Abdulla Avloniy: Kim nimani yaxshi ko`rar (1913 y.)

11.03.2021 06:55

Ehtimol, bizning xalq ilmu ma`rifatni, tarbiya va ta`limni, hunar va sanoatni yaxshi ko`rar, deb o`ylaydurg`ondursiz? Yo`q, bu fikringiz yonglish.

Eshonlarimiz toat va ibodat, pandu nasihat, zikru tasbeh o`rnig`a to`ylardan to`n kiyub, ko`b oshab, ko`p uxlashni yaxshi ko`rurlar.

Ulamolarimiz darsu ta`lim o`rnig`a, bir-birlari ila o`run talashib, mukarrir va mudarris bo`lishni, o`zlari bo`lolmay qolsalar, eshikma-eshik yurub saylovni buzishni yaxshi ko`rurlar.

Imomlarimiz, xaloyiqg`a va`z va nasihat o`rnig`a, to`y va janozalarda yurub, joma kiyishni yaxshi ko`rurlar.

Boylarimiz orqa-o`nglarig`a qaramasdan, foyda va zararlarini oyirmasdan bir-birlarig`a raqobat qilaman deb, «bonka» va «kridit»larini ko`payturub, do`ffilari tor kelganda rus va yahudiylarning mollarini bukub-sinishini yaxshi ko`rurlar.

Mo`ysafidlarimiz namoz va niyoz o`rnig`a, masjid eshigiga yig`ilub o`turub, har kimni g`iybat va shikoyat qilishni yaxshi ko`rurlar.

Muallimlarimiz bir-birlaridan qizg`onishub, bolalarni arzon o`qitaman deb, bir o`zlariga yuz, yuzdan ortuq bola yig`ub, o`zlari to`y va ma`rakalarda bolalarning umrini bekor o`tkarishni yaxshi ko`rarlar.

Savdogarlarimiz: «To`ylikni to`yi o`tar, to`ysizni kuni o`tar» degan so`zga amal qilmay, qaysi mahallada to`y bo`lsa, dasturxonchilik qilishni yaxshi ko`rurlar.

Muazzinlarimiz azonni yaxshilab adoyi maxraj qilub aytishni o`rganmay, bir joyda to`y bo`lub qolsa, «Falonchinikiga oshga-ho!» deb qiroat ila qichqirishni yaxshi ko`rurlar.

Do`kondorlarimiz ishlarini tartib-la solmay, zamonag`a muvofiq ish yuritmay, Mallaxon zamonidan qolg`on eski do`kon, eski tos, eski tartiblarini yaxshi ko`rurlar.

Onalarimiz bilim va tarbiya o`rnig`a erlari ila urushub-talashub qizlarig`a mol qilmakni yaxshi ko`rurlar.

Otalarimiz bolalarig`a o`qutmak va ta`lim bermak o`rnig`a «O`g`lum emdi kattakon yigit bo`lding, shuncha o`quganing etar, pul top!» — deb «tashishka» — hammollik qildirishni yaxshi ko`rurlar.

Kosiblarimiz bir-biridan mollarini arzon sotaman deb, tezgina yirtiladurg`on, tikishlar undan urub, mundan chiqg`on, suvni etti chaqirim erdan chaqiradurg`on mahsi va etiklar tikub, sotishni yaxshi ko`rurlar.

Zargarlarimiz yigirma tiyinlik kumush, o`n tiyinlik tillo orasig`a mum va saqichlar joylab, ismini qiz hayron, zebigardon qo`yub, besh-o`n so`mga sotishni yaxshi ko`rurlar.

Tabiblarimiz dolchin, zanjabil, hubbul malik, filfil kabi bir necha attorni qutisida yo`q narsalardan murakkab doru va ma`junlar yasab, bechora nodon xalqni pulini olishni yaxshi ko`rurlar.

Mashshoq va hofizlarimiz to`y va bazmlarga bir mardakni(ng) ismini bachcha qo`yub, o`zlari ila barobar olib yurub, «milliy adabiyot» o`rnig`a «Xonim yalola, begim yalola» deb bachchaga tashlanayotgan pullarni bo`lub olishni yaxshi ko`rurlar.

Savodxonlarimiz jarida va jurnallar, tarix va ro`monlar o`rnig`a Daqyonus zamonidan qolg`on, xurofotlar ila to`lg`on «Andog` urdilarki, gard-gard bo`lub ketdi», deb loflar yozilg`on kitoblarni og`izlarini qufurturub o`qumoqni yaxshi ko`rurlar.

Yigitlarimiz milliy majlis va suhbatlar o`rnig`a to`kma va samavarlarda, rasta va do`konlarda o`lturub, «Falonchining o`g`li xo`b yaxshi bola bo`lubdur, kecha falonchining mehmonxonasig`a qamab, qiyqirtirub bazm qilduk. Emdi falonchining o`g`lini(ng) ham bir bazm qilsak, dunyodan armonsiz ketar eduk» deb, islomiyatdan uzog` insoniyat nomiga yarashmagan ishlarni qilmoq va so`zlashmoqni yaxshi ko`rurlar.

Yoshlarimiz ilm va ma`rifatli bo`lishni, hunar, san`at o`rgonishni o`rnig`a, o`zlariga zeb berub tor shim ila kalta kamzul, qotirma yoqalarga bino qo`yishni yaxshi ko`rurlar.

Ishchilarimiz ilm va hunardan mahrumligi sababli boshqa millatlar ilmu ma`rifatlari soyasida kuniga 4-5 so`m ishlab turgan bu zamonda kuniga uch tangag`a mardikorlikni, oyig`a o`n besh so`mg`a qorovullikni, yigirma so`mg`a fanar yoqishni, o`n so`mg`a ko`nka yo`lini tozalashni va shularga o`xshash eng past va og`ir xizmatlarni yaxshi ko`rurlar.

Bolalarimiz otalarimizning ilm qadrin bilmagan, ilm uchun pulni ko`zlari qiymaganlik sababli o`qumoq va o`rganmoq o`rniga «Oh pul, jonim pul», deb «tashishka» — hammollikni yaxshi ko`rurlar.

Muharrirlarimiz ko`b-ko`b oqcha olib, oz-oz yozishni yaxshi ko`rurlar.

Mushtariylarimiz foydali maqolalar o`rnig`a xabarlarni yaxshi ko`rurlar.

Dumalarimiz majlisga kelub, ustulga suyolub farog`at qilub turg`on vaqtlarida, bir tarafdan qattig`roq tovush chiqsa cho`chib uyg`onishni yaxshi ko`rurlar.

Shoirlarimiz milliy she`r va adabiyot yozishni o`rnig`a muvashshahmi yoki «qoshingdan, ko`zingdan», — deb, javonlarni maqtab fasod axloqg`a sabab bo`ladurg`on she`rlar yozishni yaxshi ko`rurlar.

Ammo men bo`lsam, hozirgi zamonda indamasdan turishni yaxshi ko`rurman.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
13
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
06.04.2022 17:01
Абдулла Авлоний 1913 йилда езганлари 2022 йилда кучайса кучайибдики лекин камаймаган.Хар кадамда шу езилганларни куриш мумкин.
06.04.2022 04:34
Нақадар ажойиб сўзлар ва фикрлар, орадан юз йиллар ўткан бўлса ҳам "Замон" ўзгармапти-да, Буюк файласуф...
26.08.2021 23:14
Хайриятки баччабозликк бархам берилган шу иллат бизда йуколди конун тамондан каттик таькиб килинади колганлари хали учраб туради
13.04.2021 15:27
ҳозирги замонда ҳам шулар ўзгармабди, қойил
11.03.2021 22:04
Бу узбекларга теккан иллат.хуллас одам булишимиз кийин.
11.03.2021 18:03
Qaysi kitobda yozilgan ekan by gap.Iltimos yozvofinglaf qiziqdim