Kuni kecha Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida Markaziy bankning 2024 yildagi faoliyati bo`yicha hisobot tinglandi. Unda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov so`zga chiqib, bir qator masalalar qatorida nasiya savdo bozoriga ham alohida e`tibor qaratdi.
Ishmetovning ta`kidlashicha, 2025 yil 1 yanvar holatiga nasiya savdo bilan shug`ullanadigan tashkilotlarning umumiy kredit portfeli 8,5 trillion so`mga etgan. Ushbu portfel tarkibida 26 foizi lisenziyaga ega bo`lgan ikki mikromoliya tashkilotiga, 7 foizi tijorat banklariga, qolgan 67 foizi esa tadbirkorlik sub`ektlariga to`g`ri keladi.
“Raqamlar kichik bo`lganida bu holatga e`tibor bermasligimiz mumkin edi. Biroq bugungi kunda 8,5 trillion so`mlik portfel shakllangani inobatga olinsa, bu ko`rsatkich kelgusida bir necha barobar ortishi mumkin”, — dedi Ishmetov.
Shuningdek, u nasiya savdo shartnomalarida ustama to`lovlar yoki real samarali foiz stavkalarining aniq ko`rsatilmasligi aholining ortiqcha qarz yukiga olib kelayotganini, natijada mikromoliya tashkilotlari va bank kreditlarining o`z vaqtida qaytarilmay, muammoli kreditlarga aylanish xavfi kuchayayotganini ta`kidladi.
Bugungi kunda tijorat banklari va nobank kredit tashkilotlari tomonidan qarz ajratishda mijozning qarz yuki 50 foizdan oshmasligi bo`yicha me`yor mavjud. Biroq, aholining nasiya savdo orqali olgan ko`plab qarz majburiyatlari Kredit byurosi bazasida qayd etilmagani tufayli, ularning haqiqiy qarz yuki baholanishdan chetda qolmoqda. Natijada banklar bunday mijozlarga belgilangan me`yorlardan ortiq kredit ajratmoqda.
“Nasiya savdo tizimi aholining qarz yuki bo`yicha mavjud me`yorlarga rioya etishga to`sqinlik qilmoqda. Shu boisdan biz mazkur bozorni davlat tomonidan tartibga solish taklifini ilgari surmoqdamiz”, — dedi Markaziy bank raisi.
Shu munosabat bilan Markaziy bank tomonidan nasiya savdo bozorini tartibga solishga oid zarur normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Ishmetov Markaziy bankning nasiya savdo faoliyatining o`ziga qarshi emasligini ham alohida ta`kidladi:
“Biz nasiya savdo bozoridagi biznesga mutlaqo qarshi emasmiz. Biroq biz uchun muhim jihat shundaki, nasiya asosida qarz beruvchi tashkilotlar bu ma`lumotlarni majburiy ravishda Kredit byurosiga etkazsin. Bu orqali banklar aholining real qarz yuki haqida to`liq ma`lumotga ega bo`ladi. Shuningdek, nasiya shartnomalarida mahsulotga qo`shilgan ustama haqqi ochiq-oydin ko`rsatilishi lozim. Bu kabi talablarni qonunchilikka kiritish taklifini bermoqdamiz”.