Sotqinlikni kasbga aylantirayotgan tizim

14.06.2025 14:23


So`nggi paytlarda  qonunchilikda davlat idoralari tomonidan turli qonunbuzarliklar haqida axborot bergan fuqarolarni moddiy rag`batlantirish  to`g`risidagi  qarorlar tez –tez tatbiq qilinmoqda. Xususan, ruxsatsiz qurilish, ko`p qavatli uyda o`zgartirish kiritish, Daraxt va boshqa o`simliklarni noqonuniy kesish kabi holatlaridan  xabar berganlar mukofotlanishi haqida qonun va qarorlar e`lon qilingan. 


Masalan, 2022 yil 1 yanvardan boshlab soliq huquqbuzarliklari haqida xabar bergan fuqarolarni rag`batlantirish tizimi joriy etilgan. Fuqarolar “Soliq” mobil ilovasining “Soliq hamkor” bo`limi orqali aniqlangan huquqbuzarliklar haqida xabar bergan taqdirda, huquqbuzardan undirilgan jarima summasining 20 foizi miqdorida pul mukofoti olishlari belgilangan. 

Shuningdek, 2021 yil oktyabr oyida prezident tomonidan nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni takomillashtirishga doir qaror qabul qilingan. Unga ko`ra, 2022 yil 1 yanvardan boshlab chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko`rsatish ob`ektlarida xarid qilgan fuqarolar xarid chekining QR-kodini soliq organlarining mobil ilovasi orqali skanerlab ro`yxatdan o`tkazgan taqdirda, xarid summasining 1 foizi oy yakunida ularning bank kartasiga respublika byudjetidan qaytarilishi belgilangan. 

Rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, 2024 yilda soliq huquqbuzarliklari bo`yicha 99 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. 



 
“Soliq” mobil ilovasining “Soliq hamkor” tizimi orqali soliq huquqbuzarliklari haqida 99 128 ta murojaat kelgan.  

Ushbu tizim joriy etilganiga hech qancha vaqt o`tmasdan, ya`ni  2022 yil 1 apreldan boshlab fuqarolarning daraxt va boshqa o`simliklarni noqonuniy kesish holatlari haqida davlat idoralariga xabar bergani uchun rag`batlantirish tizimi yo`lga qo`yilgan. Bunga ko`ra, “EkoNazorat” portali orqali yuborilgan foto va videomateriallar asosida daraxt, buta yoki boshqa o`simliklarni noqonuniy kesish yoki shikastlash holatlari tasdiqlanganda, xabar bergan fuqaroga huquqbuzardan undirilgan jarima hisobidan BHMning 1 baravari (taxminan 270 000–330 000 so`m) miqdorida pul mukofoti to`lanadi. Mukofot to`g`ridan-to`g`ri qonuniy jarima mablag`lari hisobidan ajratilishi belgilangan. 

Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashda faol ishtirok etgan shaxslarni rag`batlantirish tartibi ham joriy etilgan. Jumladan, tayyorgarlik ko`rilayotgan, sodir etilayotgan yoki sodir etilgan korrupsiyaviy huquqbuzarliklar haqida xabar bergan, shuningdek, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etganligi uchun qidiruvda bo`lgan shaxslarni aniqlashda yordam ko`rsatgan fuqarolarga bir martalik pul mukofotlari to`lanadi. 

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashga boshqa shaklda ko`maklashgan fuqarolarni ham rag`batlantirish masalasi maxsus komissiyalar tomonidan ko`rib chiqiladi. Ushbu komissiyalar korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar huzurida faoliyat yuritadi.  


Yuqoridagi qonunchilikdagi o`zgarishlar biz uchun yangilik bo`lmasligi mumkin, biroq endilikda suvdan noqonuniy foydalanish holatlarini fosh etgan fuqarolar ham rag`batlantirilmoqda. 

So`nggi yillarda suv resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari keskin ortib borayotgan bir sharoitda hukumat bu boradagi nazoratni kuchaytirish maqsadida fuqarolik faolligini rag`batlantirishga kirishdi. Adliya vazirligi axborot xizmatining ma`lumotiga ko`ra, endilikda suv xo`jaligi sohasidagi huquqbuzarliklar haqida foto yoki videomaterial taqdim etgan fuqarolarga moddiy mukofot beriladi. 

Bunda  “v-nadzor.gov.uz” platformasi orqali yuborilgan materiallar (foto va videolar) maxsus komissiya tomonidan 10 kun ichida ko`rib chiqiladi. Agar holat tasdiqlansa, ushbu xabarni birinchi bo`lib taqdim etgan fuqaro huquqbuzardan undirilgan jarimaning 25 foizi miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.Shuningdek, video lavhalarda huquqbuzarlikning o`zi, voqea joyi, sanasi va vaqti aniq ko`rsatilgan bo`lishi, u 120 soniyadan oshmasligi lozim. Taqdim etilgan materiallar huquqbuzarlik aniqlanganidan so`ng 48 soat ichida yuborilishi kerak. Jarima belgilanganidan so`ng esa  15 kun ichida mukofot puli fuqaroga beriladi

Bir qarashda bu tashabbus qonunbuzarliklarning oldini olish va tartibni ta`minlashga qaratilgandek tuyuladi. Ammo masalaga chuqurroq yondashilsa, ushbu amaliyot fuqarolik faolligidan ko`ra "sotqinlikni kasbga aylantirish" tendensiyasini yuzaga keltirayotganini ko`rish mumkin. 

Davlat idoralari zimmasidagi majburiyatlar – xalq elkasida qolmoqdami? 

Aksariyat holatlarda bu kabi choralar o`z vazifasini to`laqonli bajara olmayotgan tashkilotlarning ojizligini niqoblash vositasi sifatida namoyon bo`lmoqda. Holbuki, noqonuniy qurilishlar yoki suvdan noqonuniy foydalanish kabi holatlarni aniqlash va chora ko`rish — tegishli nazorat organlarining to`g`ridan-to`g`ri vazifasi hisoblanadi. 
Ushbu mas`uliyatni fuqarolarga yuklab, uni “fuqarolik ogohligi” deb ko`rsatish, aslida tashkilotlarning tizimli zaifligidan dalolat berayotgandek emasmi? 

Jamiyatda ishonch emas, shubha kuchaymoqda 

Mazkur amaliyot ijtimoiy psixologiyaga ham salbiy ta`sir ko`rsatmoqda. Odamlar o`rtasidagi ishonch susaymoqda. Qo`shni qo`shniga shubha bilan qaray boshlaydi, do`st do`stdan ehtiyot bo`ladi. Vaqt o`tib bu holat jamiyatda g`iybat, kuzatuv, qoralanish va "sotqinlik" madaniyatini shakllantirishi mumkin. 

Ayniqsa, yosh avlod uchun bu xavfli  tendensiyaga aylanmoqda. Bugun suv isrof qilayotgan qo`shnisi haqida xabar bergan bola, ertaga vatan manfaatlarini ham "axborot" deb sotishni odatiy hol deb qabul qilishi mumkin. Albatta,  
tartib-intizom har bir jamiyat uchun zarur. Ammo bu tartib sotqinlikni emas, ishonchni kuchaytirish orqali ta`minlanmog`i lozim. Fuqaroni huquqbuzarlik haqida xabar berishga emas, qonunga rioya qilishga undash muhim. Aslida  
jamiyatni “josuslar” emas, adolatli va mas`uliyatli tizimlar tartibga solinishi kerak. 

Axborot berganlarga mukofot berish amaliyoti, tizimdagi muammolarni xalq zimmasiga yuklashning qulay usuli kabi ko`rinmoqda.  Bunday yondashuv bilan jamiyatda ishonch emas, qo`rquv kuchayadi. Oxir-oqibat bu yo`l bizni jamiyatda ishonch asoslarini emiradigan, salbiy psixologik muhitga etaklashi mumkin. 
Bizga mukofotga intiluvchi sotqinlar emas, mas`uliyatli va o`z vazifasini sidqidildan bajaradigan mutasaddilar kerak.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар