Sun`iy intellekt va hissiy qaramlik: Texnologiya insonni qanday zabt etmoqda

22.06.2025 17:19

"AI insoniyat uchun eng katta tahdidlardan

 biri bo`lishi mumkin."

Ilon Mask

Bugungi raqamli inqilob fonida sun`iy intellekt hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan. U bizning vaqtimizni tejaydi, savollarga javob beradi, hatto ruhiy og`ir damlarda suhbatdosh bo`la oladi. Ammo bu texnologiyaning foydali jihatlari qanchalik ko`p bo`lmasin, uning inson ruhiyatiga salbiy ta`sirini inkor etib bo`lmaydi.

Tadqiqotlar sun`iy intellektdan muntazam foydalanish insonning mustaqil fikrlash, ijodiy echim topish va murakkab muammolarni hal qilish qobiliyatini susaytirishini ko`rsatmoqda.

Shu o`rinda bir tabiiy savol tug`iladi: sun`iy intellektdan foydalanish bizning bilimimizni oshiradimi? Yoki aksincha, bor aql-zakovatimizni so`ndirib, miyamizni “zanglatib” qo`yadimi?

Bu borada amerikalik olimlar tomonidan bir qancha jiddiy tadqiqotlar o`tkazilgan. Afsuski, bu tadqiqotlarning birortasida sun`iy intellekt insonning fikrlash qobiliyatini oshiradi, degan aniq va ishonchli xulosa keltirilmagan. Aksincha, ba`zi mutaxassislar fikricha, odamlar o`z kuchi bilan o`rganishni to`xtatgach, miyadagi faol aqliy jarayonlar sekin-asta susaya boshlaydi.

Massachusets texnologiya instituti olimlari va tadqiqotchilari guruhi sun`iy intellektning o`rganish, fikrlash va eslab qolish qobiliyatiga qanday ta`sir qilishi haqida batafsil ma`lumot beruvchi tadqiqot natijalarini e`lon qildi.

Tadqiqotchilar 54 nafar talabani to`pladilar va ularning qobiliyatlarini insho yozish bo`yicha bir qator topshiriqlar yordamida kuzatdilar. Guruhlar uchga bo`lindi: bir guruhga ChatGPT va boshqa katta til modellaridan (LLM) foydalanishga ruxsat berildi, ikkinchi guruhga Google’dan foydalanishga ruxsat berildi va oxirgi guruh tadqiqot uchun ma`lumotlarni to`plashda faqat miya usullariga tayanishiga to`g`ri keldi.

Ishtirok etayotgan talabalarning kognitiv qobiliyatlari elektroensefalogramma (EEG) yordamida kuzatib borildi.

Natijalar sun`iy intellekt vositalaridan foydalanadigan va foydalanmaydigan talabalar o`rtasida sezilarli farqni ko`rsatdi: birinchi guruhga mansub talabalarda miya faoliyati cheklangan va xotira qobiliyati sustroq ekanligi aniqlandi.

To`rt oylik tadqiqotning yakuniy bosqichida LLM guruhlari va “faqat miya” guruhlariga o`rinlarini almashtirish va bir xil vazifalarni qanday bajarishlarini kuzatish topshirig`i berildi.

“LLMdan miyaga” guruhi ishtirokchilari hamon pastroq kognitiv funksiyani namoyon etishda davom etgan bo`lsa, “faqat miyadan sun`iy intellektga” guruhi ishtirokchilari esa bu funksiyaning oshganligini ko`rsatdilar.

“To`rt oy mobaynida LLM foydalanuvchilari doimiy ravishda neyron, lingvistik va xulq-atvor darajasida past natijalarni ko`rsatdilar”, — deyiladi tadqiqotda.

Sun`iy intellekt vositalariga haddan tashqari bog`liqlik nafaqat miyamizga, balki atrof-muhitga ham ziyon etkazadi. So`nggi ma`lumotlar shuni ko`rsatdiki, siz ChatGPT’ga kiritgan har 10−50 ta so`rov uchun serverlarni sovutishga taxminan 50 millilitr suv sarflanadi.

Sun`iy intellekt odamlarning his-tuyg`ulariga qanday ta`sir qilmoqda?

Avvaliga faqat oddiy yordamchi sifatida qaralgan ChatGPT kabi tizimlar endi ayrimlar uchun haqiqiy do`st, suhbatdosh, hatto ruhiy tayanch vazifasini bajarmoqda. Ammo bu qulayliklar ortida qanday hissiy o`zgarishlar yashiringan?

OpenAI kompaniyasi MIT Media Lab bilan hamkorlikda shu savolga javob topish maqsadida katta hajmdagi ilmiy tadqiqot o`tkazdi. Bu ChatGPT’ning inson hissiyotlariga ta`siri bo`yicha ilk yirik ilmiy tajriba bo`lib, natijalari juda qiziqarli va biroz xavotirli.

Tadqiqot davomida 40 millionga yaqin foydalanuvchi bilan bo`lgan yozishmalar tahlil qilindi. Shu orqali odamlarning chat-bot bilan muloqot qilganda qanday ruhiy holatda bo`lishi – baxtli, xafsalasiz, yolg`iz – aniqlab borildi.

Keyingi bosqichda esa mingga yaqin odam to`rt hafta davomida kuzatildi. Odamlarning ChatGPT’dan muntazam foydalanishi ularning hissiy dunyosiga, yolg`izlik darajasiga va ijtimoiy aloqalariga qanday ta`sir qilgani o`rganildi.

Aniqlanishicha, ayrim foydalanuvchilar har kuni yarim soatdan ortiq vaqt davomida ChatGPT bilan suhbatlashgan. Bu oddiy maslahatlar emas, balki hissiyotlar, dardlar, shaxsiy kechinmalar bilan bo`lishish holatlari edi. Eng qiziq tomoni shundaki, ChatGPT ko`pincha foydalanuvchining ruhiy holatiga mos kayfiyatda javob bergan. Ya`ni, kimdir tushkun holatda yozsa, AI ham shunday ruhda muloqot qilgan. Bu esa bir turdagi “aks sado”ni vujudga keltirgan — odamning kayfiyati sun`iy intellektga o`tgach, u yana o`sha kayfiyatni insonga qaytargan.

Tadqiqot davomida ayollar sun`iy intellektdan uzoq muddat foydalangach, ijtimoiy jihatdan o`zlarini yolg`izroq his qilganliklarini bildirgan. Ayniqsa, ovozli muloqot qilganlar, xususan, AI’ning qarshi jinsdagi ovozi orqali muloqot qilgan foydalanuvchilar, hissiy bog`lanib qolish holatlarini boshdan kechirgani aytiladi.

Bu esa inson va texnologiya o`rtasidagi chegaralar tobora xiralashib borayotganini anglatadi. Shunday ekan, savol tug`iladi: sun`iy intellekt bizga taskin berayotgan do`stmi yoki inson aloqalarini almashtirib, yolg`izlikni chuqurlashtirayotgan xavfmi?

Tadqiqotchilar sun`iy intellektdan foydalanish bevosita zarar keltiradi, deya olmaydi. Aksincha, u ayrimlar uchun kerakli e`tibor va taskin manbai bo`lishi mumkin. Ammo ehtiyotkorlik zarur. Chunki sun`iy intellekt bilan hissiy bog`lanish haqiqiy inson aloqalari o`rnini egallay boshlasa, bu jamiyat uchun xavfli bo`lishi mumkinligini ta`kidlashgan.

Sun`iy intellekt qanday yaratilgan? Uning ildizi qaerda?

Insoniyat tarixida odamlar har doim jonli bo`lmagan narsalarga ong bag`ishlash, ularni o`ziga o`xshatishga urinadi. Biroq bu sohada chinakam burilish 1950 yillarda Alan Tyuring tomonidan amalga oshirildi. Tyuring zamonaviy kompyuter faniga asos soldi va ilk bor mashinalarning mustaqil fikrlashi mumkinligini ilmiy asosda ko`rsatdi.

1956 yilda esa Jon Makkarti “sun`iy intellekt” atamasini fanga kiritdi. Oradan ikki yil o`tib, u MITda ilk AI loyihasiga asos soldi. Ana shu davrdan boshlab, sun`iy intellekt tadqiqotlariga katta umidlar bog`lana boshlandi.

Ammo bu umidlar uzoqqa cho`zilmadi. Cheklangan texnologik imkoniyatlar, sust natijalar va katta mablag` talab etilishi tufayli sun`iy intellekt tadqiqotlari birinchi bor “AI qishi”ga duch keldi. Lekin 1990 yillarga kelib vaziyat keskin o`zgara boshladi. Mashinani o`rganish (machinelearning) va tabiiy tilni qayta ishlash (NLP) sohasida erishilgan yutuqlar sun`iy intellektga yana e`tibor qaratilishiga sabab bo`ldi.

1997 yilda IBMning “Deep Blue” superkompyuteri shaxmat bo`yicha jahon chempioni Garri Kasparovni mag`lub etdi. Bu katta voqea edi. Keyinchalik esa “Oracle” nomli AI tizimi mashhur “Jeopardy!” o`yinida inson raqiblarini ortda qoldirdi. Yirik texnologik o`zgarishlar, xususan, katta hajmdagi ma`lumotlar bilan ishlash imkoniyati, kuchli hisoblash tizimlari va takomillashgan algoritmlar yangi AI davrini boshlab berdi.

2015 yilda Sem Altman va Ilon Mask AI’ni xavfsiz va ochiq holda rivojlantirish maqsadida OpenAI’ni tashkil etdi. Ular sun`iy intellektning ijobiy imkoniyatlaridan tashqari, xavf-xatarlarini ham jiddiy ko`rib chiqqan. OpenAI dastlab AI vositalarini o`rgatish uchun ochiq platformalar — OpenAIGym va Universe’ni ishlab chiqdi.

2018 yilda esa sun`iy intellekt tarixida yangi sahifa ochildi — GPT (GenerativePre-trained Transformer) konsepsiyasi taqdim etildi.

GPT — bu inson miyasiga o`xshash ishlovchi, oldindan o`rgatilgan neyron tarmoq. U minglab kitoblar, maqolalar, veb-sahifalar asosida o`zlashtirish orqali matnlarni tushunish va yaratish qobiliyatiga ega. Dastlabki model — GPT-1 BookCorpus asosida o`qitilgan. Keyin GPT-2 yaratildi, u 1,5 milliard parametrga ega bo`lib, yanada kuchli edi. Ammo uning imkoniyatlari tufayli OpenAI bu modelni ommaga darhol taqdim etishga jur`at eta olmadi — sababi, AI noto`g`ri qo`llanilsa, yolg`on yangiliklar yoki firibgarlikda foydalanilishi mumkin edi. “Katta kuch — katta mas`uliyat”, degan gap bejiz emas.

Keyinchalik OpenAI GPT-3 ni taqdim etdi — u 175 milliard parametrga ega bo`lgan va 45 terabayt matn asosida o`qitilgan ilg`or til modeli edi. Microsoft bu model uchun 285 000 prosessor yadrosi va 10 000 ta GPUdan iborat superkompyuter yaratdi. Aynan shu platforma asosida 2022 yilda ChatGPT chat-boti ishlab chiqildi.

ChatGPT sun`iy intellekt tarixida chinakam burilish bo`ldi. U inson bilan muloqotda kontekstni tushunish, suhbatni davom ettirish va hatto shaxsiylashtirish qobiliyatiga ega edi. Bu chat-bot odamlar bilan muloqot qilgan birinchi sun`iy "shaxs" sifatida tarixga kirdi.

Sun`iy intellektning bugungi taraqqiyoti — bu hali boshlanishi. Bu kichkintoyning ilk qadamlariga o`xshaydi — bir tomondan hayratli, boshqa tomondan esa tashvishli. Chunki biz nima yaratganimizni hali to`liq tushunib ulgurmadik. Ammo bir narsa aniq — kelajak allaqachon boshlangan va sun`iy ong biz bilan birga yashayapti.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар