Pensiya jamg`armasi O`zbekistonda pensiya yoshini oshirish bo`yicha tavsiyalarga munosabat bildirdi

26.06.2025 13:43

Byudjetdan tashqari pensiya jamg`armasi ijtimoiy tarmoqlarda Xalqaro valyuta jamg`armasi (XVJ) hamda boshqa xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari asosida O`zbekistonda pensiya yoshini oshirish rejalashtirilayotgani haqidagi xabarlarga izoh berdi.

Jamg`arma bayonotida ta`kidlanishicha, bugungi kunda pensiya yoshini oshirish bo`yicha hech qanday yakuniy qaror qabul qilinmagan. Hozirda ushbu tavsiyalarning barchasi ishchi guruh tomonidan o`rganilmoqda, ularning O`zbekiston sharoitiga mosligi, aholining turmush darajasiga ta`siri tahlil qilinmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 600-sonli qarori asosida davlat pensiya ta`minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasiga takliflar ishlab chiqish bo`yicha ishchi guruhi tuzilgan. Bu vazifa «O`zbekiston — 2030» strategiyasini amalga oshirishga oid davlat dasturiga ham kiritilgan.

Ta`kidlanishicha, 2024 yil dekabr oyidan boshlab XVJ, Jahon banki, OTB, XMT ishtirokida pensiya islohotlarining asosiy yo`nalishlari muhokama qilinmoqda.

Davlat pensiya ta`minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasi bo`yicha takliflarda quyidagi asosiy vazifalarga e`tibor qaratilmoqda:

fuqarolarning pensiya bilan qamrovini oshirish;
ijtimoiy adolatni mustahkamlash;
keksalikda munosib pensiya bilan ta`minlash;
umr ko`rish davomiyligini hisobga olish;
Pensiya jamg`armasi byudjetini balanslashtirish;
aholiga xizmat ko`rsatish sifatini yaxshilash.

Xalqaro ekspertlarning tavsiyalari

Ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan hujjatlar — bu xalqaro tashkilotlar tomonidan O`zbekiston hukumati uchun tayyorlangan tavsiya va maslahatlar to`plamidir. Bu tavsiyalar yakuniy qaror emas, balki islohot yo`nalishlarini belgilashda o`rganilayotgan variantlardan biridir.

XVJ, Jahon banki, OTB, XMTning umumiy tavsiyalari pensiya yoshini oshirish, ijtimoiy soliq bo`yicha imtiyozlar va muddatidan oldin pensiya tayinlash tartibini bekor qilish, amaldagi eng yuqori 5 yillik ish haqidan pensiya hisoblash tartibi o`rniga butun mehnat faoliyati davomidagi o`rtacha ish haqidan kelib chiqib hisoblashga o`tish, ijtimoiy badallar stavkalarini qayta ko`rib chiqish masalalariga bag`ishlangan.

Xalqaro maslahatchilar kengashi O`zbekistondagi demografik o`zgarishlarni hisobga olib, quyidagilarni taklif qildi:

pensiya yoshini oshirish;
fuqarolarning pensiya ta`minoti tizimida ishtirokini ta`minlash;
norasmiy bandlikni kamaytirish orqali pensiya tizimi qamrovini oshirish;
mehnat migrantlarini pensiya tizimiga jalb qilish uchun ular ishlayotgan mamlakatlar bilan ikki tomonlama ijtimoiy ta`minot shartnomalarini tuzish;
pensiya tayinlashda ish haqining yuqori chegarasini oshirish;
nodavlat pensiya jamg`armalari joriy qilish.

Xalqaro pensiya va ijtimoiy jamg`armalar uyushmasi eksperti tomonidan quyidagilar tavsiya qilindi:

ko`p darajali pensiya tizimini joriy qilish;
moslashuvchan pensiya yoshini kiritish;
minimal pensiya talabini qayta ko`rib chiqish;
ijtimoiy soliqlar bo`yicha berilgan imtiyozlarni bekor qilish yoki davlat byudjetidan subsidiya ajratish;
fuqarolarni pensiya tizimida ishtirokini ta`minlash.

Ammo Pensiya jamg`armasi ushbu tavsiyalarning barchasi hozirda ishchi guruh tomonidan o`rganilayotganini ta`kidladi.

«Pensiya tizimiga kiritiladigan har qanday o`zgartirishlar, jumladan, pensiya yoshiga oid masalalar ham, albatta, keng jamoatchilik muhokamasidan so`ng, xalqning fikri va manfaatlari inobatga olingan holda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi», — deyiladi jamg`arma xabarida.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар