O`zbekistonda qanday ma`muriy huquqbuzarliklar ko`proq sodir etilyapti?

17.04.2025 11:34

O`zbekistonda joriy yilning I choragi davomida jinoyat ishlari bo`yicha sudlar tomonidan 162 665 nafar shaxsga nisbatan 138 557 ta ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ish ko`rib chiqilib, 105 418 nafar shaxsga nisbatan ma`muriy jazolar qo`llanildi. Bu haqda Oliy sud xabar berdi.

Qayd etilishicha, yarashgani munosabati bilan 19 201 nafar shaxs ma`muriy javobgarlikdan ozod etildi. Ko`rilgan ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ishlarning aksariyatini mayda bezorilik, 
ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik, 
avtomobil transportida yo`lovchilar tashish faoliyati bilan lisenziyasiz shug`ullanish, 
elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish,
haqorat qilish, 
transport vositalari haydovchilarining yo`l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga engil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar etkazilishiga olib kelishi, 
savdo yoki xizmat ko`rsatish qoidalarini buzish, 
jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste`mol qilish, 
transport vositalarini mastlik holatida boshqarish,
sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanishi mumkin bo`lgan ashyolarni olib yurish bilan bog`liq ma`muriy huquqbuzarliklar tashkil etadi.

Apellyasiya tartibida 1924 nafar shaxsga nisbatan 1 632 ta ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ish ko`rib chiqildi. 637 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 577 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o`zgartirildi.

Kassasiya tartibida 2 540 nafar shaxsga nisbatan 2 380 ta ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ish ko`rib chiqildi. 1 021 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 625 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o`zgartirildi.

Oliy sudning Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati tomonidan taftish tartibida 467 nafar shaxsga nisbatan 420 ta ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ish ko`rib chiqildi. 102 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 83 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o`zgartirildi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар