Joriy yilning 10–12 iyun kunlari bo`lib o`tayotgan IV-Toshkent Xalqaro Investisiya Forumi (TIIF 2025) xalqaro investorlar, moliya institutlari, biznes va davlat sektori vakillari o`rtasida muloqot, sheriklik va yangi loyihalarni muhokama qilish uchun muhim platforma bo`lib xizmat qilmoqda.
Ushbu yirik tadbir doirasida «Biznesni rivojlantirish banki» ATB bir qator xalqaro moliya institutlari va yirik kompaniyalar bilan samarali uchrashuvlar o`tkazdi.
Jumladan, bank vakillari Aktifbank (Turkiya), FAB – First Abu Dhabi Bank va Cargill Financial Services International Inc (BAA), BK Trade Capital (Shveysariya, tashqi savdo va moliyaviy xizmatlar sohasida ixtisoslashgan kompaniya), Commerzbank (Germaniya), Olam Agri (Singapur, qishloq xo`jaligi mahsulotlari savdosi va ta`minoti sohasida faoliyat yurituvchi global agroindustrial kompaniya), StoneX (AQSh, tovar, valyuta va moliya bozorlarida brokerlik va savdo xizmatlari ko`rsatuvchi moliyaviy korporasiya), Landesbank Baden-Württemberg (Germaniya) kabi nufuzli tashkilotlar bilan muzokaralar olib bordi.
Uchrashuvlar davomida tomonlar o`zaro manfaatli hamkorlikni yo`lga qo`yish bo`yicha kelishuvlarga erishdilar. Xususan, kichik va o`rta biznes uchun moliyaviy resurslarni jalb qilish, eksport va savdo moliyasi hamda xalqaro banklar bilan korrespondentlik munosabatlarini mustahkamlash bo`yicha hamkorlik yo`nalishlari belgilab olindi.
Ushbu muzokaralar «Biznesni rivojlantirish banki» ATBning xalqaro hamkorlikni kengaytirish, moliyalashtirish manbalarini diversifikasiya qilish, tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash va O`zbekiston iqtisodiyotining barqaror o`sishiga ko`maklashishga qaratilgan strategik maqsadlarini amalga oshirishda muhim qadam bo`ldi.