Deputatlardan munosabat kutib qolamiz. Kelajagimiz bo`lgan yoshlarni kim o`ylaydi?..
Ijtimoiy eksperiment o`tkazildi: O`zbekiston Respublikasining tamaki mahsuotlarini tarqatish to`g`risidagi qonuni ochiqchasiga buzib kelinmoqda...
Eksperimentning maqsadi Toshkentdagi tamaki sotuvchi do`konlar O`zbekiston Respublikasining «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste`mol qilinishini cheklash to`g`risida»gi qonuniga qanchalik amal qilayotganlarini aniqlash edi. Natijaga ko`ra ushbu qonun haqida tamaki sotuvchi do`konlar umuman axborotga ega emasliklari ma`lum bo`ldi.
Rost24.uz saytining 20 yoshga to`lmagan muxbiri Toshkentning Yunusobod, Shayxontohur, Chilonzor, Olmazor va Mirzo Ulug`bek tumanlaridagi bir nechta do`konlarga kirib tamaki mahsulotlarini sotib olgan va o`rtadagi sotuv jarayonini diktofonga saqlab olgan. Yuqorida tilga olingan tumandagi do`konlarning birontasida tamaki mahsulotini sotishdan avval mijozning yoshi so`ralmagan.
Ayrim do`kon sotuvchilari muxbirimizning «Nega yoshimni so`ramay sotyapsiz?», degan savoliga qo`pollik bilan javob qaytarishgan va shunga qaramay, tamaki sotishdan bosh tortmagan. Yosh muxbirimiz qaysi do`konga kirmasin, tamaki sotuvchilar 20 yoshdan kichiklarga sotish mumkinmasligi haqidagi qonun me`yorlari haqida bilmasliklarini yashirmagan.
«Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste`mol qilinishini cheklash to`g`risida»gi Qonunning o`lik ahvolda ekaniga kim aybdor?
Mazkur qonun qabul qilinganiga 10 yil bo`lmoqda. 10 yil ichida 20 yoshdan kichiklarga tamaki mahsulotini sotganligi uchun javobgarlikka tortilgan fuqaro bormi?
Qonunlar chiqarilaversa-yu amalda ishlamasa, ularni ishlab chiqishdan nima naf? Qonunlarning amalda ishlashini kim nazorat qiladi?
Saytimiz tomonidan eksperiment natijalari hujjat sifatida saqlab qo`yilgan, ularni tegishli idoralarga taqdim etishga tayyormiz. Shu o`rinda Rost24.uz sayti yoshlarning salomatligiga qayg`urgan holda tamaki mahsulotlari sotuvi bo`yicha jamoatchilik nazoratini yo`lga qo`yishni taklif etadi.