3 million so`m oylik, 1 millioni kreditga!

03.06.2025 21:43




Qo`llanilgan makroprudensial choralar natijasida erishilgan yutuqlarga qaramay, O`zbekistonda aholining qarz yuki, ayniqsa mikrokreditlash sohasidagi o`sishi to`g`risida xavotirlar saqlanib qolmoqda. Bu haqda Markaziy bankning 2024 yilgi moliyaviy barqarorlik sharhida ma`lumot berilgan.

Qarz yuki darajasi

O`tgan yili jismoniy shaxslarning umumiy qarz yukining o`rtacha darajasi barcha majburiyatlarni hisobga olgan holda biroz oshdi va 34 foizni tashkil etdi. Ya`ni, O`zbekiston fuqarolari o`z daromadlarining uchdan bir qismidan ko`prog`ini barcha qarzlarni, shu jumladan banklardagi kreditlar, mikroqarzlar va boshqa majburiyatlarni to`lashga yo`naltirgan. Masalan, bir kishi bir oyda 3 mln so`m ishlab topsa, 1,02 mln so`mini kredit to`lovlariga sarflaydi.

Banklardan kredit jalb qilgan fuqarolar orasida qarz yuki ko`rsatkichi DSTI (qarz oluvchining daromadidan kreditni so`ndirishga yo`naltiriladigan ulushi) 50 foizdan yuqori bo`lgan kreditlar ulushi jami kreditlarning 40 foizini tashkil etdi. Ya`ni kreditlarning deyarli yarmi oylik daromadining yarmidan ko`pi qarzni to`lashga ketadigan odamlarga berildi.

Qarz yuki ko`rsatkichi 26−50 foiz oralig`ida bo`lganlar ulushi 42 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, 12 foiz qarz oluvchilarda to`lov qobiliyatini yo`qotish xavfi yuqori — ularning DSTI ko`rsatkichi 100 foizdan oshadi.

Avtokreditlash

Hisobotga ko`ra, avtokreditlash segmentida vaziyat yaxshilangan: Markaziy bankning chora-tadbirlari tufayli xatar darajasi pasaygan. Avtokreditlar bo`yicha o`rtacha DSTI ko`rsatkichi 69 foizdan 61 foizga tushdi. 2024 yilning ikkinchi yarmida 50 foizdan yuqori ko`rsatkichga ega bo`lgan qarz oluvchilarning ulushi 23 foiz punktga kamayib, 40 foizni tashkil etdi.

Makroprudensial instrumentlarning qat`iylashtirilishi avtokreditlarning garov bilan ta`minlanishida ijobiy o`zgarishlarga olib keldi. Xususan, 2024 yilda LTV (kredit summasining garov qiymatiga nisbati) ko`rsatkichi 80 foizdan yuqori bo`lgan avtokreditlar ulushi (ya`ni xaridorlar 20 million so`m va undan past boshlang`ich to`lovni to`lab, 100 million so`mlik avtomobil sotib olish uchun 80 million so`m va undan yuqori miqdorda qarz olishi mumkin edi) 2023 yilga nisbatan 6 foiz bandga kamayib, barcha avtokreditlarning 48 foizini tashkil etdi.

2024 yilda ajratilgan avtokreditlar bo`yicha o`rtacha tortilgan LTV ko`rsatkichi 73 foizni tashkil etib, 2023 yilga nisbatan 9 foiz bandga kamaygan.

Ipoteka

Ipoteka kreditlari bo`yicha kredit summasining garov qiymatiga o`rtacha nisbati LTV o`tgan yilga nisbatan biroz oshgan holda 76 foiz darajasida saqlanib qoldi.

Ipoteka krediti olgan jismoniy shaxslarning beshdan bir qismi daromadlarining asosiy qismini qarzlarni to`lashga sarflaydi. 2024 yilda ipoteka kredit oluvchilarning 21 foizida DSTI ko`rsatkichi 100 foizdan oshgan, ya`ni ularning qarzi daromadidan yuqori bo`lgan.

DSTI 50 foizdan past bo`lgan qarz oluvchilarning ulushi 39 foizni tashkil etdi. Ipoteka olgan jismoniy shaxslar o`rtasida DSTI’ning o`rtacha ko`rsatkichi (barcha bank va bankdan tashqari majburiyatlarni hisobga olgan holda) 65 foizni tashkil etdi.

Mikrokreditlash

Shu bilan birga, mikrokreditlash sohasida xatarlar oshgan. Muammoli kreditlar ulushi yuqori bo`lib, ayrim banklarda shakllangan zaxiralar darajasi pastligicha qolmoqda. Qarz yuki ko`rsatkichi (34 foiz) ipoteka va avtokreditlarga qaraganda kamroq bo`lsa-da, uning o`sish sur`ati yuqoriroq.

Berilgan mikroqarzlar hajmi va qarz oluvchilar soni jadal o`sib bormoqda. 2024 yil yakunlariga ko`ra, banklarning kredit portfelida mikroqarzlar qoldig`i avtokreditlar hajmidan 6 foiz bandga oshib, 42,4 trln so`mni tashkil etdi.

2025 yil 1 yanvar holatiga ko`ra, mikroqarz oluvchilar soni qariyb 2,3 million kishiga etdi — bu o`tgan yilga nisbatan 37 foizga ko`pdir. Taqqoslash uchun: 2019 yilda mikroqarzlar 500 ming qarz oluvchida bo`lgan (4,6 baravar kam).

Har bir kishiga 1,7 ta mikroqarz shartnomasi to`g`ri keladi (0,4 ta edi), bu esa ortiqcha qarz yuki xavfini kuchaytiradi.

Mikroqarzlarni berishda aniq maqsad va garov ta`minoti talablarining mavjud emasligi qarz oluvchilarning o`z majburiyatlarini bajarmaslik xavfini oshiradi, bu esa, o`z navbatida, banklarning kredit yo`qotishlari xavfini oshiradi.

Shu sababli Markaziy bank 24 iyuldan boshlab mikroqarzlar bo`yicha talablarni kuchaytiradi. Banklar portfelidagi ulush 25 foizdan oshmasligi kerak. Shuningdek, mikroqarz oluvchi barcha foizlar, komissiyalar, jarimalar, penyalar va boshqa to`lovlarni hisobga olgan holda bir yil davomida olingan summaning 50 foizidan ortiq to`lashi mumkin emas.

«Yuqumli» xavf

Alohida ta`kidlanishicha, 2024 yilning birinchi yarim yilligida barcha kredit shartnomalari ichida rasmiy daromadga ega bo`lmagan shaxslar bilan tuzilganlari 23 foizni tashkil etgan. Ikkinchi yarim yillikda bu ko`rsatkich 13 foizgacha pasaygan, biroq bunday qarz oluvchilar uchun yuqori xavf darajalari hamon saqlanib qolmoqda.

Bir nechta kredit majburiyatlariga ega qarz oluvchilar ulushining o`sishi Markaziy bankda tashvish uyg`otmoqda. Tijorat banklari portfelida bir nechta kreditga ega bo`lgan qarz oluvchilar sonining ko`payishi banklar o`rtasida «yuqish xavfi»ni (contagion risk) oshirishi mumkin: bir mijozning to`lov qobiliyatining yomonlashuvi bir vaqtning o`zida bir nechta banklarning aktivlar sifatiga ta`sir ko`rsatadi.

Regulyator ma`lumotlariga ko`ra, 2024 yil davomida kredit olgan jismoniy shaxslarning 68 foizi bittadan ortiq kredit majburiyatiga ega bo`lgan. Avtokredit va ipoteka oluvchilar orasida bunday qarz oluvchilarning ulushi mos ravishda 42 foiz va 48 foizni tashkil etdi. Mikrokreditlash segmentida bu ko`rsatkich 70 foizga etdi.

Shu bilan birga, bir qarz oluvchiga to`g`ri keladigan qarzdorlik 37,6 million so`mga etib, yil davomida 1,5 foizga oshgan. Biroq, aholi jon boshiga YaIMning qarzga nisbatan tezroq o`sishi qarz yukining o`sishini qisman qopladi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар