Hududini rivojlantirish hokimlarning xohish va intilishiga bog`liqligi o`z isbotini topdi

27.05.2025 10:31

Yaqindagina Bekobod tumaniga hokim etib tayinlangan Zaynilobiddin Nizomiddinov ishni tumanning eng og`riqli nuqtalaridagi muammolarni tizimli bartaraf etishdan boshladi. 

Bekobod tomonlardan kelayotgan xabarlarga ko`ra, Zaynilobiddin Nizomiddinov Toshkent viloyatining ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan eng og`ir hududiga tashlanganidan so`ng “hokimman” deb shinamgina ofisida, qulf-kalit qilib o`tirib olmabdi. U to`g`ridan-to`g`ri oddiy odamlar orasiga kirib borib, xalq bilan shu elning oddiy bir fuqarosi sifatida dardlarini eshitib, muammolarini o`rganishga bel bog`labdi.

Yangi hokim bugun nafaqat Bekobod tumanining, balki butun O`zbekistonning jiddiy muammosi sifatida qaralayotgan – tibbiyot sohasiga alohida e`tibor qaratmoqda. Tuman markaziy shifoxonasiga so`nggi texnologiyalardan iborat jarrohlik apparatlarini olib kelib, bir paytlarda Toshkentda ham juda kam sonli o`tkaziladigan ochiq yurakda aorta-koronar shuntlash operasiyasi bajarilmoqda. 

Bunday qiyin amaliyotlar bugun yurtimizning chekka bir tumani shifoxonasida ham o`tkazilishi boshlangani, hokim, eng avvalo, Davlat Rahbarining siyosatini chuqur tushunib, eng pastga tushib, ijrosini ta`minlayotganidan dalolatdir. 

Endi Bekobod va unga yondosh tumanlardagi bemorlar 150 kmdan ortiq masofa bosib, Toshkent shahriga kelishi va u erda oylab navbat kutishi shart emas. O`z hududidagi shifoxonada dardiga malham topaveradi. 

Bunday muhim yangilikka shunchaki oddiy xabardek qarashimiz xatolikdir. Bu ommaviy axborot vositalari orqali jar solsa arzigulik yutuq hisoblanadi. Bu boshqa hokimlarga o`xshab, oldin tortib olib, keyin ijtimoiy tarmoqlar orqali ko`z-ko`z qilgan holda qayta “in`om” qilish strategiyasi emas. Bu – haqiqiy xalqparvarlikdir. Tumanda olib borilayotgan va oxirgi oylarda tilga tushayotgan ma`naviyat, ta`lim, san`at va ma`rifat masalalari endi alohida maqola mavzusi...

Bu nimani anglatadi?

Qog`ozda emas, haqiqiy hayotda amalga oshirilayotgan bu harakatlar – xalq dardi bilan yashash amaldorlarning birgina xohish va harakatiga, chin istagiga bog`liqligini anglatadi, xolos. To`xtovsiz harakat bo`lsa bas, imkoniyatlar eshigi doim topilar ekan. 

Yangi hokim tayinlanganiga atigi ikki oy bo`lgan bo`lsa-da, tumanda respublika miqiyosidagi yutuqlar jaranglay boshladi. Endigi navbat – tuman markaziy tug`ruqxonasi bilan bolalar shifoxonasi qurilishida ekan. Bekobod tumaniga yo`lingiz tushganda o`zingiz guvohi bo`lishingiz mumkin bo`lgan haqiqat shuki, o`nlab yillar mobaynida qilinadigan ishlar sanoqli oylar va kunlar ichida bajarilmoqda.

Ma`lumotlarga ko`ra, Bekobod tumanining yangi hokimi kuniga 4-5 soat aholini qabul qilib, ularning muammolarini bartaraf etish bilan shaxsan shug`ullanayotgan ekan. Boshqa populist hokimlarga o`xshab, bitta fuqaroning muammosini hal qilganini butun dunyoga sensasion voqea sifatida ko`rsatmayapti. Chunki maqsad – piar emas, maqsad – Prezidentimiz ta`biri bilan aytganda oddiy odamlarni rozi qilish, saroyda yangrayotgan har bir qaror va farmonni xonadonlarga qadar ro`yobga chiqishini ta`minlash. 

Aslida bir paytlar Administrasiya Rahbari bo`lgan amaldor uchun bu ishlar xamirdan qil sug`urgandek oson-da, deyishngiz ham mumkin. Ammo yuqoridan pastga, aniqrog`i, viloyat yoki tuman darajasiga tushgan qancha-qancha to`ralar, O`zbekiston zamonaviy tarixida ko`p bora kuzatilgan. Ularning aksariyati biror ishni qoyillatishganini hali eshitmadik. Aksincha, suvga tushgan tangadek  yo`qolib ketishgan. Vaholanki, xohish va xolis niyat bo`lsa, qalovini topish mumkin ekanligini shu joyda yana qaytarib aytsak arziydi.

Ammo...

Zaynilobiddin Nizomiddinovning o`zi rahbarlik qilayotgan tuman aholisi uchun amalga oshirayotgan ishlar xalqqa manzur bo`layotgani bor gap. Biroq, bu ishlar kimlargadir yoqmayotgani ham shu kunlarda sezilib qolmoqda. 

Ayrim ijtimoiy tarmoqlar orqali Z.Nizomiddinov faoliyatiga nisbatan aytilayotgan bir tomonlama fikrlar uning xolis intilishlarini ko`rolmayotganlar ham borligidan dalolat. Maxsus “qoralovchi” kompaniyalar orqali zimdan otiladigan malomatlar bejizga emas. Chunki Z.Nizomiddinovning harakatlari shu kungacha faqat qog`ozlardagi hisobot va statistika orqali ishlab kelgan sovuqqon va byurokrat amaldorlar uchun ishga nisbatan yondashuvning o`ziga xos etaloni hamki, bu endi faqat o`z manfaatni o`ylaydiganlarga yoqmasligi ham tayin. 

Yana qaytarib aytamiz, shu jonajon xalq va shu aziz Vatan uchun ishlash XOHIShI Bekobod tuman hokimini tark etmasin!

R.S. Bugun, 27 may kuni Bekobod tuman hokimi Zaynilobiddin Nizomiddinovning tug`ilgan kuni. 51 yoshni qarshi olayotgan bu insonning ishlariga rivoj tilaymiz. El dardi bilan yonib yashayotgan hokimlarni yomon ko`zlardan va yovuz kuchlardan Yaratganning o`zi asrasin...

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар