O`zbekistonda taksichilarning o`z doimiy yashash joyidan boshqa hududda taksichilik qilishi qonunga zid deb belgilandi. Transport vazirligi axborot xizmati rahbari Navro`z Ashurmatovning tasdiqlashicha, ushbu tartib kuchga kirib bo`lgan.
«Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 2011 yilda qabul qilingan yo`nalishli taksilar faoliyatini tartibga soluvchi 139-sonli qarorida qayd etilgan. O`sha qaror bilan tasdiqlangan nizomda yo`nalishli taksilar uchun yagona tanish belgilari va ularning faoliyat yuritishi uchun qo`yilgan talablar bor. O`sha nizomning 5-bob 9-bandida haydovchi yo`lovchilarni yo`nalishsiz taksida tashishni lisenziya kartochkasida belgilangan hududda amalga oshiriladi deb yozilgan. Bu qaror hozir o`zining kuchini yo`qotgan. Mazkur qaror o`rnini bosuvchi 2025 yilda chiqqan qarorga ko`ra, haydovchining o`z hududida, ya`ni lisenziya kartochkasida ko`rsatilgan hududda faoliyat olib borishi belgilab qo`yildi. Bu oldindan bo`lgan narsa va allaqachon kuchga kirib bo`lgan», — deydi vazirlik vakili.
«Taksichilik qiluvchilar lisenziya varaqasida ko`rsatilgan hudud va unga tutash hududda taksichilik qilishi kerak. Soddaroq qilib tushuntirganda, sizning mashinangiz bor va uning davlat raqami belgisi Toshkent viloyati hududidan ro`yxatdan o`tgan, ya`ni „10“ raqamli nomer berilgan. Shunda siz Toshkent viloyati hududi ichida va unga tutash bo`lgan hudud: Toshkent shahri, Sirdaryo va Namangan viloyatlari ichida yo`nalishsiz taksi faoliyati bilan shug`ullanishingiz mumkin. Yoki Samarqand viloyati davlat raqami belgisi olgan mashina egalari Samarqand viloyati ichida va unga chegaradosh bo`lgan boshqa viloyatlar hududida taksichilik qilishi mumkin», — deydi Ashurmatov.
Ertaga navbat viloyatlik novvoylar, viloyatlik o`qituvchilar va hammamizga etib boradi
Vazirlar Mahkamasi tomonidan qonunchilikka imi-jimida kiritilgan bu yangilik jamoatchilik noroziligiga sabab bo`lmoqda.
Otabek Bakirov, iqtisodchi:
«Qaror muhokamaga qo`yilmagan, nima uchun bunday talab kiritilayotgani izohlanmagan. Uning oqibatlari ham o`ylanmagan. O`nminglab odamlarning nafratini qo`zg`aydigan bu qarorning lobbisti kim bo`lganini o`zingiz uchun tasavvur qilishingiz mumkin.
Bu qaror qaysi aql bilan va nima maqsadda qabul qilingani shaxsan menga tushunarsiz. Xo`p, endi nima bo`ladi?
Endi Toshkent shahrida taksichilik faoliyati bilan shug`ullanayotgan o`nminglab O`zbekiston fuqarolarida bir necha variantlar qoladi:
1. Mashinasini sotib, Rossiyaga mardikorlikka ketish.
2. Viloyatlarga qaytish va ishsizlar yoki kambag`allar armiyasini ko`paytirish.
3. Kamida 5,5 mln so`m pul sarflab, o`z mashinasini toshkentlik qarindoshi yoki tanishi nomiga o`tkazish (Toshkent raqami uchun), keyin ijarada yoki ishonchnomada taksichilik qilish. O`tgan yomon zamonda yuzminglab o`zbekistonliklar Toshkent shahridagi o`z uyini boshqalar nomiga rasmiylashtirib va ijara shartnomasi qilib yashashiga to`g`ri kelardi. Xuddi shu buzuq praktika qaytmoqda. Masala xususan, avtomobil raqamiga oid bo`lgani uchun lobbi aynan raqam qirollaridan chiqqanmikan, degan gumon ham keladi. Chunki oxirgi chora sifatida viloyatlik haydovchilar Toshkent raqamlarini olishga majbur bo`lishadi.
Tabiiyki, poytaxtliklar viloyatliklarni kamsitishga oid bu qarorning oqibatlarini cho`ntaklarida sezishadi. Taksi narxlari oshadi, yo`nalishsiz taksilar kamayadi.
Konstitusion sudga murojaat qilinadimi?
Shaxsan mening fikrimcha, poytaxtda taksi xizmati ko`rsatishdan viloyatliklarni chetlatadigan yoki cheklovni aylanib o`tish uchun qo`shimcha xarajatga majburlaydigan bu rasvo talab Konstitusiya ruhi va mundarijasiga zid. Behzod Hoshimov bilan bu borada to`liq hamfikrman.
Konstitusion sudga murojaat qilishning eng tez varianti sifatida parlament deputatlari orqali amalga oshirilishi mumkin. Siz nima deb o`ylaysiz, deputatlar orasida bironta mard chiqarmikan?
Agarda viloyatlik taksistlarning huquqi cheklanishiga ko`z yumilsa, ertaga navbat viloyatlik novvoylar, viloyatlik o`qituvchilar va hammamizga etib boradi. Biz o`tgan yomon zamonda bir kechada uyg`onib turib, 2016 yilga kelib qolmaganmiz».
Konstitusiyaga qarshi propiska rejimi rasman qaytgani bilan hammani tabriklayman!
Xushnudbek Xudoyberdiev, huquqshunos, bloger:
«Endilikda haydovchilar mashina raqami berilgan hududda taksichilik qilishi mumkin bo`larkan. Bu degani, masalan, 60 raqamli avtomobili bor haydovchilar faqat Andijonda taksichilik qila oladigan bo`libdi. Yoki 95 raqamli avtomobili bor haydovchilar faqat Qoraqalpog`istonda taksichilik qila oladi.
Endi nima bo`ladi?
Birinchidan, endi Toshkentda taksilar qimmat bo`ladi;
Ikkinchidan, 2 minutda keladigan taksi 10 yoki 20 minutda kelishni boshlaydi, chunki qonuniy taksichilar soni keskin kamayadi;
Uchinchidan, endi viloyatliklar noqonuniy taksichilik qilishga o`tadi. Ko`chalarda qo`l ko`tarib turganlar ko`payishni boshlaydi, yashirin iqtisodiyot yana gullab, yashnaydi;
To`rtinchidan, endi qonuniy ishlamoqchi bo`lgan viloyatliklar noiloj O`Z MAShINASINI Toshkent propiskasi bor biron tanishining nomiga o`tkazishga, o`zi esa “gen doverennost” orqali yurishga MAJBUR bo`ladi. Natijada mulkiy nizolarning yangi to`lqini boshlanadi, tanishiga ishonib, o`z mashinasidan ayrilib qolgan yurtdoshlarimiz ko`payishni boshlaydi.
Mas`ullar o`ylaganidek, bu qaror orqali Toshkentda tirbandliklar kamayib qolmaydi. Hamma o`z viloyatiga qaytib ketmaydi (ish yo`q joyda nima bor?). Bunga ishonayotganlarning yoki o`zi ahmoq, yoki boshqalarni ahmoq deb o`ylaydi. Eng asosiysi PROPISKA REJIMI rasman qaytgani bilan hammani tabriklayman! Qanchadan qancha “qon yutishlar” orqali bir amallab yo`qotilgan la`nati rejim taksichilar misolida yana ORTGA QAYTIBDI! Konstitusiyaga zid bo`lsa ham, baribir shu qarorni qabul qilishibdi. Eh, propiska rejimi bekor qilingani Yangi O`zbekistondagi eng katta yutuqlardan biri sifatida e`tirof etilgan edi-ya... Buncha tez ortga qaytamiz, deb o`ylamagandim».
Respublika ichidagi cheklovlar shunchaki mantiqsiz
«Ijtimoiy tarmoqlarda yozilayotgan gaplar rost bo`lsa, Toshkentdagi tirbandliklar masalasini xato yo`l bilan echmoqchi bo`lishyapti, shekilli. Muammo talabda, taklifda emas. Toshkentda ko`p avtomobillarga talab bor, ko`p odamlar esa bu talabni qondiradi. Bu masalaning to`g`ri echimlari bor – pullik “parkovka”, jamoat transportiga sarmoya, balki ko`chalardagi harakatlanish ayrim vaqtlarda pullik bo`lishi mumkin. Belgilangan chorada esa, masala xuddi faqat taklifdadek tuyulyapti.
Qaysidir Janubiy Amerika mamlakatida, avtomobil nomerlari toq raqam bilan tugasa toq kunlarda, juft raqam bo`lsa juft kunlarda harakatlanishga ruxsat berishgan edi. Natijada, avtomobillar soni qariyb ikki karra oshgan. Bu loyihani ham aylanib o`tishadi, salpal haqlar poymol qilinadi, qonuniylika nisbatan behurmatlik oshadi, lekin taksilar yo`q bo`lib qolmaydi.
Ikkinchi tomondan – qonuniy masala. Bunisi muhim. Konstitusiyaviy va bazaviy inson huquqlari. Agar qaysidir faoliyat turi – odamni kelib chiqishi sababidan boshqa viloyatlarda ishlashi taqiqlansa – insonlarning konstitusiyaviy huquqi masalasi ko`tarilishi kerak. O`zbekistonliklar, O`zbekistonni istalgan xududida yashashga va mehnat qilishga bo`lgan haqlari cheklanmasligi kerak deb o`ylayman.
Yana bir mental eksperiment: agar viloyatlararo cheklov to`g`ri deb o`ylasangiz, nega unda tumanlararo cheklov xato narsa deb o`ylaysiz?
O`ylab ko`ring, qashqadaryolik haydovchi Toshkentda ishlamasligini oqlashga ishlatilgan mantiqni yunusobodlik haydovchi Sergelida ishlamasligiga yoki chinozlik haydovchi Yangiyo`lda ishlashi mumkin emasligiga qo`yib ko`ring. Ahmoqona eshitiladi-a? Bir respublika ichidagi cheklovlar ham xuddi shunday eshitiladi. Ular mantiqsiz.
Men oldinlari Rossiyaga borganimda juda ko`p marotaba o`zbekistonlik yoki qirg`izistonlik haydovchilarga duch kelar edim. Yoki Nyu Yorkda ham, bir necha marta o`zbek haydovchisi meni manzilga etkazib qo`ygan. Ko`plari Nyu Jersi yoki hatto Pensilvaniyada istiqomat qilishar edi, Nyu Yorkda emas. Yaxshiyam, kim qaysi shaharda faoliyat olib borishiga ruxsat berishda kelib chiqishiga (o`zbek) qaralmas ekan. Vaholanki, Nyu York bilan Nyu Jersi umuman har xil shtat va hatto har xil soliq tizimi».