Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi YouTube platformasining O`zbekistonda reklama daromadlaridan foydalanish (monetizasiya) xizmati yoqilishining iqtisodiyotga ta`siri va mavjud to`siqlarini tahlil qildi (https://review.uz/oz/post/yutub-platformasining-ozbekistonda-reklama-daromadi-korish-monetizaciya-xizmati-yoqilishi-tahlili). Unga ko`ra,YouTube monetizasiyasining yo`lga qo`yilishi O`zbekiston yalpi ichki mahsulotini 0,05−0,1 foizga oshirishi mumkin. Monetizasiya natijasida mahalliy blogerlarning daromadi yiliga 30-50 mln dollargacha oshadi. Yangi kontent yaratuvchilar soni ko`payib, kreativ sanoat rivojlanadi.
YouTube monetizasiyasining iqtisodiyotga ta`siri
YouTube monetizasiyasi 108 ta davlatda yoqilgan bo`lib, Markaziy Osiyo davlatlaridan faqat Qozog`istonda mavjud. Rossiya (sanksiyalar sabab) va Xitoyda xizmat yoqilmagan.
Madaniy va kreativ sohadagi mahsulotlarning dunyo yalpi ichki mahsulotidagi o`rni 3,1 foizni tashkil etadi hamda jahonda ish bilan band aholining 6,2 foizi ushbu sohaga to`g`ri keladi.
O`zbekistonda kreativ industriya sohasiga oid 9,6 ming korxonada 84 ming nafar xodim faoliyat ko`rsatmoqda. Kreativ iqtisodiyotning umumiy iqtisodiyotdagi ulushini 2030 yilgacha 5 foizga etkazish maqsad qilingan.
2025 yil yanvar oyi holatiga 33,9 mln mobil aloqa foydalanuvchilari, 32,7 mln internet foydalanuvchilari mavjud. Faol ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari 11,7 mln nafar bo`lib, mobil internet o`rtacha tezligi 37,82 mb/s, simli (o`zgarmas) internet tezligi 79,06 mb/s.
O`zbekistonda 2,3 mln Facebook, 11,7 mln Instagram, 2,6 mln TikTok, 250 ming X ijtimoiy tarmog`i foydalanuvchisi mavjud bo`lib, veb trafikning 66 foizi Instagram, 13 foizi Pinterest, 8 foizi Facebook, 6,3 foizi YouTube tarmog`iga sarflanadi.
Hozirda O`zbekistonda oylik faol foydalanuvchilar YouTube'da 13 mln kishini tashkil etadi. Bu ko`rsatkich Telegram’da 20 mln, Meta (Instagram va Facebook)da 10 mln.
ITIM tahlillariga ko`ra, monetizasiya xizmati yoqilishi natijasida O`zbekistonda mahalliy reklama bozori hajmi oshadi. 2024 yilda reklama bozori 2,1 trln so`m bo`lib, shundan 29 foizi raqamli reklamaga to`g`ri keladi (20 foiz tashqi reklama, 51 foiz telereklamalar).
2023 yilda Qozog`istonda raqamli reklama bozori hajmi 100 mln dollarga oshgan (+30 foiz). Rossiyada YouTube monetizasiyasi o`chirilgandan so`ng blogerlar 20 mlrd rubl (231 mln dollar) zarar ko`rishgan.
O`zbekistonda monetizasiyaning kiritilishi mahalliy kompaniyalar uchun nafaqat YouTube'da reklama olish imkoniyatini ochibgina qolmay, balki blogerlarga daromad olish imkonini ham beradi
Hisob-kitoblarga ko`ra, monetizasiyaning yo`lga qo`yilishi O`zbekiston yalpi ichki mahsulotini 0,05−0,1 foizga oshirishi mumkin. Qozog`istonda bu ko`rsatkich YaIMning 0,1 foizini tashkil qiladi.
Monetizasiya natijasida mahalliy blogerlarning daromadi yiliga 30-50 mln dollarga etishi mumkin. Yangi kontent yaratuvchilar soni oshib, kreativ sanoat rivojlanadi. Blogerlar va media agentliklar ko`payib, IT (montaj, video, animasiya) xizmatlariga talab ortadi, deya qayd etadi ITIM.
YouTube monetizasiyasi uchun asosiy to`siqlar
Shaxsiy ma`lumotlarni saqlashga doir. YouTube monetizasiyasini yoqish uchun shaxsiy ma`lumotlar bazasini (server) O`zbekistonda saqlash talabi to`sqinlik qilishi mumkin.
Shaxsga doir ma`lumotlar to`g`risidagi qonunga (O`RQ-547) asosan, O`zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma`lumotlari jisman respublika hududida joylashgan va ro`yxatdan o`tkazilgan texnik vositalar hamda bazalarda saqlanishi shart.
Aksariyat xorijiy davlatlarda ham serverlarni mamlakat ichkarisida joylashtirish talabi mavjud bo`lsa-da, yirik xalqaro IT kompaniyalarga nisbatan talablarni yumshatish va alohida shartnomalar tuzish tajribasi qo`llangan.
Rossiya va Qozog`istonda shaxsiy ma`lumotlarni mahalliy serverlarda saqlash bo`yicha qattiq talablar bo`lsa-da, Google va Meta kabi kompaniyalar bilan murosaga kelib, o`z serverlarini mamlakat hududida joylashtirish majburiyatini yuklamasdan, shaxsiy ma`lumotlarni himoya qilish bo`yicha kelishuvlarga erishilgan.
Evropa Ittifoqida mamlakat tashqarisiga ma`lumotni chiqarish Ittifoqning o`zidagi singari xavfsiz saqlanish sharti bilan ruxsat beriladi. Hindistonda faqat moliyaviy ma`lumotlarni davlat ichida saqlash talabi mavjud.
Mahalliy ma`lumotlar markazlarini rivojlantirish va mahalliy serverlar talabini engillashtirish uchun global bulutli xizmatlar (AVS (AVS), Google Cloud, Microsoft Azure) bilan hamkorlikni kengaytirish talab etiladi (Qozog`iston tajribasi). YouTube serverlari asosan xalqaro Tier III standartlari asosida ishlaydi.
Mualliflik huquqiga doir. Mualliflik huquqi bo`yicha qonuniy va amaliy nazorat bo`yicha kamchiliklar YouTube kontent yaratish bozorining rivojlanishiga ta`sir qilishi mumkin.
Mualliflik himoyasiga oid bir qator muammolar uchramoqda:
o`g`irlangan kontentlarni tarqatish keng tarqalgan. Ba`zi kichik telekanallar va blogerlar tomonidan xorijiy filmlar, musiqalar, sport translyasiyalarni ruxsatsiz yuklash holatlari kuzatiladi;
kontent mualliflarining asarlari ruxsatsiz nusxalanib, boshqa kanallarda qayta yuklanishi orqali o`z kontentini himoya qila olmagan mualliflar motivasiyasiz qoladi;
rasmiy lisenziyalangan kontent bozori rivojlanmagan. Masalan, YouTube’dagi musiqalar, filmlar, seriallar uchun rasmiy distribyutorlar yo`q.
Reklama bozorida shaffoflikni ta`minlash uchun reklama faoliyatini kuzatish raqamli monitoring tizimini joriy etish, qonunchilikni xalqaro standartlarga mos ravishda yangilash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, reklama bozoridagi asosiy ko`rsatkichlar va statistik ma`lumotlarni ochiq holda e`lon qilish talab etiladi.
Xalqaro to`lov tizimiga doir. Hozirda Visa, Mastercard va Union Pay kabi xalqaro to`lov tizimlari mavjud bo`lsa-da, YouTube monetizasiyasida keng qo`llanadigan PayPal, Stripe va boshqa xalqaro to`lov tizimlari O`zbekistonda rasmiy ishlamaydi.
Mamlakatda PayPal faqat chiqim qilish (xarid) uchun ishlaydi, lekin mablag` qabul qilish funksiyasi yo`q.
Mahalliy banklar (valyuta hisob raqami) orqali xalqaro to`lovlarni qabul qilish mumkin bo`lsa-da, ularning konversiya stavkalari va qo`shimcha cheklovlari mavjud.
YouTube monetizasiyasi O`zbekistonda qanday hisoblanadi?
Hisob-kitoblarga ko`ra, O`zbekistonda 26 mingdan ortiq faol videoblogerlar mavjud va ulardan 1000 nafari katta blogerlar (100 mingdan ortiq obunachi), 5000 nafar o`rta blogerlar (10−100 ming obunachi), 20 ming nafar kichik blogerlar (1−10 ming obunachi).
Agar 1000 ta ko`rish uchun o`rtacha CPM (reklama to`lovi) 0,8 –1,4 dollar deb olinadigan bo`lsa va yillik umumiy ko`rishlar soni 36 milliardni tashkil etsa, jami daromad 28,8 mln – 50,4 mln oralig`ida bo`lishi mumkin. Taqqoslash uchun: AQShda CPM 5 –15, Qozog`istonda 0,8 – 2 dollar atrofida.