“Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo`naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to`g`risida” prezident farmonida belgilanishicha, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda 2025 yil 1 noyabrga qadar davlat xizmatchilarining oylik ish haqi tizimini tubdan takomillashtirishga oid prezident farmoni loyihasini kiritishi lozim.
Hujjatda belgilanishicha, 2026 yil 1 yanvardan boshlab davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan davlat xizmatchilari bilan mehnat shartnomasi dastlab bir yil muddatga tuziladi va keyinchalik faoliyatining ijobiy natijalariga ko`ra mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga uzaytiriladi.
Davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan davlat xizmatchilari majburiy “Davlat xizmatiga kirish” maxsus kurslarini va keyinchalik har uch yilda kamida bir marotaba malaka oshirish kurslarini o`taydi hamda mazkur kurslarning yakunlari bo`yicha ularning nazariy bilim va ko`nikmalari diagnostikadan o`tkaziladi.
Diagnostikada davlat xizmatchilarining tegishli soha va tarmoq bo`yicha bilim darajasi, hujjatlarni tuzish va davlat tilida ish yuritish ko`nikmalari, tahliliy, rahbarlik va kommunikativlik malakalari, kompyuter savodxonligi, qonunchilikdagi yangiliklarni, O`zbekiston tarixi va xorijiy tillarni o`zlashtirganligi, umumiy erudisiyasi, psixologik diagnozi va intellektuallik koeffisienti (IQ) kabi ko`rsatkichlari baholanadi.
Diagnostika va faoliyat samaradorligi (KPI) natijalari Xodimlarning kasbiy kompetensiyalari rivojlanishini uzluksiz onlayn monitoring qilish tizimida yig`iladi va tahlil qilinadi. Monitoring tizimi tahlili natijalariga ko`ra, xodimning mavjud bilim va ko`nikmalarini kasbiy rivojlantirish xaritasi — portfoliosi yaratiladi.
Kasbiy rivojlantirish xaritasi asosida davlat xizmatchisi rivojlantirishi lozim bo`lgan “yumshoq” va “qattiq” ko`nikmalari bo`yicha majburiy malaka oshirish, shu jumladan, mustaqil ta`lim olish dasturini o`taydi.
Vazirlik va idoralar tomonidan xodimlarni xorijda o`qitish, tayyorlash, malakasini oshirish hamda stajirovkasini tashkil etish, shu jumladan, grantlar yoki donorlar mablag`lari hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida davlat xizmatchilarini o`qitish, tayyorlash, malakasini oshirish hamda stajirovkasi bilan bog`liq tadbirlar majburiy tartibda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan kelishilgandan so`ng amalga oshiriladi.