Moskvadagi ko`ptarmoqli migrasiya markazi Toshkentda o`z vakolatxonasini ochadi.
Bu haqda O`zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o`rinbosari Erkin Muhitdinov “RIA Novosti”ga bergan intervyusida ma`lum qildi.
Migrantlar tilida “Saxarova” deb ataladigan mazkur idoraning poytaxtimizdagi ofisi mart oyi so`ngiga qadar ish boshlashi kutilmoqda. Vazir o`rinbosarining aytishicha, bu erda O`zbekiston fuqarolari Moskvada ishlash uchun patent olishlari mumkin.
Shuningdek, “Biz markazning rasmiy ochilishi uchun 16-18 mart kunlari Moskvadan delegasiya kutayapmiz”, — degan E.Muhitdinov o`z intervyusida.
Rossiyaga ishga otlanayotgan o`zbekistonliklar uchun Toshkentda patent olish juda qulay. Bu ularni Moskvaga kelgach, patent uchun hujjat topshirib, uning tayyor bo`lishini 14 kun kutishdan qutqarishi mumkin.
Bu vaqtda migrantlarning ishsiz o`tirishi yoki patent chiqqunicha, noqonuniy ishlab turish jarayonida qo`lga tushish, jarima va deportasiya qilinish kabi ko`ngilsizliklarning oldi olinadi.
Ammo bu borada hozircha rasmiy Moskva jim. Shunga qaramay, Toshkentda migrasiya markazi vakolatxonasi ochilishi bilan Rossiya poytaxti darvozalari o`zbek ishchilari uchun ochilishi ehtimoli ham yo`q emas.
Bu yaxshi xabar. Ammo bir xavotirli savol paydo bo`ladi: O`zbekiston tarafi ham o`z ustamasini qo`yishi asnosida patent narxi yana ko`tarilib ketmasmikin?
Rost24 axborot-tahliliy sayti ushbu savolni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirigiga qoldiradi.