2025 yil 13 iyun kuni kechqurun Eron Isroilga qarshi 150 dan ortiq ballistik raketa uchirdi. Bu hujum Isroilning Tehrondagi "Ko`tariluvchi sher" nomli amaliyotiga javob sifatida amalga oshirilgan. Mazkur amaliyot natijasida Eronda yuqori lavozimli harbiylar, olimlar va yadroviy infratuzilma zarar ko`rgan edi.
Eron o`z tarixida birinchi marta suvosti kemalaridan ballistik raketa qo`lladi. AQSh manbalariga ko`ra, Isroilga qarshi raketa hujumlarining bir qismini AQSh tomonidan qo`llab-quvvatlangan mudofaa tizimi yo`q qilgan. Eron Islom Inqilobi Soqchilari Korpusi (IISK) Isroilning raketa ishlab chiqarish markazlari va harbiy sanoat ob`ektlariga zarba berilganini ma`lum qildi.
Javob tariqasida Isroil ham Erondagi "Hamdam" va "Tebriz" harbiy bazalariga havo hujumi uyushtirdi. Shuningdek, ba`zi manbalar Erondagi ayrim havo hujumidan mudofaa (PVO) tizimlari yo`q qilingani haqida xabar berdi. Ammo, sakkizta Isroil samolyoti urib tushirilgani va bir ayol uchuvchi asirga olingani haqidagi ma`lumotlar hozircha rasmiy tasdig`ini topmagan va tekshirilmoqda.
Mojaro oqibatida Tel-Avivda 21 kishi jabrlandi, shundan biri og`ir ahvolda. Eronda esa rasmiy manbalarga ko`ra, kamida 78 kishi halok bo`lgan, 300 dan ortig`i tan jarohati olgan. Qurbonlar orasida bolalar va olimlar ham borligi aytilmoqda.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu “Bu urush uzoq davom etadi, maqsad — Eron yadroviy salohiyatini yo`q qilish”, deb bayonot berdi. Eron prezidenti Masud Pezeshkian esa “Xalqaro qoidalar buzildi, Isroil o`z javobini oladi”, deya javob qaytardi.
Ushbu keskinlik mintaqaviy barqarorlikka jiddiy tahdid solmoqda va xalqaro hamjamiyat tomonidan diqqat bilan kuzatilmoqda. Vaziyatning keyingi rivoji butun Yaqin Sharq mintaqasiga ta`sir qilishi mumkin.
Eslatib o`tamiz, ushbu hujumlar oqibatida Isroil Eronga uyushtirilgan harbiy zarbalardan so`ng dunyo bo`ylab elchixonalar va konsulliklarini yopdi.
O`zbekiston elchixonasi ham Isroilda raketa otishmalari kutilayotganligi sababli u erda istiqomat qiluvchi yurtdoshlarimizni ogohlantirib, tezkor ehtiyot choralarini ko`rishni qat`iy tavsiya qildi. (https://t.me/rost_24uz/12711)