XXI asr — axborot asri sifatida e`tirof etiladi. Bugun axborot jamiyatning hayot ritmini, ijtimoiy ongini va hatto siyosiy yo`nalishini belgilab bermoqda. Shu jarayonda axborot manbai bo`lgan jurnalistlar insonlar ongiga ta`sir qiluvchi asosiy kuchga aylangan. Biroq afsuski, aynan shu kuch bugungi kunda eng katta bosim ostida qolmoqda.
Jurnalistlar huquqlarini himoya qilish, ularning daxlsizligi va kasbiy faoliyatini erkin amalga oshirishini ta`minlash bugungi davrning eng dolzarb masalalaridandir.
O`zbekistonda jurnalistlarning huquqlarini qonuniy jihatdan himoya qilish borasida muhim qadamlar tashlangan. Jumladan, Prezidentning 2022 yil 28 yanvardagi PF-60-sonli farmonida qabul qilingan “Yangi O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarning huquqlarini himoya qilish, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashuv uchun javobgarlikni kuchaytirish belgilangan.
“Ommaviy axborot vositalari to`g`risida”, “Axborot olish erkinligi va kafolatlari to`g`risida”, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to`g`risida”, “Axborotlashtirish to`g`risida” singari qonunlar sohadagi huquqiy asosni ta`minlamoqda.
Biroq nazariy va amaliy jihatlar o`rtasida sezilarli tafovut mavjud. Ustoz jurnalist Karim Bahriev jurnalistlar huquqini qonuniy jihatdan kafolatlash etarli emasligini, jurnalistik faoliyatga qo`yilgan Jinoyat kodeksidagi “tuhmat” va “haqorat” moddalari so`z erkinligiga to`sqinlik qilayotganini ta`kidlaydi. Unga ko`ra, bunday moddalar demokratik davlatlarda mavjud emas, aksincha, ular avtoritar tizimlar merosidir.
Shuningdek, jurnalistning so`zi uchun qamoqqa olinishi jamiyatda tanqidiy fikrning susayishiga, sun`iy sukutga sabab bo`ladi. Aslida, yolg`on yoki noaniq axborot uchun ma`muriy va fuqarolik javobgarligi etarlidir, so`z uchun erkinlikdan mahrum qilish esa hech qachon adolatli bo`lmaydi.
So`z erkinligining muhim sinovlaridan biri — jurnalistlarga nisbatan bosim va tahdidlardir. Bu borada 2021 yil avgust oyida yuz bergan holat jiddiy xavotir uyg`otgan. Qalampir.uz sayti jurnalisti Feruza Najmiddinovaga nisbatan internet tarmoqlarida tuzilgan montajli video orqali tuhmat tarqatildi.
Aynan shu videoning tanqidiy maqola chop etilgan kun arafasida tarqalishi — bu harakatning rejali hujum bo`lganini ko`rsatadi. Ushbu holatda jurnalistni sharmanda qilish, uni jamiyat oldida obro`sizlantirish orqali professional faoliyatiga to`sqinlik qilishga urinish aniq namoyon bo`lgan.
Bundan tashqari mazkur holatlar O`zbekistondagina emas, balki butun dunyoda kuzatilayotgan xavfli tendensiyaning bir ko`rinishidir. YUNESKO ma`lumotlariga ko`ra, 2006 yildan 2020 yilgacha dunyo bo`yicha 1200 dan ortiq jurnalist o`z kasbiy faoliyati sababli o`ldirilgan. 2023 yilda dunyo bo`ylab 99 jurnalist o`ldirildi, bu so`nggi 8 yil ichida eng yuqori ko`rsatkich bo`ldi. Bu keskin o`sish bir necha global geosiyosiy omillar bilan bog`liq edi. Jumladan 2022 yilda boshlangan Rossiya-Ukraina urushi 2023 yilda ham davom etdi.
Front hududlarida ishlayotgan jurnalistlar o`qqa tutilish, portlashlar yoki maxsus hujumlar natijasida halok bo`lish holatlari ko`paydi. Shuningdek, Afg`onistonda “Tolibon” hokimiyatining mustahkamlanishi davrida 2023 yilda jurnalistlarga bosim yanada kuchaydi. Ayol jurnalistlar faoliyatdan butunlay chetlatildi. Mustaqil OAV yopildi yoki nazoratga olindi. Bir nechta jurnalistlar sirli sharoitlarda yo`qoldi.
2024–2025 yillarda esa G`azo-Isroil mojarosi fonida jurnalistlar o`limi rekord darajaga etdi. G`azo sektori jurnalistlar uchun eng xavfli hududga aylandi. 2023 yilning oktyabr oyida boshlangan Isroil–Falastin (G`azo) mojarosi 2024 yil davomida va 2025 yilda ham davom etmoqda.
Bu urush nafaqat oddiy aholiga, balki jurnalistlarga ham halokatli ta`sir ko`rsatmoqda. CPJ (Committee to Protect Journalists) ma`lumotlariga ko`ra, 2024 yilda 124 jurnalist halok bo`ldi — bu 1992 yildan beri eng yuqori ko`rsatkich. Shuningdek, Press Emblem Campaign (PEC) bu raqamni yanada balandroq — 179 jurnalist deb ko`rsatgan.
2025 yilning 12 iyuniga kelib, CPJ tomonidan qayd etilgan jurnalistlar o`limi soni 179 dan 202 nafargacha etdi, ularning katta qismi falastinlik OAV xodimlaridir.
Qo`shni davlatlar tajribasi ham bu boradagi muammolar chuqur ildiz otganini ko`rsatadi. Jumladan, Qirg`izistonda mustaqil jurnalist Gennadiy Pavlyukning qotilona o`limi — jurnalist erkinligining qanday xavf ostida qolishi mumkinligini ochiq ko`rsatadi. Pavlyuk qiziqish uyg`otuvchi siyosiy mavzularni yoritgani, hukumatni tanqid qilgani uchun tahdid ostiga olingan, oxir-oqibatda esa fojiali tarzda hayotdan ko`z yumgan. U bilan bir qatorda, o`nlab boshqa jurnalistlarga ham uyushtirilgan hujumlar qamrab olinmagan, rasmiy organlar esa bu holatlarni "uyushmagan jinoyatlar" sifatida baholash bilan cheklangan.
Shu bilan birga, so`nggi yillarda gender masalasi jurnalist xavfsizligi kontekstida alohida e`tibor talab qiladigan muammoga aylangan. Xalqaro ma`lumotlarga ko`ra, ayol jurnalistlarning 73 foizi internetda tahdid, haqorat va bosimlarga duch kelgan.
Bu raqam butun dunyo bo`yicha olinayotgan bo`lsa-da, O`zbekiston ham bu muammoga begona emas.
Bunga yaqqol misollardan biri — jurnalist Anora Sodiqova va bloger “Mufassa” (Mirjalol Haydarov) o`rtasidagi mojaro bo`ldi. Mojaroga ijtimoiy tarmoqlarda bir-biriga nisbatan bildirgan tanqidiy fikrlar, so`ngra esa ularning shaxsiy hayotiga qaratilgan postlar sabab bo`lgan. Ayniqsa, ayol jurnalistga nisbatan kamsitish, sha`nini erga uruvchi fikrlar, tahdidli izohlar bildirilgan. Bunga javoban Anora Sodiqova blogerga nisbatan sudga murojaat qilgan bo`lsa-da, Toshkent shahar sudi uni qanoatlantirmadi va Anora Sodiqova da`vosini rad etdi. Bu holat ko`plab jurnalistlar va faollar orasida norozilik uyg`otdi.
Ta`lim sohasi mutaxassisi Komil Jalilovning ta`kidlashicha, bu ishda jurnalist emas, balki mamlakat jurnalistikasi mag`lub bo`lgan.
“O`zbekiston qonunlari ajoyib, sud tizimi undan-da ajoyib. Masalan, haqorat bor, lekin … haqorat yo`q. O`zbekiston huquq tizimida presedent: endi sud, kerak bo`lsa, „bu — qora, lekin … qora emas“, deb hukm chiqarishi, endi istalgan erkin so`z aytayotgan jurnalistni yoki faolni haqorat qilib, suvdan quruq chiqish mumkin. „Siz iflos vijdon bilan g`olibsiz, men toza vijdon bilan mag`lubman“ degan edi Abdulla Qodiriy o`z qahramonlaridan biri tilidan. Lekin bu ishda mag`lub Anora Sodiqova emas, mag`lub — O`zbekistonning tobora bo`g`ilib borayotgan jurnalistikasi va Anora Sodiqova mardlarcha himoya qilishga harakat qilib kelayotgan millat manfaatlari”, — deb yozadi u.
Ushbu holat nafaqat ayol jurnalistlar, balki umuman OAV vakillarining sud orqali o`z sha`nini himoya qilish imkoniyatlari cheklanganini ko`rsatmoqda. Ayniqsa, ayollarga nisbatan sodir bo`layotgan onlayn tahdidlar va haqoratlar O`zbekiston qonunchiligida alohida modda sifatida ko`zda tutilmagan, bu esa amaliyotda huquqiy himoyani murakkablashtiradi.
Bugungi kun realligi shuni ko`rsatmoqdaki, jurnalistlarga nisbatan bosimlar — u siyosiy, iqtisodiy yoki maishiy bo`ladimi — so`z erkinligiga raxna soladi. Bu esa fuqarolarning axborot olish huquqini to`laqonli amalga oshirishiga to`sqinlik qiladi. Huquqiy kafolatlarning mustahkamlanishi, jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoni muqammal qilish, jurnalistlar faoliyatiga noqonuniy aralashuvlar uchun aniq javobgarlik tizimini joriy etish bugunning eng muhim vazifalaridandir.
Bir so`z bilan aytganda, jurnalist huquqlarini himoya qilish — bu shunchaki kasbiy ehtiyoj emas, balki demokratik jamiyat qurishning asosiy kafolatidir.
Jurnalistlarni himoya qilish — bu jamiyatning haqiqatga, adolatga va erkin fikrga bo`lgan hurmatini anglatadi. Shunday ekan, jurnalistlarga tahdid emas, hurmat; senzura emas, erkinlik; jazo emas, qonuniy kafolatlar zarurdir.