O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 fevraldagi qaroriga muvofiq, “Yangiyo`l-Agrostar” kompaniyasi pomidor, bulg`or qalampiri va ko`katlarga ixtisoslashuvi belgilangan.
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB mazkur ixtisoslashgan kompaniyani moliyaviy jihatdan qo`llab-quvvatlash uchun mas`ul etib belgilangan va hamkorlikda bir nechta muhim loyihalar amalga oshirilmoqda.
Kuni kecha shunday loyihalardan biri — Yangiyo`l tumanidagi “Xalqobod” mahallasidan “Tomorqa maktabi” tashkil etildi. Ochilish marosimida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Boshqaruvi va “Uzagrostar holding” kompaniyasi rahbariyati, xorijiy mutaxassislar hamda tomorqa er egalari, dehqon va fermer xo`jaliklari vakillari ishtirok etdi.
Mazkur maktabda tomorqa er egalari, dehqon va fermer xo`jaliklari vakillarining har bir guruhi uchun haftada 4 kun o`quv mashg`ulotlari tashkil etiladi. Mashg`ulotlar tajribali professor-o`qituvchilar tomonidan olib boriladi. Xususan, “Yangiyo`l – Agrostar” kompaniyasiga turkiyalik malakali, oliy toifali agronom Chengiz Yalchin jalb etilib, ushbu mutaxassis ham er egalariga o`zining amaliy bilimlarini beradi.
Shuningdek, fransiyalik mutaxassis, “Experto consulting” kompaniyasi eksperti Stanislas Enrion bilan ham yaqin hamkorlik o`rnatilgan. U o`rganishlaridan kelib chiqib, ixtisoslashgan qishloq xo`jaligi mahsulotlarini etishtirishni rivojlantirish bo`yicha tavsiyalarini berib boradi. Ushbu maktabda yil yakuniga qadar 600 ga yaqin tomorqa er egalari, dehqon va fermer xo`jaliklari vakillarini o`qitish reja qilingan.
Bu yo`nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish maqsadida Toshkent davlat agrar universiteti, Sabzavotchilik va tuproqshunoslik ilmiy tekshirish instituti hamda “AGROLAB” ilmiy tekshirish laboratoriyalari bilan kelishuvlarga erishilgan. Eng muhimi, mashg`ulotlar nazariy, amaliy va ko`chma tarzda tashkil etiladi.
Bundan tashqari, “Tomorqa maktabi” tinglovchilari agrobiznes sektori uchun zarur bo`lgan laboratoriya tahlili xizmatlarini taqdim etish uchun mo`ljallangan “AGROLAB O`HQM” MChJ sinov laboratoriyasida 3 kun davomida olingan nazariy bilimlarini mustahkamlab, tuproq, suv va mevali-sabzavotlarning tarkibi, tahlili, eksport qilinadigan mahsulotlarga olinadigan sertifikat uchun qo`yilgan talablar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo`ladilar.
Tadbirda mehmonlarga “Biznesni rivojlantirish banki” ATB va “Yangiyo`l – Agrostar” kompaniyasi hamkorligida Xitoy texnologiyasi asosida 4 gektar maydonda barpo etilayotgan, 10 sotixdan iborat 30 ta issiqxona qurish loyihasi ham namoyish etildi. Quyosh nuri tushmaydigan bir tomoni to`liq yopilgan bu tejamkor issiqxonalar bir mavsumda 2–3 marta hosil olish imkonini beradi. Eng muhimi, bu erni isitish uchun hech qanday energiya talab etilmaydi. Har bir issiqxonadan olinadigan daromad esa 150 million so`mdan ko`proqqa etishi mumkin.
Reklama huquqi asosida