O`tgan yilning sentyabr oyida Jizzax viloyat “Qalb nuri” markazi tomonidan “COVID-19” pandemiya sharoitida migrantlar va ularning oilalariga huquqiy, psixologik hamda migrasiya va bandlik masalalarida axborot va maslahat berishga qaratilgan “Biz yoningizdamiz" ijtimoiy loyihasi Evropa Ittifoqining 20 ming evro miqdoridagi grantiga sazovor bo`lgan. Loyiha doirasida o`zbek migrantlari va ularning oilalariga huquqiy, psixologik hamda migrasiya va bandlik masalalari bo`yicha axborot, maslahat beruvchi telegram bot va kanali ishga tushirildi.
- Loyihaning o`ziga xosligi shundaki, o`zbek tilida yuritiladigan Telegram bot aynan yordamida nafaqat Jizzax viloyati, balki mamlakatimizning barcha hududlari qamrab olinadi. – deydi loyiha rahbari, Jizzax viloyat “Qalb nuri” markazi direktori Nodira Alimova. - Chunki ayni paytda O`zbekistonning 20 million aholisi internetdan foydalanmoqda. Ularning 19 millioni Telegram messenjeridan foydalanadi, bu deyarli barcha maqsadli auditoriyani qamrab olish imkonini beradi. Foydalanuvchi bot orqali o`ziga noma`lum aloqa ma`lumotlarini yuborishi va tez yordam olish uchun joylashuvini bosishi mumkin. Bundan tashqari, mavzu bo`yicha yangiliklar va foydali ma`lumotlarni nashr etish va foydalanuvchilar o`rtasida muhokama qilish uchun Telegram kanali ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Loyiha doirasida joriy yilning 1 oktyabr kunidan boshlab “Mehnat migrantlari/Biz yoningizdamiz” telegram kanali ham ishga tushirilgan.
Telegram bot esa 2020 yilning dekabr oyida ishga tushirildi. Mazkur Bot orqali migrantlar va ularning oilalari hamda aholininig turli qatlamlarini pandemiya davrida koronavirus haqida, unga qarshi kurashdagi ijtimoiy axborotlar to`g`risida, shuningdek, foydalanuvchilarning psixolog, yurist maslahatlari va bandlikka oid zarur ma`lumotlar bilan ta`minlanishlariga erishilmoqda.
Bundan tashqari Respublika miqyosidagi jabrlangan fuqarolarni reabilitasiya va adaptasiya qilish markazlarining “Ishonch telefonlari”, O`zbekiston Respublikasining xorijdagi elchixonalari telefonlari, sog`liqni saqlash, bandlik va mehnat munosabatlari tashkilotlarining telefon manzillari ham kiritilgan.
Milliy va xalqaro qonunchilikka oid axborot, ma`lumot va yangiliklar, o`zbek migratlariga yordam beruvchi tashkilotlar to`g`risida aynan ona tilida yuritiladigan “Biz yoningizdamiz” Telegram bot va kanali nafaqat dunyoning turli joylarida bo`lgan o`zbek migrantlari va ularning oilalari uchun, balki tashqi mehnat migrasiyasi masalalari bilan qiziquvchi barcha fuqarolar uchun hamisha yonlarida bo`lgan eng qulay dastyor, ishonchli hamroh va foydali maslahatchi bo`lib xizmat qilmoqda.
- Telegram kanali orqali migrantlarga yordam berilishiga to`g`risi ishonmagandim. - deydi Rossiya Federasiyasida oilasi bilan og`ir ahvolga tushib qolganda, beg`araz yordam bilan uyiga olib kelingan hamyurtimiz D.R. - Oilada 5 nafar farzand – 2 qiz va 3 o`g`il edik. Men eng kenja farzandman. Shu boisdanmi, ota-onam meni rayimga hech qachon qarshi chiqishmagan. 2015 yili men uydagilarimning qarshiligiga qaramasdan Rossiyaga ishga ketishga qaror qildim.
Sankt-Peterburgda, maktabda yaxshi o`qiganim, rus tilini o`zlashtirganim menga qo`l keldi. Tezda serdaromad ish ham topdim. Dastlab avtomashina ehtiyot qismlarini yig`ish zavodida, keyinchalik televizor yig`ish korxonasida ishladim. Ota-onamning roziligi bilan 2019 yilda oila qurdim. Turmush o`rtog`im homilador bo`lib, baxtli kunlarimiz boshlangan bir vaqtda butun dunyoni tashvishga solgan koronavirus kasalligi tarqaldi va joylarda karantin e`lon qilindi. Shu tufayli biz ishlab turgan korxonada ham ish shtatlari qisqartirila boshlandi. Bunday paytda, eng avvalo chetdan kelib ishlayotgan biz muhojirlar ishdan bo`shatildik.
Bu orada turmush o`rtog`im homilador emasmi, sog`ligi zaiflashdi. Uyga qaytaylik desak, yo`llar yopiq. Men esa tayinli ish topolmaganimdan har kuni yollanma bir martalik ishlar qilishga majbur bo`lib qoldim. Avgust oyiga kelib farzandimiz tug`ildi. Endi bir tashvishim ikki barobarga ortdi. Farzandimga tug`ilganlik to`g`risida Rossiya Federasiyasidan ma`lumotnoma oldik, ammo tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnomasi yo`q edi. Ana-mana deguncha, kuz kelib, kunlar sovib ketdi. Bu orada xotinim va farzandim betoblanib, shifoxonaga tushib qolishdi. Men nima qilishni, kimdan yordam so`rashni bilmay, bosh urmagan joyim qolmadi.
Bugungi kunda barcha joyda bo`lgani kabi, Rossiyada ham turli mamlakatlar odamlarining o`z telegram guruhlari, ish, e`lon va boshqa xabarlar uchun kanallari bor. Biz mehnat muhojirlari asosan ana shunday kanallar orqali ish izlaymiz va ishlaymiz.
O`zbekistonda karantin choralari yumshatilib, yo`llar ochildi, biroq, biz farzandimning hujjati yo`qligi sababli uyga qaytolmasdik, o`zim ketay desam, oilamni tashlab ketolmadim, xullas, boshi berk ko`chaga kirib qoldim. Yashash, eb-ichishimiz ham tobora og`irlasha boshladi. Ana shunday kunlarning birida men “Piterda Ish Kvartira Elonlar” telegram kanali orqali ish izlab o`tirib, bir xabarga, to`g`rirog`i “Biz yoningizdamiz” loyihasi amalga oshirilayotgani, telegram kanali va Bot yaratilgani va unda o`zbek mehnat migrantlariga huquqiy, psixologik va migrasiya masalalari bo`yicha maslahat va yordam berilishi haqidagi e`longa ko`zim tushib qoldi. Avvaliga ishonmadim, keyin shunga yordam so`rab ko`ray, mendan nima ketdi, dedimda telegram kanalning izohlar qoldirish joyiga hamda kanalni yuritayotgan loyiha ijrochilaridan biri, jurnalist Nargis Qosimovaning shaxsiy sahifasiga ahvolimni yozib yubordim.
Oradan ikki kun o`tar-o`tmay, menga O`zbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining Rossiyadagi vakolatxonasidan qo`ng`iroq qilishdi. To`g`risi, men bunga ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmay qoldim o`shanda. Bizdan talab qilingan barcha hujjatlarimizni yubordik. Men bilan bog`langan xodimlar shirinso`z bo`lib, uzog`i bilan ikki hafta kutishimizni, hammasi yaxshi bo`lishini aytishdi. Keyin bildimki, Nargis opa meni ahvolim xaqida O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining axborot xizmati rahbari Ortiqxo`ja Norovga darhol xabar beribdilar. O`z navbatida O.Norov zaruriy choralar ko`rilishi uchun murojaatni yo`naltirgan ekan.
Oradan aytilgan ikki hafta o`tib, bizga samolyot chiptalari, o`g`limga hujjat va boshqa safar xarajatlarining barchasini Xalqaro migrasiya tashkiloti bilan birgalikda hal qilishganini aytishdi. Men o`zimda yo`q xursand edim. Uyda keksayib, sog`ligi yomonlashib qolgan ota-onamning xursandchiligini aytmaysizmi?!
Bizni sog`-salomat Vatanga olib kelishdi va uyimizgacha kuzatib qo`yishdi. Bizga ko`rsatilgan bunday beg`araz yordam uchun bu xayrli ishni boshida turgan barcha tashkilotlarga, mehrli insonlarga, xususan “Biz yoningizdamiz” loyihasi ijrochilariga shaxsan o`zim va oila a`zolarim nomidan minnatdorlik bildiraman. Migrantlarga yordam beradigan telegram Bot va kanali rostan bor ekan va yordam berarkan. Bunday ijtimoiy loyihalar, tashabbuskor insonlar ko`payaversin.