Poytaxtdan uy sotib olish uchun 15 yil kerak bo`ladi

13.06.2025 11:02

2021–2024 yillar davomida aholi daromadlari 87% ga o`sgan bo`lsa, uy-joy narxlari 44% ga ko`tarildi. Bu esa o`z navbatida, aholining uy-joy sotib olish qobiliyati yaxshilanganini ko`rsatadi. Ammo bu umumiy raqamlardir. Asl holat har bir hududda turlicha — kimdir 7 yilda uy olish imkoniga ega bo`lsa, boshqasi uchun bu orzu deyarli 15 yilga cho`ziladi.

Masalan, Sirdaryo viloyati aholisi o`rtacha hisobda 7 yilda uy-joy sotib olishi mumkin. Bu respublika miqyosida eng qisqa muddatli ko`rsatkich bo`lib, 2021 yilda bu raqam 9 yilni tashkil etgan. Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida ham uy-joy xaridi uchun qulay hududlardir. Mazkur viloyatlarda uy olish uchun tegishli daromadni yig`ish muddati taxminan 7,6 yilni tashkil qiladi. Farg`ona viloyatida bu ko`rsatkich 7,3 yilga, Surxondaryoda esa 8,2 yilga teng bo`lib, aholi uchun imkoniyatlar nisbatan yaxshilangan.

Andijon, Namangan, Jizzax, Qoraqalpog`iston Respublikasi kabi hududlarda ham ijobiy siljishlar bor. Namanganda 2021 yilgi 12,6 yillik ko`rsatkich 10 yilga tushgan. Xuddi shunday, Andijonda 12,9 yillik davr hozirda 10,2 yilga qisqargan. Qoraqalpog`istonda esa bugun uy sotib olish uchun 7,4 yil kerak bo`ladi, bu esa o`tgan yillardagiga nisbatan yaxshiroq ko`rsatkich.

Toshkent viloyatida o`rtacha ko`rsatkich 11 yil atrofida. Navoiyda esa bu raqam 11,3 yilga teng. Buxoroda esa bu muddat 10.4 yil bo`lib, deyarli o`zgarmagan.

Respublika bo`yicha o`rtacha ko`rsatkich esa 9,9 yilni tashkil etadi. Bu 2021 yildagi 11 yillik davrga nisbatan yaxshilanishni anglatadi.

Shunga qaramay, ayrim hududlarda uy-joy olish hamon juda murakkab. Jumladan, poytaxt Toshkent shahrida uy olish uchun o`rtacha 14,9 yil kerak. Bu mamlakat miqyosidagi eng yuqori ko`rsatkichdir. 2021 yilda bu raqam 17,8 yil edi, ya`ni ijobiy siljish bor, ammo uy-joy narxlari daromadlarga nisbatan juda yuqoriligicha qolmoqda. Samarqand viloyatida ham shunga o`xshash holat kuzatiladi. Mazkur hudda uy sotib olish uchun 13.9 yil kerak bo`ladi, bu esa aholining uy-joy sotib olish imkoniyati pastligini ko`rsatadi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар