Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Dilmurod Ismoilov avtomobillarni qisqa muddatga ijaraga berish faoliyatini noqonuniy amalga oshirish holatlari va keltirib chiqarayotgan og`ir oqibatlar yuzasidan transport vaziri Ilhom Mahkamov hamda ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo`latovga deputatlik so`rovi yubordi. Bu haqda «Adolat» partiyasi xabar qildi.
Deputat so`rovida ayrim tadbirkorlar inson hayoti va sog`lig`idan o`z manfaatlarini ustun qo`yib, belgilangan qoidalarni chetlab o`tayotganiga e`tibor qaratgan. Xususan, so`nggi kunlarda Namangan viloyatida yuz bergan bir qator ayanchli hodisalarni keltirgan.
2024 yilning oktyabrida Namangan shahrida Gentra avtomashinasini 200 ming so`mga ijaraga olgan 5 nafar o`quvchi katta tezlikda yo`lning qarama-qarshi qismiga chiqib ketib, yuk mashinasi bilan to`qnashgan. Oqibatda ulardan 3 nafari vafot etgan. Bu yil boshidan buyon shaharda mashina ijaraga olgan o`quvchilar ishtirokida sodir bo`lgan to`rtinchi YTH bo`lgan.
Noyabr oyida yana Namangan shahrida ikki nafar 9-sinf o`quvchisi Gentra mashinasida YTHga uchragan, ulardan biri halok bo`lgan. Ular mashinani 150 ming so`mga vaqtincha ijaraga olgan.
2025 yilning 6 aprel kuni Davlatobod tumanida ikki maktab o`quvchisi Nexia 3 mashinasida YTHga uchrab, og`ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Ular mashinani 150 ming so`mga vaqtincha ijaraga olgan. 15 aprel kuni esa Yangi Namangan tumanida 2 nafar 8-sinf o`quvchisi ishtirokida YTH sodir bo`lgan. Ular mashinani 1 mln so`m evaziga 8 soatga ijaraga olgan.
«Engil avtomobillar va mototransport vositalarini qisqa muddatli ijaraga berish tartibi to`g`risida»gi nizom talablariga ko`ra, transport vositalarini ijaraga berish faoliyati bilan faqat qonunchilikda belgilangan tartibda ro`yxatdan o`tgan yuridik shaxslar shug`ullanishi va ijarachi, albatta, tegishli haydovchilik guvohnomasini taqdim etishi shart.
Deputatning ta`kidlashicha, Telegram`dagi Namangan yezda moshina kabi guruhlar orqali yuqoridagi qaror talablariga zid ravishda, hatto voyaga etmagan va transport vositasini boshqarish huquqi bo`lmagan shaxslarga ham avtomobillar ijaraga berilmoqda.
Shu munosabat bilan, Qonunchilik palatasi deputati Dilmurod Ismailov transport va ichki ishlar vazirlaridan quyidagi masalalarga oydinlik kiritishni so`ragan:
Avtomototransport vositalarini qisqa muddatga ijaraga berish faoliyatini noqonuniy amalga oshiruvchi shaxslarni barvaqt aniqlash borasida qanday ishlar qilinmoqda?
aniqlangan qonunbuzarlarga nisbatan qanday choralar ko`rilmoqda?
bu kabi huquqbuzarliklar kelib chiqishining oldini olish bo`yicha qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
mazkur masala yuzasidan vazirlarning shaxsiy nuqtai nazari qanday?
Dilmurod Ismoilov bunday noqonuniy faoliyat mamlakatning boshqa hududlarida ham uchrayotgan bo`lishi mumkinligi va ularning harakatlariga o`z vaqtida huquqiy baho berilmasligi yanada mudhish oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan xavotir bildirgan.