Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Shavkat Mirziyoev soha vakillarini tabrikladi. Prezident o`z murojaatida media sohasining Yangi O`zbekistondagi o`rni va ahamiyati oshib borayotganini qayd etdi.
Mirziyoev axborot sohasidagi yutuqlar qatorida 2 400 ga yaqin OAV faoliyat yuritayotgani, ularning 65 foizi nodavlat ekanini, foydalanuvchilar soni 32,7 millionga etganini ta`kidladi. Yosh ijodkorlar qo`llab-quvvatlanayotgani, bolalar kontentini rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilgani aytildi.
"Hozirgi vaqtda sun`iy intellekt texnologiyalarining shiddat bilan rivojlanayotgani jurnalistika uchun katta imkoniyatlar ochish bilan birga, bu boradagi ishlarimizni zamon talablariga mos holda yo`lga qo`yishni talab etmoqda.
So`nggi yillarda mamlakatimizda o`z kasbini, ona tili bilan birga xorijiy tillarni, IT texnologiyalarini puxta egallagan, jonkuyar va vatanparvar yangi jurnalistlar avlodi etishib kelayotgani barchamizni xursand qiladi.
Ayni vaqtda ommaviy axborot vositalarida xolislik va qonun ustuvorligini ta`minlash, professional bilim va mahoratni oshirib borish, axborot tarqatishning zamonaviy usullarini o`zlashtirish, aholi o`rtasida axborot, bahs va muloqot madaniyatini shakllashtirish, jamiyatimizdagi turli illatlar, korrupsiya balosiga qarshi kurashish kabi dolzarb vazifalar bo`yicha hali ko`p ish qilishimiz zarur", deydi prezident o`z tabrigida.
Bugun “Oltin qalam” mukofoti ilk bor aynan kasb bayramida topshiriladi.