Norvegiyaning Oslo Tinchlik tadqiqotlari instituti (PRIO) tomonidan e`lon qilingan hisobotga ko`ra, 2024 yilda dunyoning 36 davlatida jami 61 ta qurolli to`qnashuv sodir bo`lgan. Ulardan 11 tasi to`liq miqyosdagi urushga aylanib, har biri kamida ming nafardan ortiq insonni hayotdan olib ketgan.
PRIO ma`lumotlariga ko`ra, 2024 yilda ikki urush global dinamikada etakchi rol o`ynadi. Jumladan, Rossiya-Ukraina mojarosi sabab taxminan 76 000 kishi halok bo`ldi. Isroilning G`azoga hujumlari esa 26 000 qurbon bilan ikkinchi o`rinni band etdi. Biroq u insoniy talafotning katta qismi tinch aholi, xususan ayollar va bolalar hissasiga to`g`ri kelishi bilan ajralib turadi.
Hisobotda qayd etilishicha, 2023 va 2024 yillarda qurolli mojarolar sabab jami 129 000 kishi halok bo`lgan. Bu so`nggi 30 yildagi o`rtacha darajadan ancha yuqori ko`rsatkichdir.
PRIO ekspertlariga ko`ra, qurolli mojarolardan eng ko`p zarar ko`rgan mintaqa Afrika hisoblanadi. Tadqiqotda ichki qurolli to`qnashuvlar sonining keskin oshgani alohida ta`kidlanadi. Jumladan o`tgan yili qit`aning 28 ta davlatida ichki qurolli mojaro kuzatilgan. Bu 10 yil avvalgidan deyarli ikki barobar yuqoriroq ko`rsatkichdir.
Yashil qit`adan keyingi o`rinni 17 ta mojaro bilan Osiyo egallagan. Yaqin Sharqda 10 ta, Evropada 3 ta Amerika qit`asida esa 2 ta nizo qayd etilgan. Shu bilan birga, turli guruhlar va mahalliy to`dalar kabi nodavlat ishtirokchilar o`rtasidagi qurolli to`qnashuvlar 2023 yildagi 80 tadan 2024 yilda 74 taga kamaygan.
PRIO direktori va hisobotning etakchi muallifi Siri Aas Rustad global xavfsizlik bo`yicha chuqur xavotir bildirdi.
“Bugungi dunyo o`n yil avvalgiga qaraganda ancha zo`ravon, fragmentasiyalashgan va barqarorlikdan uzoqlashgan. Bunday sharoitda izolyasion siyosat yuritish insoniyat hayoti uchun jiddiy va uzoq muddatli oqibatlarga olib keladigan katta xato bo`ladi”, degan u.
Vashington hamda Tehron o`rtasida o`tayotgan yadroviy muzokaralar boshi berk ko`chaga kirishi mumkin. AQSh prezidenti jarayon muvaffaqiyatli yakunlanishiga ishonchi kamayib borayotganini aytgach, Pentagon Yaqin Sharqning qator hududlaridan diplomatik vakolatxonalarni evakuasiya qilish ehtimoliga hozirlik ko`ra boshladi. Bu mintaqada yana bir yirik mojaro keltirib chiqarishi mumkinligidan xavotirlar bor.