“BRB Mobile” ilovasi sun`iy intellekt asosida firibgarlikning oldini oladi

17.06.2025 21:03


"Biznesni rivojlantirish banki" mamlakatimizda birinchi bo`lib “BRB Mobile” ilovasida sun`iy intellekt asosida qurilmadagi shubhali ilovalar hamda zararli dasturlarni aniqlash imkoniga ega “Session antifraud” tizimini joriy etdi. 



Bu haqda bank tomonidan  2025 yil 17 iyun kuni “Raqamli mijozlar sonini oshirish: natijalar va rejalar” mavzusida o`tkazilgan matbuot anjumanida ma`lumot berildi. 

“Biznesni rivojlantirish banki” ATB Boshqaruvi rahbariyati, mijozlar va OAV vakillari ishtirok etgan anjumanda mobil ilovaning muvaffaqiyatli joriy etilishi natijasida raqamli mijozlar  soni bilan bir qatorda elektron xizmatlar hajmi ham tobora o`sib borayotgani qayd etildi. 



Ma`lum qilinishicha, 2026 yilning oxiriga qadar “BRB Mobile” mobil ilovasi foydalanuvchilari sonini 1,6 mln nafardan oshirish  rejalashtirilgan. Hozirgi kunda ilovadan 546 mingdan ortiq mijoz ro`yxatdan o`tgan. 


Joriy yilning dastlabki 5 oyi davomida 2,3 mlnga yaqin to`lov tranzaksiyalari amalga oshirilgan. O`tgan yilning mos davrida mazkur ko`rsatkich 2 mlnga ham etmagan (1,9 mln). Kredit hamda bank kartasi olish uchun taqdim qilingan arizalar soni esa 66 mingtadan ortiq bo`lib, o`tgan yilning shu davriga nisbatan 7,3 barobarga oshgan. 

“BRB Mobile” ilovasining barqaror ishlashini ta`minlash va uning funksionalligini yanada yaxshilash maqsadida,  bank tomonidan  hozirga qadar 33 ta loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Onlayn avto va ta`lim kreditlari, overdraft, bank kartasiga buyurtma berish kabi xizmatlar shular jumlasidan. Hozirda mikroservislar, onlayn sug`urta, “BRB NEO” va VISA-so`m singari 8 ta loyiha ustida ish olib borilmoqda. 


Bankning  xizmat ko`rsatish ofislarida taqdim qilinayotgan jami 52 turdagi  xizmatlarning 43 tasi yoki 83 foizidan mobil ilova orqali foydalanish imkoniyati yaratildi. 



“Biznesni rivojlantirish banki” ATB kelgusida ham raqamli texnologiyalardan foydalangan holda xizmatlar ko`lamini kengaytirish, zamonaviy bank xizmatlarining yangi turlarini joriy etish orqali mijozlarga qulaylik yaratishga  ustuvor ahamiyat qaratadi. 

Reklama huquqi asosida

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар