2020 yilda boshlangan O`zbekiston bank tizimidagi islohotlar sezilarli yutuqlarga erishgan bo`lsa-da, hali ham muhim xavf-xatarlar mavjud. Mahalliy banklar hanuzgacha uzoq yillik tizimli muammolar bilan kurashmoqda, so`nggi yillarda esa yangi qiyinchiliklar yuzaga kelgan. Bu haqda Fitch Ratings reyting agentligi Toshkentda bo`lib o`tgan konferensiyasida ma`lum qildi.
Xususiylashtirish
Ma`lum qilinishicha, islohotlar samarasi sifatida 2023 yilda Ipoteka-Bankning (BB-/Barqaror) Vengriyaning OTP Group kompaniyasiga sotilishi eng muhim voqea bo`ldi. Xususiylashtirish rejalashtirilgan boshqa banklarda ham boshqaruv sifati va korporativ boshqaruv ancha yaxshilandi. Biroq bir nechta bank xususiylashtirilishi bo`yicha jarayonlar bir necha bor kechikdi.
Bir muddat avval qabul qilingan prezident farmonida uchta davlat banki — O`zbekiston sanoat-qurilish banki (SQB), Asakabank va Aloqabankni (har biri BB-/Barqaror reytingga ega) 2025 yil oxirigacha xususiylashtirish belgilangan.
Ammo bu banklarni sotish mushkul sababi ularning tarixiy muammolari, xususan, past marjali yo`naltirilgan kreditlar, kapital cheklovlari va ichki bozordagi kuchli raqobat mavjud. Bundan tashqari, global bozorlardagi noaniqliklar investorlar qiziqishiga ta`sir ko`rsatadi. Fitch agentligi ushbu banklarning barchasini belgilangan muddatda xususiylashtirilishini kutmayotganini ma`lum qilgan.
Shunga qaramay, uzoq muddatli davlat nazoratida qoladigan davlat banklari o`z biznes modellarini tubdan isloh qilishda ma`lum natijalarga erishdi. Ular asta-sekin subsidiyalangan ijtimoiy kreditlashdan tijorat kreditlariga, xususan, kichik va o`rta biznes hamda chakana kreditlarga e`tiborni kuchaytirmoqda.
Xalq Banki, Biznesni Rivojlantirish banki va Mikrokreditbankdagi muhim miqdordagi kichik ulushlar yangi tashkil etilgan Milliy Investisiya Jamg`armasiga o`tkaziladi. Bu banklarda boshqaruv, xavf-xatarlarni boshqarish va aktivlar sifati yaxshilanishi kutilmoqda. Ushbu jamg`armani Franklin Templeton boshqaradi, 2026 yilda esa birlamchi ommaviy taklif (IPO) rejalashtirilgan.
Shunga qaramay, sektor hali ham yuqori moliyalashtirish xarajatlari (AQSh bojxona siyosati noaniqliklari bilan bog`liq), davom etayotgan dollarlashuv (garchi u rekord darajada pasaygan bo`lsa ham) va ilgari berilgan kreditlar sifatiga oid xavflar bilan yuzma-yuz turibdi. Ayni paytda, banklar asosan imtiyozli shartlarda xalqaro moliya institutlaridan tashqi mablag`lar olishda davom etmoqda, bu esa qayta moliyalashtirish xavfini kamaytiradi.
Muammoli kreditlar
Fitch prognoziga ko`ra, O`zbekiston banklarida muammoli kreditlar darajasi 2025–2026 yillarda 9–10 foizgacha ko`tariladi (2023 yilda bu ko`rsatkich 8% edi). Bu esa sektor rentabelligiga bosim o`tkazadi, ayniqsa davlat tasarrufidagi banklar uchun. Shunga qaramay, ular davlat kapitali ko`magidan foydalana oladi.
Chakana kreditlash tez sur`atlarda o`sdi, bu banklar daromadiga ijobiy ta`sir ko`rsatgan bo`lsa-da, ortiqcha bosim xavfini ham keltirib chiqarmoqda. Bu jarayon kreditlar tarkibida diversifikasiyani oshirib, dollarlashuvni kamaytirdi. O`zbekiston Markaziy bankining ayniqsa avtomobil va oilaviy biznes sohasidagi xavfli kreditlarga nisbatan joriy qilgan cheklov choralari samarali bo`ldi.
Shunga qaramay, garovsiz iste`mol kreditlari 50% gacha o`sdi. 2025 yil 1-choragi oxirida ular bank tizimidagi umumiy kreditlarning 9 foizini tashkil etdi (2023 yil oxirida bu ko`rsatkich 5% edi). Yaqin kelajakda makroprudensial siyosatning yanada kuchaytirilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, yaqin kelajakda kichik va o`rta biznesga berilgan kreditlar bilan bog`liq xavflar yuzaga chiqishi mumkin. Hukumat banklar uchun kapitallik talablarini yumshatish orqali ushbu sohadagi kreditlashni rag`batlantirdi. Natijada kredit portfeli tez kengaydi. Ammo qishloq xo`jaligi, qurilish va to`qimachilik kabi o`zgaruvchan tarmoqlarga, shuningdek, xorijiy valyutadagi kreditlarga bo`lgan yuqori ta`sir xavfli bo`lib qolmoqda.