Tanganing ikkinchi tomoni nega yashirilmoqda?
Ijtimoiy tarmoqlarda Star House qurilish kompaniyasining rahbariyati kaltaklangani iddao qilingan videolar tarqaldi. Bu kadrlar puxta o`ylangan strategiya bilan maxsus tarqatilganini video montajlardan anglash qiyin emas.
Mazkur qurilish kompaniyasini obro`sizlantirish va manipulyasiya qilish ishlari hamon to`xtagani yo`q.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan videolar bo`yicha qiziqib, Rost24.uz axborot-tahliliy portali ham mazkur masalaga oydinlik kiritishni istadi.
Surishtiruvlar va to`plangan faktlarga ko`ra, aslida vaziyat videolarda ko`ringani kabi emasligi oydinlashdi.
Kompaniya mas`ullarining ma`lum qilishicha, 13 iyun kuni soat 18:00 atrofida bir guruh odamlar tashkilot bosh ofisiga bostirib kirib, provakasion so`zlar bilan janjal ko`tarishni boshlaydi. Kompaniya rahbariyati va xodimlarining masalani imkon qadar tinch yo`l bilan hal qilishga urinishlari esa zoe ketgan.
“Janjal ssenariysi puxta o`ylangan ekan, biz odamlarni qancha tinchlantirishga urinmaylik, baribir ular bizni eshitishni istamadi. Ularning birdan-bir maqsadi – provakasiya uyushtirib, shovqin ko`tarish bo`lgan ekan. Ular maqsadlariga erishdi. Ya`ni, janjalli videolarni tasvirga olib Star House qurilish kompaniyasini obro`sizlantirishda foydalanishmoqda”, – deydi kompaniya bosh direktori Baxtiyor Maxmudov biz bilan suhbatda.
Kompaniya binosiga bostirib kirgan fuqarolar bilan birga jurnalist va tasvirchilar ham bo`lgan. Ommaga hali oshkor qilinmagan videolardan ko`rish mumkinki, noma`lum mediadan kelgan xodimlar o`zlarini tanishtirishni ham istashmagan. Kompaniya xodimlari ularning qaysi mediadan kelganini aniqlashga qanchalik urinmasin, urinishlari besamar ketgan.
Keyinchalik ma`lum bo`lishicha, bir tomonlama yondashilgan videolar ilk bor Effect.uz saytining yutub kanalida ko`rinish beradi.
Star House xodimlari tomonidan olingan kadrlar esa ijtimoiy tarmoqlardagi siz-u biz ko`rgan videolardan butunlay boshqacha manzara kasb etmoqda. Ya`ni, ushbu kadrlarda tasvirga olayotgan qaysidir nashr tasvirchisi o`zini tanishtirish o`rniga shantaj yo`lini tanlaganini ko`rish mumkin.
Eng achinarli jihati shuki, ommaviy axborot vositasi niqobi ostida faoliyat yuritayotgan bu kabi media xodimlari O`zbekiston jurnalistikasining obro`yiga putur etkazishga xizmat qiladi, xolos.
Shu o`rinda Star House qurilish kompaniyasining bosh ofisiga bosqinchilik uyushtirishda ishtirok etgan hamkasblarimizdan (agar ular jurnalist bo`lsa) tashkilotlarni obro`sizlantirish bilan "tirikchilik" qilmasliklarini so`rab qolardik.
To`rtinchi hokimiyat maqomi berilgan O`zbekiston mediasi niqobi bilan tashkilotlarga bosqinchilik uyushtirish boshqa ommaviy axborot vositalarining ham obro`yiga putur etkazishi mumkin.
“Axborot olish kafolatlari va erkinligi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunining 3-moddasida “Har bir fuqaroning axborot olish huquqi kafolatlanadi.
Har kimning axborotni izlash, olish, tadqiq etish, uzatish va tarqatish huquqi davlat tomonidan himoya qilinadi”, deyiladi. Ammo bu axborot olish uchun tashkilotga bosqinchilik qilish vakolatini bermaydi. Tashkilotlardan ma`lumot olishning qoidalari ham qonun bilan belgilab qo`yilgan.
Bugungi kunda Yangi O`zbekiston nomi ostida boshlangan islohotlar davrida katta-katta qurilishlarga imkoniyatlar berilgan. Bu esa o`z o`rnida qurilish kompaniyalari salmog`ining ortishiga turtki bo`lib, ularning soni bugungi kunda 50 mingdan oshadi.
Shuncha qurilish kompaniyasi bor ekan, ijtimoiy tarmoqlarda nega aynan Star House tizimli ravishda obro`sizlantirilmoqda, nega bu kompaniya atrofida muammolar arimay qoldi?, degan savollar tug`iladi.
Kompaniya rahbariyatining ma`lum qilishicha, "Star House organization" MChJ tomonidan Toshkent shahar Sergeli tumanidagi 59-uy manzilida qurilgan ko`p qavatli bino boshqa bir qurilish kompaniyasiga yoqmayotgan ekan. Demakki, Star House qaysidir amaldor xohishiga qarshi borib qo`ygan ko`rinadi, xoynahoy...
Alohida mavzu bo`ladigan mazkur masalani esa keyinchalik alohida o`rganamiz va o`rganish ishlari bilan siz aziz o`quvchilarni tanishtirib boramiz albatta.