik bilan zarurat mavjud bo`lsa (masalan, shoshilinch davolanish zarurati, yaqin qarindoshning og`ir kasalligi yoki o`limi), ariza safardan kamida 4 soat oldin topshirilishiga ruxsat berilgan.
Migrantlar uchun raqamli profil tizimi joriy etiladi
Joriy yil 30 iyundan boshlab Rossiya Federasiyasida migrantlar uchun raqamli profil tizimi joriy etildi. Yangi tizim doirasida har bir migrantga yagona identifikator beriladi. Mazkur raqamli profildan kelgusida qog`oz shaklidagi patent hujjatiga alternativ sifatida foydalanilishi mumkin.
Mamlakat bosh vaziri Mixail Mishustinga ko`ra, migrasiya siyosati o`ta murakkab va nozik masala bo`lib, unda turli ijtimoiy, iqtisodiy va xavfsizlik omillari o`zaro bog`liq holda namoyon bo`ladi. Xususan, noqonuniy migrasiyaning yuqori darajada ekanligi mamlakatda jamiyat barqarorligi va xavfsizligiga tahdid solayotgani qayd etilgan.
Rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, hozirda taxminan 640 ming xorijlik Rossiya hududida noqonuniy ravishda yashab kelmoqda va ular maxsus reestrga kiritilgan.
Aytish kerakki, raqamli profil loyihasi Rossiyada migrantlar masalasida ko`rilayotgan yagona tashabbus emas. Joriy yil 25 mart kuni LDPR partiyasidan bir guruh deputatlar Davlat Dumasiga migrantlar uchun majburiy maqsadli patent joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini taqdim etgani ma`lum qilindi.
Sankt-Peterburgda millati aniqlanadigan kameralar o`rnatilmoqda
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida 8 mingta kuzatuv kamerasi odamlarning millatini aniqlay oladigan qilib sozlanadi.
Ma`lumotlarga ko`ra, rasmiylar bu kameralar orqali migrantlarni va ular ko`p yashaydigan hududlarni kuzatmoqchi bo`lgan. Prezident huzuridagi Inson huquqlari kengashi esa bu rejani tanqid qilib, “odam sha`nini tahqirlovchi” deb atagan.
Bu tashabbus haqida shahar hokimiyatidagi Millatlararo munosabatlar qo`mitasi rahbari Oleg Kapitanov axborot berib, “Xavfsiz shahar” tizimining yangi imkoniyatlaridan biri — millatni aniqlash funksiyasi haqida gapirgan. Unga ko`ra, bu funksiya etnik guruhlar alohida joylashib qolishining oldini olish va ijtimoiy tanglik yuzaga kelmasligi uchun mo`ljallangan.
Kapitanov millatni aniqlay oladigan dasturiy ta`minot uchun shartnoma tuzilganini ham ma`lum qilgan. Ma`lumotga ko`ra, bu ishlar uchun 38,4 million rubl sarflangan. 2024 yilda shahar aholisining atigi 43 foizi millatlararo munosabatlarni ijobiy baholagan. Bu raqam hokimiyat kutgan 62 foizdan ancha past.
Shu yig`ilishda davlat dumasi deputati Mixail Romanov migrant-kurerlar piyodalar yo`laklarida elektrovelosipedlarda odamlarni urib ketayapti, deb shikoyat qilgan.
Sankt-Peterburg shahar axborot texnologiyalari qo`mitasi esa “Xavfsiz shahar” loyihasi doirasida millatni aniqlash dasturiy ta`minoti uchun lisenziya 2024 yil oxirida sotib olinganini tasdiqlagan.
Qo`mita bu tizim ommaviy tadbirlarda tartibni saqlash, xavfsizlikni ta`minlash va turli tillarda so`zlashadigan xodimlarni to`g`ri jalb qilish uchun foydali bo`lishini aytgan.
Inson huquqlari kengashi rahbari Valeriy Fadeev esa bu tizimni tanqid qilib, “Bu kabi murakkab texnologiyalar nega kerak? Shahar hokimiyati qaerda qaysi millat ko`proq yashashini allaqachon biladi-ku”, degan.
MDH mamlakatlari instituti rahbari o`rinbosari Aleksandr Dokuchaev esa bu texnologiya “masalan, qozoqni yakutdan qanday ajratadi?” degan savolni qo`ygan. U bu g`oyani “g`alati” deb atagan va u millatlar o`rtasida ziddiyatni kuchaytirishi mumkinligini aytgan.
Valeriy Fadeev kameralar orqali millatni aniqlash g`oyasini “odam sha`nini kamsituvchi” deb baholagan. “Rossiya pasportida ham millat yozilmaydi. Endi esa videokamera odamning millatini aniqlaydi, deyishyapti”, degan u.
Rossiyada o`zbekistonlik migrantlar yuborayotgan pullarga soliq solinishi mumkin
Joriy yilning 3 fevral kuni “Spravedlivaya Rossiya — Za pravdu” partiyasi rahbari Sergey Mironov Rossiyada migrantlarning o`z yurtiga pul o`tkazmalari uchun 3 foizlik soliq joriy etilishi taklifi bilan chiqqan.
Mironovning aytishicha, faqat O`zbekiston va Qirg`iziston fuqarolarining o`tkazmalari hisobiga ham Rossiya byudjeti yiliga 45 milliard rubl daromad olishi mumkin bo`ladi.
“Bu juda katta miqdordagi pul. Faqat O`zbekiston va Qirg`izistonga yuborilayotgan mablag`larni hisobga olsak ham, soliq joriy etilishi orqali yiliga 45 milliard rubl davlat byudjetida qoladi”, — degan u.
Deputatning hisob-kitoblariga ko`ra, boshqa davlat fuqarolari ham Rossiyadan yiliga umumiy hisobda 25 milliard dollar olib chiqib ketishmoqda.
“Bu migrantlar orasida Rossiyaga o`rnini bosib bo`lmaydigan mutaxassislar ham bor emas. Ular har yili katta miqdordagi mablag`ni olib chiqib ketishmoqda”, — deydi Mironov.
Uning ma`lumotiga ko`ra, o`tgan yili Rossiyadan O`zbekiston va Qirg`izistonga 14 milliard dollardan ortiq pul o`tkazilgan. Bundan tashqari, Tojikiston fuqarolari ham yillik hisobda taxminan 5,7 milliard dollar jo`natmoqda.
Mironov migrantlarning aksariyati Rossiyada soliq to`lamasligini ta`kidlab, ular yuborayotgan pul Rossiya iqtisodiyotiga emas, o`z mamlakatlari taraqqiyotiga xizmat qilayotganini urg`ulagan.
Deputat bu masalada qonunchilik tashabbusini ishlab chiqib, uni davlat dumasiga taqdim etishni rejalashtirgan.
Shuningdek, O`zbekistondagi 2021 yilgi prezidentlik saylovlarida davlat rahbari lavozimiga o`z nomzodini ilgari surgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Alisher Qodirov xorijda ishlayotgan o`zbekistonliklarni soliqqa tortishni taklif qilgandi. O`shanda u mamlakatning taraqqiyoti uchun soliqlarning o`rni juda muhim ekanini aytgan.
"Mamlakat taraqqiyoti uchun soliqlarning o`rni juda muhim. Nima uchun bizda migrantlar xorijda ishlab, daromadidan soliq to`lamasligi kerak? O`zbekiston taraqqiyoti uchun, kelinglar, soliq to`laylik. Biz faqatgina migrantlar ishlagan joyidan oilasiga jo`natgan pulini hisob-kitob qilyapmiz. Bu yaxshi. Tan olishimiz kerak. Lekin, u oilasiga jo`natilgan pul. Undan soliq undirilmaganidan keyin mamlakatning taraqqiyoti uchun ishlatilmayapti. Shuning uchun men taklif qilgan bo`lardim, kelinglar, yanayam vatanparvarroq bo`laylik. Migrantlar ham mamlakat taraqqiyoti uchun solig`ini to`lasin”, — degan edi Qodirov.
Farzandini maktabga bermagan migrantlar Rossiyadan chiqarib yuborilishi mumkin
Joriy yilning 25 iyun kuni Rossiya prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyati va inson huquqlari bo`yicha kengash rahbari Valeriy Fadeev bolalarini rus maktablarida o`qitmayotgan migrant oilalarini Rossiyadan chiqarib yuborishni taklif qildi.
Rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, Rossiya Ichki ishlar vazirligi mamlakatda 766 000 nafar voyaga etmagan xorijlik bolani ro`yxatga olgan. Shunga qaramay, ularning atigi 20 % Rossiyadagi ta`lim muassasalarida o`qiyotgani aniqlangan.
Fadeev bu raqamlarni sharhlar ekan, qolgan bolalar ham rus maktablarida tahsil olishi kerakligini ta`kidlagan. U Rossiya konstitusiyasining 43-moddasi va Oila kodeksining 63-moddasiga murojaat qilib, ota-onalarning bolalarga umumiy ta`lim berish majburiyatini eslatgan.
“Xuddi shunday qonunlar O`zbekiston, Qirg`iziston va Tojikistonda ham amal qiladi. Biroq, bu davlatlardan kelgan muhojirlar bolalarini maktabga yuborishni shart deb hisoblamaydilar”, — degan Fadeev. Uning fikricha, bu holat Rossiya hududida yashovchi yuz minglab bolalarning ta`lim olish huquqini buzadi. “Agar chet el fuqarolari Rossiya qonunlariga amal qilishni istamasalar, o`z yurtiga chiqib ketsinlar. Farzandlarining ta`lim huquqini esa, o`z davlati ta`minlasin”, — deya ta`kidlagan u.
Shu bilan birga, Fadeev asosan Tojikiston, Qirg`iziston va O`zbekiston fuqarolarini tilga olgan bo`lsa-da, ichki ishlar vazirligi statistikasi barcha xorijlik bolalarni qamrab olgan.
Shuningdek, amaldagi qonunchilikka ko`ra, Rossiyada ota-onalar farzandlariga umumiy ta`lim berishlari shart bo`lsa-da, ularni aynan maktabga yuborishga majburlovchi aniq talab yo`q. Oila kodeksining 63-moddasida ota-onalar ta`lim shaklini o`zlari tanlashi mumkinligi qayd etilgan. Bunday shakllar orasida oilaviy ta`lim yoki mustaqil o`qish ham bor.
Shuningdek, bundan oldin 2024 yilda Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o`rinbosari Dmitriy Medvedev rus tilini bilmaydigan migrant bolalarni maktablarga qabul qilmaslik kerakligini ta`kidlagan. U bunday bolalar umumiy ta`lim sifatiga salbiy ta`sir ko`rsatayotganini bildirgan. Bungacha ham hukumat vakillari va bolalar huquqlari bo`yicha komissarlar rus tilini yaxshi bilmaydigan migrant bolalar sonini cheklash, hatto ularni imkoniyati cheklangan bolalarga tenglashtirish takliflarini ilgari surgan.