Rus tilidagi yozuvni borib Rossiyangdan qidirasan — Rossiya TIV vazirining so`zlari keskin muhokamalarga sabab bo`lmoqda

24.04.2025 11:42



O`zbekistonga tashrif buyurgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Samarqanddagi “Motamsaro ona” yodgorligida rus tilidagi yozuv yo`qligiga e`tibor qaratdi. Yodgorlikdagi halok bo`lgan askarlarga bag`ishlangan so`zlar o`zbek va ingliz tillarida yozilgan. “Bu erda ingliz tilida yozuv bor, lekin ruschasini ko`rmadim. Ona — bu eng muqaddas zot”, degan Lavrov ekskursovodga.

Moskva Bosh maydoniga o`zbekcha ham yozilsa, keyin o`ylab ko`rishimiz mumkin

Lavrovning ushbu so`zlari jamoatchilik orasida muhokamalarga sabab bo`lib, ular keskin javob qaytarishmoqda. 

Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiev Moskva Bosh maydoniga o`zbekcha ham yozilsa, keyin o`ylab ko`rishimiz mumkin, deya Rossiya TIV vaziriga javob qaytargan. 

“O`zbek xalqi tilni majburiyat emas, imkoniyat deb tanlaydi. Xorij tilini sun`iy targ`ib qilish muhabbat emas, qarshi munosabat uyg`otadi. Qolaversa, hurmat talab qilinmaydi — u singadi.

P.S. Moskva Bosh maydoniga o`zbekcha ham yozilsa, keyin o`ylab ko`rishimiz mumkin”.

So`rab olingan hurmat va yolg`on yaratilgan ehtiyoj

“Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov rus siyosatchilari O`zbekistonda rus madaniyati va rus tiliga bo`lgan munosabatni yomonlashtirish uchun hamma yo`llarni sinab ko`rayotganini ta`kidlagan

“Nega O`zbekistonda yoshlar hech kim eslatib turmasa ham ingliz, nemis, turk va arab tillarini o`rganishga harakat qiladilar? 

So`rab olingan hurmat va yolg`on yaratilgan ehtiyojdan faqat teskari natija bo`lishini vazir Lavrov bilmasligi mumkin emas”, deya yozgan Alisher Qodirov.

Biz ularning koloniyasi emasmiz!

O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti rektori ham ushbu holat bo`yicha fikrlarini bildirib o`tdi. 

“Har bir mamlakat o`zining hududidagi tarixiy obida yoki haykali atrofida qaysi tilda yozishini faqat o`zi hal qiladi. Chetdan kelib, boshqa davlatning Tashqi ishlar vaziri bizni tanqid qilishi noto`g`ri. Zero biz ularning koloniyasi emasmiz!

Bizning vazirlar ham Rossiyaga borganda ba`zi masalalar bo`yicha Lavrov kabi dadil savol berishni o`rganishlari kerak, shekilli. 

Xususan, nega bizning Rossiyadagi migrantlar diskriminasiya qilinadi? Nimaga ularga nisbatan mahalliy hokimiyat, migrasion xizmatlar yoki polisiya tomonidan oddiy inson huquqlarini poymol qiluvchi holatlar qo`llanilsa, Rossiya jamoatchiligi va davlat rasmiylari jim turadi?

Sergey Lavrov kelib, bizga “ona timsoli — muqaddas” ekanini tushuntirmoqchi ekan, oddiy bir yozuvni bor yo`qligiga diqqat qaratarkan, biz ham unga “inson huquqlari ham muqaddas” ekanligini diqqat e`tiboriga solishimiz va eslatishimiz kerak.

Lavrov O`zbekiston va Evropa Ittifoqining hamkorligi to`g`risida ham gapiribdi. Kim bilan qanday aloqalar o`rnatishni yoki qay darajada hamkorlik qilishni davlatning o`zi hal qiladi! O`zbekistonning ichki ishlariga aralashishga hech kimning haqqi yo`q. Jumladan, Evropa Ittifoqi bilan ham o`zaro aloqalar darajasini O`zbekistonning o`zi belgilaydi. Bu davlatimizning tashqi siyosati ko`p vektorlik ekanligini ko`rsatadi” deydi Sherzodxon Qudratxo`ja.

Mehmonmisan?  Izzatingni bil! 

Jurnalist Hamza Jumaev esa holatga ular O`zbekiston bilan munosabatlarda asl yuzini ochib qo`yyapti, deya munosabat bildirgan.

“Rossiya tashqi ishlar vaziri Samarqanddagi ona haykali poyida rus tilida yozuv yo`qligini aytibdi. Bu amaldorni juda katta tajribaga ega,  kuchli diplomat,  deb o`ylardim.  Lekin,  u va hamkasblari O`zbekiston bilan munosabatlarda asl yuzini ochib qo`yyapti.  

Bu biz uchun bir tomondan yaxshi.  Har holda pozisiyasini bilib olamiz.  Lekin, bizni haliyam o`ziga qaysidir jihatdan tobe deb o`ylagani yomon. Ona muqaddas zot,  deganmish Lavrov.  Qarang-a,  shuni biz bilmay yurgan ekanmiz da. Umuman,  davlat sifatida qaysi tildan foydalanishni o`zimiz hal qilamiz.  Ha tarixda ularning mustamlakasi bo`lganmiz.  Lekin u endi o`tgan davr.  Dono siyosatchi,  aqlli diplomat o`tmish asoratlari ta`sirida emas,  ayni paytdagi daraja va kelajak maqsadlarga asoslanib ish qilishi kerak. Bu Rossiyaning o`ziga ham yaxshi.  Agar o`tmishga qarab ish qilsak,  biz ham Amir Temur bosib olgan rus erlarining turkiy nomlarini qaytarishni so`rashimiz mumkin.  

Biz mehmondo`st xalqmiz,  mehmonning izzati biz uchun oliy qadriyat.  Lekin,  mehmon ham o`z haddini bilishi kerak. Bugun Rossiya biz bilan strategik hamkor.  Hamkorlik esa tenglikka quriladi.  Strategik hamkorlik tomonlarning hech biriga ustunlik bermaydi”.

Endi bir kami senga hisob berishimiz qoluvdi

Mazkur holat yuzasidan huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiev ham o`z pozisiyasini namoyish qildi.

“Endi bir kami senga hisob berishimiz qoluvdi. Rus tilidagi yozuvni borib Rossiyangdan qidirasan.

Rossiya mulozimining gaplarini men diplomatik bezbetlik, deb qabul qildim. Hech bo`lmasa, taklif sifatida “rus tilida ham matn bo`lsa, xursand bo`lardik” desa ham mayli ekan. Xuddi “yuqoridan” tekshiruvchi kelgandek, “qani ruschasi?” deb so`roqqa tutishiga o`laymi.

Ishqilib, biznikilar shosha-pisha ruscha matn qo`yishmaydi, degan umiddaman. O`zbekcha va inglizcha matn juda to`g`ri qaror bo`lgan. O`zgartirish shart emas, menimcha”, deydi Xushnudbek.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
9
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар