O`zbekistonda so`nggi besh yillikda kiberjinoyatlar 68 baravar oshgan

30.05.2025 11:55

Ma`lum qilinishicha, birgina o`tgan yilda bunday jinoyatlar 2023 yildagiga nisbatan 9,1 baravar ko`paygan. Ushbu davrda kibermakondagi huquqbuzarliklar yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlar soni esa 34 baravar ortgan.

Mazkur jinoyatlar natijasida fuqarolarning 1 trillion 909 milliard so`mdan ortiq mablag`i talon-toroj qilingan.

2019 yilda axborot texnologiyalari orqali 18 turdagi 863 ta jinoyat sodir etilgan bo`lsa, 2024 yilda 62 turdagi 58 ming 800 ta jinoyat qayd etilgani hamda kiberjinoyatlarning umumiy jinoyatchilikdagi ulushi sezilarli ravishda ortishi kuzatilgan.

2023 yilda kiberjinoyatlarning umumiy jinoyatchilikdagi ulushi 6,2 foizni tashkil etgan bo`lsa, 2024 yilda 44,4 foizga etib, deyarli har ikkita jinoyatning biri axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan.

Vazirlikning bildirishicha, kiberjinoyatlarning asosiy qismini (98 foizi) bank kartalari bilan bog`liq jinoyatlar (kibero`g`rilik va kiberfiribgarlik) tashkil etmoqda.

Kiberjinoyatlar asosan quyidagi usullarda sodir etilmoqda:

60 foizi zararli havolalar va dasturlar yuborish orqali bank kartasi yoki mobil qurilma boshqaruvini qo`lga kiritish yo`li bilan;
16 foizi turli aldovlar bilan bank kartasi hamda mobil ilovalardagi akkauntlar boshqaruvini tasdiqlovchi SMS kodni qo`lga kiritish yo`li bilan;
4 foizi shaxs nomiga onlayn kredit rasmiylashtirish orqali;
11 foizi onlayn savdo platformalaridagi firibgarliklar orqali;
9 foizi turli usuldagi firibgarlik sxemalari orqali fuqarolarning pul mablag`larini jalb qilish tarzida sodir etilmoqda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар