Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2024 yil may oyidan joriy etilgan yangi tariflarning aholi energiya iste`moliga ta`sirini o`rgandi.
Markaz axborot xizmatining ma`lum qilishicha, tadqiqotda respublikaning barcha hududlaridan 3 ming 516 ta uy xo`jaliklari ishtirok etgan. Jami 3,5 million tabiiy gaz va 8 million elektr energiyasi abonentlarining iste`mol ma`lumotlari tahlil qilingan.
Natijalar qanday bo`ldi?
“Tahlil natijalari shuni ko`rsatadiki, 2024 yil may—dekabr oylarida elektr energiyasi iste`moli 2023 yil mos davriga nisbatan 10,6 foizga kamayib, 1,3 mlrd kVt/soat tejalgan”, deyiladi manba sharhida.
Qayd etilishicha, ilgari oyiga 10 ming kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi iste`mol qilgan uy xo`jaliklari soni sezilarli darajada kamaygan. Jumladan, 2023 yilda bunday oilalar soni 80 mingga yaqin bo`lgan. O`tgan yili bu ko`rsatkich 15 mingtaga kamaygan.
“Aksariyat aholi odatdagi me`yorlar doirasida energiya iste`molidan foydalanishni davom ettirdi. Oyiga 200 kVt/soatgacha elektr energiyasi iste`mol qilgan abonentlar ulushi 2023 yilda 71 foizni, 2024 yilda 72 foizni tashkil etib, barqarorligicha qoldi”, deya ma`lum qildi markaz.
Aholi tejamkorlikni o`rganyapti
Tadqiqot natijalariga ko`ra, o`tgan yili abonentlarning 58 foizi 500 kub metrgacha gaz ishlatgan bo`lsa, 2023 yilda bu raqam 54 foiz edi.
“Tariflarning oshishi asosiy iste`mol hajmining keskin o`zgarishiga olib kelmadi. Eng sezilarli pasayish dastlabki iste`moli nisbatan yuqori bo`lgan hududlarda, masalan, Samarqand, Toshkent, Andijon va Namangan viloyatlarida kuzatildi. Yuqori iste`mol darajasi (oyiga 10 ming kVt/soatdan ortiq) bo`lgan uy xo`jaliklari soni sezilarli darajada kamaydi. Bu esa energiya resurslaridan tejamkor foydalanishga o`tishdan dalolat beradi”, qayd etgan manba
So`rov davomida hududlarda energiya ta`minoti sifati yaxshilanayotgani aytilgan.
Natijalarga ko`ra, respondentlarning deyarli yarmi elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta`minlashdagi ijobiy o`zgarishlarni qayd etgan.
Uy xo`jaliklarining 47 foizi, xususan, Surxondaryo (78 foiz), Sirdaryo (70 foiz) va Namangan (67 foiz) viloyatlarida elektr energiyasi ta`minoti yaxshilanganini bildirgan. Respondentlarning 39 foizida tabiiy gaz ta`minoti yaxshilangan. Eng yuqori ko`rsatkichlar Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida (har biri 68 foiz) hamda Jizzax viloyatida (60 foiz) kuzatilgan.
Aholining 45 foizini, jumladan Sirdaryo (73 foiz), Surxondaryo (62 foiz) va Namangan (59 foiz) viloyatlarida maishiy iste`moldagi suyultirilgan gaz bilan ta`minlash yaxshilangan.
So`rovda qatnashganlarning 31 foizi uyiga energiya tejamkor maishiy texnika sotib olganini bildirgan. Bunda eng katta ulush Jizzax (60 foiz), Navoiy (59 foiz) viloyatlarida va Qoraqalpog`istonda (54 foiz) kuzatilgan.
Aholida qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishga qiziqish ortib bormoqda
Markaz aholida qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishga qiziqish ortib borayotganini ham qayd etgan. Respublikadagi 64 ming uy xo`jaliklarida umumiy quvvati 223,4 MVt/soat bo`lgan quyosh panellari o`rnatilgani aniqlangan. Ularda yillik ishlab chiqarish 313 mln kVt/soatni tashkil etadi, bu orqali 104 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi.
Tahlil qilinishicha, respublikada 1,9 mln uy xo`jaliklarida quyosh panellari o`rnatishga talab mavjud. Bu 2,3 mlrd dollardan ortiq ichki bozorni shakllantirish istiqbollarini ochadi.