Respublika bo`ylab o`rganish ishlari davomida 2800 dan ortiq avtobus bekatida qator kamchiliklar aniqlandi, deya xabar bermoqda Raqobatni rivojlantirish va iste`molchilar huquqlarini himoya qilish qo`mitasi.
Qayd etilishicha, qo`mitaga kelib tushgan murojaatlar, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari tomonidan qoldirilayotgan murojaatlarda avtobus bekatlari belgilangan talab darajasida emasligi va unda yo`lovchilar uchun etarli darajada qulayliklar yaratilmagani yuzasidan ko`plab e`tirozlarini bildirishmoqda.
Mazkur murojaatlar asosida qo`mita va uning hududiy boshqarmalari tomonidan tanlanma usulida 2800 tadan ortiq bekat faoliyati o`rganib chiqilgan. O`rganishlarda ularda belgilangan normalarga nomuvofiq faoliyat ko`rsatayotgan ba`zi bekatlarda quyidagi kamchiliklar aniqlangan:
286 ta holatda kutish zallarining uchta tomoni maxsus to`siqlar bilan yopilmaganligi sababli yo`lovchilar issiq va sovuq havodan himoyalanmagan;
210 ta holatda kutish zallarida savdo shoxobchalari joylashtirilgan;
387 ta holatda nogironlar uchun maxsus ko`tarma panduslar mavjud emas;
412 ta holatda kutish zallarida elektr yoritgichlar o`rnatilmagan;
57 ta holatda yomg`ir, qor va shamolli kunlarda yo`lovchilar uchun pavilon mavjud emas;
156 ta holatda bekat nomi yozilgan ko`rsatkich qo`yilmagan;
255 ta holatda yo`nalishning tartib raqami mavjud emas.
Davlat standartlari va avtomobil transportida yo`lovchilar va bagajni tashish qoidalariga (Vazirlar Mahkamasining 482-son qarori) muvofiq, shahar atrofi yo`nalishlaridagi bekatlar yo`lovchilarning u erga xavfsiz va qulay kelishini ta`minlashi kerak. Pavilonni joylashtirish uchun asfaltlangan maydonchalar va yo`lovchilarning bekatga kelishi uchun asfaltlangan yo`lkalar, belgilar va yoritish talab qilinadi. Savdo shoxobchalarini kutish joylari ichida joylashtirish taqiqlanadi.
Bekatlardagi shart-sharoitlar «Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish to`g`risida»gi qonunga ham zid bo`lib, unga ko`ra, iste`molchilar sifatli va xavfsiz xizmatlar ko`rsatilishini talab qilish huquqiga ega, deyiladi qo`mita xabarida.
Qo`mita tomonidan o`rganishda aniqlangan yuqoridagi kabi kamchilik va qonunbuzilish holatlarini bartaraf qilish chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Transport vazirligi hamda Qoraqalpog`iston Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga tegishli ko`rsatma yuborildi.