Markaziy bank 2024 yilga oid Moliyaviy barqarorlik ko`chmas mulk bozori qanday o`zgarayotganini tahlil qildi. Qayd etilishicha, mamlakatda uy-joylar narxi o`sishi to`xtagan bo`lsa-da, qiymat hali ham yuqori.
Uylar asl narxidan qimmat
2024 yilda O`zbekistonda uylar narxlari keskin o`smadi, lekin bozordagi narxlar hali ham uylarning asli (fundamental) qiymatidan 17 foiz yuqori. O`tgan yili uy narxlari yillik o`sish sur`ati 18,2 foizni tashkil etdi, biroq bu 2023 yildagidan 14,2 foizga kam.
Tahlil qilinishicha, banklarda ipoteka krediti berish shartlari qiyinlashgani va aholining real daromadiga mos narxlar shakllana boshlashi tufayli talab pasaygan.
Yil davomida ipoteka kreditlari qimmatlashib, foizlari oshdi. Qarzni to`lash muddati qisqartirilgani hisobiga ipoteka kreditlari uchun xizmat ko`rsatish xarajatlari o`sgan. Natijada oylik to`lov qiymati ko`tarilib, odamlarda kreditga uy olish imkoni toraygan.
Yil davomida o`rtacha ish haqi 17,8 foiz o`sgan bo`lsa, ipoteka to`lovlari miqdori 44 foizga ko`tarilgan. Buning ta`sirida odamlarning uy olish qobiliyati 27 foizga pasaygan.
Uy-joy sotib olish kamaydi
O`tgan yili respublikada jami 329 mingta uy sotilgan. Bu ko`rsatkich 2023 yildagiga qaraganda 2,2 foiz kam. Mazkur pasayishga ipoteka olishdagi cheklovlar va bozordagi narxlarning qisman reallashuvi sabab bo`lgan.
2023 yil yakunida O`zbekistonda jami 7,5 millionta uy-joy bo`lgan. Bu aholining har 5 nafariga 1 ta uy to`g`ri kelishini anglatadi.
2025 yil 1 yanvar holatiga ko`ra, banklardagi kreditlarning 13 foizi ipotekaga to`g`ri kelgan. Markaziy bank sharhiga qaraganda, bu ko`rsatkich banklar uchun katta xatar yaratmaydi.
Ipoteka kreditlari bilan vaziyat qanday?
O`tgan yili aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari miqdori 17,1 trln so`mni tashkil etdi. Shundan 92 foizi uy-joy sotib olishga sarflangan. Yil davomida ajratilgan ipoteka kreditlari soni 58,9 mingtani tashkil etib, 2023 yilga nisbatan 14 foizga kamaygan.
“Mamlakatning mehnatga layoqatli yoshdagi doimiy aholisi tarkibida ipoteka krediti mavjud jismoniy shaxslar ulushining o`sish sur`atida ham sekinlashish kuzatilgan. Jumladan, 2024 yil yakunida har mingta mehnatga layoqatli yoshdagi doimiy aholiga to`g`ri keladigan ipoteka krediti oluvchilar soni 18 kishini tashkil etib, 2023 yilga nisbatan 7 foizga o`sgan.
Shuningdek, 2024 yilda har mingta mehnatga layoqatli yoshdagi doimiy aholiga to`g`ri keladigan ipoteka krediti oluvchilar sonining o`sish sur`ati 2023 yilga nisbatan 4 foiz bandga kamaygan”, deya ma`lum qilgan Markaziy bank.
O`tgan yilda aholiga ajratilgan ipoteka kreditlarining o`rtacha miqdori 291 mln so`mni tashkil etib, 2023 yilga nisbatan 18 foizga oshdi. Bunda uy-joy bozor narxlarining o`sishi ajratilgan ipoteka kreditlari o`rtacha miqdorining ortishiga ta`sir ko`rsatdi.
“Banklar tomonidan ipoteka krediti ajratish standartlari bir oz qat`iylashdi. 2024 yilda ajratilgan ipoteka kreditlarining o`rtacha tortilgan so`ndirish muddati 16,6 yilni tashkil etib, 2023 yilga nisbatan 0,8 yilga qisqardi”, deya qayd etgan regulyator.
Hisob-kitoblarga qaraganda, 2024 yilda o`rtacha tortilgan ipoteka krediti foiz stavkasi 0,5 foizga ortib, 19,8 foizni tashkil etgan.
Sharhlanishicha, banklar ipoteka berish talablarini qat`iylashtirgani ikki tomonlama ta`sir qilmoqda. Bir tomondan, kredit olish va uni to`lash qiyinlashgani uchun odamlar uchun uy olish imkoniyati kamaydi. Ikkinchi tomondan, shunday qat`iy talablar banklar uchun xavfni (ya`ni odamlar kreditni to`lamay qo`yishi ehtimolini) kamaytiradi.