Bugungi dunyoda geosiyosiy ziddiyat keskin tus olgan bir paytda, O`zbekiston ochiq, pragmatik va muvozanatli tashqi siyosat yuritib, barcha mintaqa va etakchi mamlakatlar bilan amaliy hamkorlikni mustahkamlab bormoqda. Bu jarayonda Evropadagi muhim siyosiy va iqtisodiy mavqega ega bo`lgan Italiya bilan munosabatlar alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Ayniqsa, Italiya Bosh vaziri Jorja Melonining kutilayotgan rasmiy tashrifi ikki davlat o`rtasidagi do`stona va o`zaro manfaatli munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishi, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirishi kutilmoqda.
Italiya — Evropadagi hamkor
Italiya O`zbekiston uchun Evropa Ittifoqidagi muhim hamkorlardan biri hisoblanadi. Hozirgi kunda ikki davlat o`rtasida «yashil» energetika, kimyo, mashinasozlik, engil sanoat, qishloq xo`jaligi, farmasevtika, ta`lim va turizm sohalarida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Italiya — Markaziy Osiyo muloqoti doimiy ravishda faollashib borayotgani ham ikki tomonlama aloqalarning kengayib borayotganidan dalolat beradi. Turin politexnika va Piza universitetlarining Toshkentdagi filiallari, etakchi oliy ta`lim muassasalari forumi, Rim va Viaredjoda tashkil etilgan «O`zbekiston madaniyati kunlari» bunga yorqin misoldir.
Munosabatlar rivojining ikkinchi bosqichi
O`zbekiston va Italiya munosabatlarini shartli ravishda ikki bosqichga ajratish mumkin. Birinchi bosqich — 1992 yilda Italiya O`zbekiston mustaqilligini tan olganidan so`ng shakllangan dastlabki diplomatik aloqalardir. 1998 yilda O`zbekistonning Rimdagi elchixonasi ochildi, keyinchalik Milan, Florensiya, Toskana, Liguriya va Umbriyada faxriy konsulliklar tashkil etildi.
Ikkinchi bosqich — 2023 yildan boshlangan yuqori darajadagi faol siyosiy muloqotlardir. Shavkat Mirziyoevning 2023 yilda Italiyaga rasmiy tashrifi, o`sha yilning noyabrida Prezident Serdjo Mattarellaning O`zbekistonga javob tashrifi, shuningdek, parlamentlararo, hududlararo va vazirliklar darajasidagi hamkorlik mexanizmlari faollashdi.
Institusional va madaniy aloqalar
1999 yildan beri Savdo-iqtisodiy, sanoat kooperasiyasi va eksport kreditlari bo`yicha hukumatlararo ishchi guruh faoliyat yuritmoqda. 1998 yilda tashkil etilgan «O`zbekiston-Italiya» do`stlik jamiyati, 2005 yilda Italiya parlamenti tashabbusi bilan tashkil etilgan do`stlik va hamkorlik assosiasiyasi, 2011 yildan ish boshlagan parlamentlararo hamkorlik guruhi munosabatlar institusionallashganidan dalolat beradi.
Madaniy aloqalar ham chuqurlashib bormoqda: 2023 yil Florensiyada Mirzo Ulug`bek madaniy-ma`rifiy markazi ochildi, Pesaroda «O`zbekiston madaniyati haftaligi» o`tkazildi. Shu yili ikki davlat o`rtasidagi savdo aylanmasi 502,5 million AQSh dollarini tashkil etdi. «Toshkent–Milan» aviaqatnovi yo`lga qo`yildi.
Hududlararo hamkorlik
Ikki mamlakat o`rtasidagi yangi yo`nalishlardan biri — hududlararo hamkorlik va sanoat kooperasiyasidir. Jumladan, 2025 yilda Italiyaning Rejjo-Emilya viloyatidagi kompaniya va Namangan viloyati hokimligi hamkorligida Chust tumanida bazalt xomashyosini qayta ishlash asosida issiqlik izolyasiyasi materiallari ishlab chiqarish bo`yicha investisiya loyihasi amalga oshiriladi. Ushbu loyiha "Gamma Meccanica SpA" kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Bu loyiha nafaqat qishloq xo`jaligi sohasi uchun muhim texnologiyalarni joriy etish, balki mahalliy ishlab chiqarish va eksport salohiyatini ham oshirish imkonini beradi.
Yangi imkoniyatlar eshigi
Jorja Melonining tashrifi nafaqat ikki mamlakat o`rtasidagi an`anaviy do`stona aloqalarning yanada mustahkamlanishi, balki ularni yangi bosqichga ko`tarish, investisiyaviy va savdo hamkorligini kengaytirish, ta`lim va texnologiyalar sohasidagi imkoniyatlarni amalga oshirish yo`lida muhim qadam bo`ladi.
O`zbekiston uchun bu tashrif Evropa bilan yaqinroq hamkorlik qilish, xorijiy sarmoyadorlar uchun yangi sharoitlar yaratish, biznes muhitini takomillashtirish imkonini beradi. Shu bilan birga, mahalliy tadbirkorlarning Italiya bozorlariga chiqishi uchun zamin yaratadi.
Sayfiddin Jo`raev
TDShU professori, siyosiy fanlar doktori