Byudjet pullari “havoga uchmoqda”mi? Qimmat maslahatlar, milliardlik printerlar va shubhali xarajatlar

10.06.2025 10:07

Vazirlik, idoralar hamda hokimliklar tomonidan davlat mablag`larining sarflanishi tobora ko`proq jamoatchilik e`tiborida bo`lmoqda. Har kuni hokimliklar va vazirliklar tomonidan qabul qilinayotgan milliardlab so`mlik qarorlar ortidagi mantiq, samaradorlik va buning xalqqa qanday foydasi borligi haqida savollar ortib bormoqda. Ayrim misollar bu xavotirning asossiz emasligini ko`rsatadi.

Qimmatbaho maslahat: Rossiya tajribasi nega bunchalik qimmat?

2025 yil aprel oyida Iqtisodiyot va moliya vazirligi Rossiya tajribasini o`rganish maqsadida "Yakov i Partnyor" xususiy konsalting kompaniyasidan maslahat xizmatini xarid qildi — narxi 15,7 milliard so`m (taqriban 1,3 million dollar).

Shu o`rinda asosli savollar tug`iladi:
– Nega aynan shu kompaniya tanlandi?
– Bu qanday qimmatbaho maslahat bo`ldi?
– U kambahallikni kamaytirishga yordam beradimi yoki faqat hisobotda qolib ketadimi?

Jamoatchilikni qiziqtirgan yana bir masala — bu mablag`lar uchun qanday natija kutiladi va uni tekshiruvchilar qanday baholaydi? Bu haqida ham hozircha biror rasmiy xabar keltirilmagan.

Milliardlik printerlar

2025 yil aprel oyida Ichki ishlar vazirligi o`tkazgan tenderda SSD SLAES va NEW TECHNIQUES 777 MChJlar g`olib deb topilib, 1,8 milliard so`mlik rangli printerlar etkazib berish shartnomasini oldi. Bu miqdordagi mablag`ga qancha printer sotib olindi? Bu haqida ham hozircha aniq javoblar yo`q.

“Qovun sayli” uchun 20 millionlik sayt?

Xorazm viloyatida o`tkaziladigan “Qovun sayli” festivali doirasida 20 million so`m evaziga rasmiy veb-sayt yaratilishi rejalashtirilgan. Ammo bunday xarajatning maqsadga muvofiqligi muhokamalarga sabab bo`lmoqda. Yilda faqat bir marta faol bo`ladigan veb-sayt uchun bu darajada mablag` sarflanishi qanchalik asosli?

Shu kabi ayrim viloyatlardagi byudjet sarflari turli savollarni keltirib chiqaradi. Masalan, Buxoroda axborot xizmati uchun “texnika xaridi” maqsadida 1,3 milliard so`m ajratilgan bo`lsa, Namanganda "Futbol kuni" munosabati bilan o`tkazilgan bir kunlik o`quv-seminarga 75,4 million so`m sarflangan. Biroq, bu mablag`larning aniq maqsadi, kim uchun va qanday shartlarda yo`naltirilgani haqida jamoatchilikka aniq axborot taqdim etilmagan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар