Markaziy bank Osiyo Taraqqiyot banki ko`magida o`tkazgan so`rovda Qoraqalpog`iston Respublikasi, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Toshkent va Farg`ona viloyatlaridan 1200 nafar ishtirokchi qatnashgan. Qo`shimcha ravishda beshta hududdan 198 nafar respondent bilan sifat jihatidan tahlil o`tkazilgan.
So`nggi yillarda jamg`arma qilishda o`sish kuzatilgan. Agar 2011 yilda moliyaviy muassasalarda jamg`armaga ega bo`lganlar 1 foizdan kam bo`lgan bo`lsa, 2025 yilda bu ko`rsatkich 7,4 foizga etdi. Bu iqtisodiy islohotlar samarasi sifatida baholanmoqda.
Biroq, jamg`arma qilish ko`nikmalari hududlar, ta`lim darajasi va bandlik holati bo`yicha sezilarli farq qiladi. Toshkent shahrida jamg`arma qilmaganlar ulushi 25 foizni tashkil etsa, Qoraqalpog`istonda bu ko`rsatkich 54 foizga etgan. Bu esa mamlakat bo`yicha eng past natija hisoblanadi.
Ta`lim darajasi ham katta ahamiyatga ega. Oliy ma`lumotli fuqarolar orasida jamg`arma qilmaganlar 27 foiz bo`lsa, 8-9 sinfni bitirganlar orasida bu ko`rsatkich 53 foizni tashkil qilgan.
Bandlikka qarab eng faol jamg`aradigan guruh — talabalar. Pensionerlar orasida jamg`arma qilmaganlar 46 foizni, ishlaydiganlar orasida esa 32 foizni tashkil etgan.
2025 yil 1 iyun holatiga ko`ra, tijorat banklaridagi depozitlar hajmi 345,6 trln so`mdan oshgan. Shuning 134,5 trln so`mi jismoniy shaxslarga tegishli.