O`zbekistonda “eskrou” tizimi yangi uy-joylar narxini keskin oshirib yuboradimi?

26.06.2025 19:03


Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vazirligi 1 iyuldan O`zbekistonda joriy etiladigan “eskrou” tizimi yangi uy-joylar narxini keskin oshirishi haqidagi xabarlarni rad etdi. 26 iyunda o`tkazilgan brifingda vazirlik axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov yangi uy-joylar xarid qilishda sotib oluvchilarning pullari kafolatli himoyalanishi ta`minlanadigan tizim ahamiyati haqida batafsil ma`lumot berdi.

Bu qanday tizim?

Eskrou tizimi — bu quruvchi va xaridor o`rtasidagi oldi-sotdining yangicha shakli. Endilikda, hali bitmagan uydan kvartira sotib olmoqchi bo`lgan fuqaro, o`sha uyga o`z mablag`larini tikish orqali ulushdorga aylanadi. Buning uchun quruvchi, ya`ni developerning o`ziga emas, bankka to`lov qiladi. Ulushdorning to`lagan pullari alohida “eskrou” hisobvarag`ida yig`ilib boriladi. Uy bitmaguncha quruvchi kompaniya bu pullardan foydalana olmaydi. Turar joyni esa o`z mablag`lari yoki bank krediti asosida qurib bitkazadi.

Ulushli shartnoma orqali developer ko`rsatilgan uyni qurib, o`z vaqtida topshirish majburiyatini oladi. Bank esa ulushdorning pul mablag`lari “eskrou” hisobvarag`ida yig`ilishi, xavfsiz saqlanishi, shuningdek, uy-joy qurilishini loyihaviy moliyalashtirishni amalga oshiradi va bu bilan uy-joyni o`z vaqtida sifatli qurib, egasiga etkazib berishni kafolatlaydi.

Tizim qanday ishlaydi?

Eskrou tizimi doirasida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida uy-joylar qurilishi bo`yicha yagona shaffof elektron platforma yaratildi va ushbu tizim  2025 yil 1 iyuldan ishga tushiriladi. Developerlar uy-joyni shu platformada ro`yxatga qo`ymasdan, aholi mablag`larini ulush kiritish asosida jalb qila olmaydi.

“Mazkur tizim maksimal darajada inson omilidan cheklanib, barchasi  integrasiya asosida ishlab chiqilyapti. Developer ob`ektni platformaga kiritgach, bank tomonidan uyni o`z vaqtida qura olish imkoniyatlari o`rganiladi. Qurilish jarayonida  ishning bajarilish grafigi nazorat qilib boriladi. Loyihaviy moliyalashtirishdan ko`zlangan maqsad ham shu”, deydi Saidnosir Usmonov.
Elektron platformada quruvchi kompaniya va ob`ekt haqidagi barcha ma`lumotlar, xususan, ob`ektning loyiha bo`yicha joylashgan aniq manzili, qavatlari, kirish yo`laklari, qolaversa, kompaniyaning loyihaviy hujjatlari, ijobiy ekspertiza xulosasi, qurilish boshlanadigan sana va foydalanishga topshirish muddati kabi ma`lumotlar jamlab boriladi. Bu axborotlarni xaridorlar ham platformada kuzatib borishlari mumkin. Ya`ni quruvchi ruxsatnomasining mavjudligi, reytingi va oldingi loyihalari haqida bilib olishlari mumkin bo`ladi. Qurilish jarayonlarining platforma orqali shaffof kuzatib borilishi o`z navbatida, uy-joy qurilishi bozoridagi investisiyalar xavfsizligi va ishonchli developerlar bozorining shakllanishiga xizmat qiladi.

“Eskrou” tizimi joriy etilgach yangi uy-joylar narxi keskin oshib ketmaydi

“Eskrou” hisobvarag`ida jamlangan mablag`lar ko`payishi natijasida developer tashkilotlariga loyihaviy moliyalashtirish doirasida amaldagi stavkalarga nisbatan ancha pastroq stavkada mablag`lar ajratiladi. Bu esa “eskrou” tizimi joriy etilgach yangi uy-joylarning narxi keskin oshib ketadi degan ma`lumotlarni inkor etadi.

“Qurilish bitib, xaridor xonadonni qabul qilgach, uning bank hisobvarag`idagi pullari developer tashkilotga yo`naltiriladi. Quruvchi o`z majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, bu pul fuqaroga to`liq miqdorda qaytarib beriladi. Ya`ni uy bitmay qolsa, xaridor kuyib qolmaydi, bankka qo`ygan pullarini muammosiz qaytarib oladi”, dedi Saidnosir Usmonov.

Uning bildirishicha, fuqarolarning uy-joy uchun to`lagan pullari har tomonlama himoyalanadi. Xususan, yuqoridagi farmon bilan “eskrou” hisobvarag`iga yo`naltirilgan pul mablag`larini to`xtatib qo`yish yoki hisobdan chiqarish hamda majburiy ijroga qaratish ta`qiqlanadi.

Xaridor shartnomani belgilangan tartibda rasmiylashtirib, kadastr organlarida ro`yxatga olinganidan so`ng, fuqaro mazkur ulushni hali uy bitmay turib, mulk sifatida hadya qilishi, sotishi yoki boshqa bir shaxsga vasiyat qilib qoldirishi mumkin.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар