Road24 yoki Safe Road: davlat otasi kuchlilar tomondami?

14.04.2025 21:48

Yo`l  harakati qoidalarini buzganlik uchun belgilangan jarimalar to`g`risidagi ma`lumotlar “Road24” ilovasiga uzatilishi to`xtatilgani bugunning muhokama mavzusiga aylandi.

IIV YHXX axborot xizmati rahbari Zoyir Yo`ldoshov 14 aprel kuni axborot almashinuvi “batamom to`xtatilgani”ni ma`lum qildi. Davlat organiga ko`ra, endilikda Road24 o`rniga “Safe Road YHXX” ilovasini ishlatish mumkin.

Ushbu xabar e`lon qilingach, yangi ilova ishlamayotgani haqida jamoatchilik e`tiroz bildira boshladi. Tuppa tuzuk ishlab turgan ilova o`rniga yangisiga hojat nima edi? Mana shu savol ko`pchilikni o`ylantira boshladi.

Jamoatchilik faollari nima deydi?

Iqtisodchi Otabek Bakirov hammani yangi ilovadan foydalanishga o`tkazish uchun eski ilovaga ma`lumot uzatish to`xtatib qo`yilganini tanqid qildi. 

“ Bu xuddi yangi va qo`ling o`rgulsin zamonda hokimlar tayinlanishi bilan tadbirkor-u, aholi o`rgangan eski bozorni buzdirib, yangisini qurdirish va yoqadimi, yo`qmi, ixtiyoran-majburan ko`chirishga o`xshaydi.

Qo`yinglar, xudobexabar bozor buzadi, mayli, yangi bozor qurmoqchi bo`lsang, unisiyam ishlayversin, bunisiyam ishlasin, raqobat va tanlov bo`lsin deydigan topilmaydi, afsuski.

Hozir ham millionta e`tiroz bo`layotgan yangi Safe Road ilovasiyam ishlayversin, Road24 ham ishlayversin, deydigan biron sog`lom aql egasi topilmaganidan hayron bo`lmang.

Men hatto hayron bo`lardim, agar aytaylik, Antikorrupsiya agentligi vazirlik va idoralarning “ilova yasash va ilova buyurtma qilish” kabi antiqa va ajoyib keyslariga e`tibor qaratishni boshlasa”.

YHXXdagi ayrim davlat xizmatchilari yo`q joydan muammo yasaydi

Jurnalist Muhrim A`zamxo`jaev esa YHXXdagi davlat xizmatchilarini yo`q joydan muammo yasaydiganlar deb atadi (https://t.me/muhrim/2902).

“O`zbekistonda yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash uchun qilinishi kerak bo`lgan minglarcha ish bor. Xususan, axborot etkazish masalasida ham. Masalan, yo`l-transport hodisalari haqidagi axborotni ochiq va muntazam beradigan mobil dastur qilsa bo`lardi — uning ma`lumotlari asosida jamoatchilik YHXXning o`ziga “YTH o`choqlari”ni yo`qotish bo`yicha yordam berishi mumkin edi.

Yoki, undan ham osonroq ish bor — qaerda qanday kamera, qanday radar turibdi, u qanday qoidabuzarliklarni qayd etadi — shuni muntazam, onlayn vaqt rejimida yangilanadigan reestr qilib qo`yish mumkin. Juda oson ish. YHXX shu ishni qilsa, antiradarga ham hojat qolmaydi: “Yandeks.Xarita”ga o`xshash xizmatlar o`sha reestr asosida o`z xaritalarini doimiy yangilab, YHXXning elektoratiga katta yordam qiladi.

Lekin — yo`q. YHXXdagi ayrim davlat xizmatchilari yo`q joydan muammo yasaydi: binoyidek ishlab turgan, xalq o`rgangan, qaysidir ma`noda haydovchilarning og`irini engil qilayotgan mobil dastur (Road24) o`rniga “o`zining” (chalajon) mobil dasturi (SafeRoad)ni ishlab chiqadi”, deb yozadi jurnalist.

Road 24: Dadasi kuchlilarga yo`l beriladimi?

Ko`p o`tmay Road24 jamoasi ham o`z kanalida yangi ilova ulardan ko`chirilganini aytib chiqdi.

“Yangi ilova qildik deyishmoqda, lekin nimasi yangi? Hech narsasi, Road24 olishdi ko`chirishdi. Yangilik osonlik bilan yaratishda biz va bizni jamoa biladi. Road24 ilovasi tez kunda yangilanadi, sizlar uchun yanada kulay imkoniyatlar yaratiladi”, degan jamoa.

“YHXX va IIV ga kelsak, davlat tashkiloti bo`lib hammaga teng imkon berish o`rniga dadasi kuchli shunga yo`l beradi. Eski zamonlar qaytdi”, deyiladi postda.

Keyinroq Road24 o`z postidan “dadasi kuchli”lar haqidagi qismini olib tashladi hamda ilova haqida asossiz, haqiqatga to`g`ri kelmaydigan ma`lumotlar tarqatilayotgani, Road24 ilovasi shtat rejimda ishlayotganini bildirdi.

“Ushbu harakatlarni raqobatga qarshi harakatlar deb hisoblaymiz. Road24 ilovasi yo`l harakati ishtirokchilari uchun tegishli tartibda aktual ma`lumotlarni taqdim etib kelmoqda va ilova bilan bog`liq hech qanday muammolar mavjud emas. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan noto`g`ri ma`lumotlarga ishonmasligingizni so`raymiz. Shu o`rinda amaldagi qonunchilikda tadbirkorlik faoliyati sub`ektining ishchanlik obro`siga putur etkazadigan ma`lumotlar tarqatish taqiqlanganligini eslatib o`tamiz”, deyiladi kanaldagi yangi postda.

Road24 aslida kimga tegishli?

Road24 ilovasining ommaviy 
oferta bo`limida uning ishlab chiqaruvchisi Kash App MChJ ekani ko`rsatilgan. Korxona 2016 yil 17 mart kuni davlat ro`yxatidan o`tkazilgan. Ustav fondi — 165,4 mln so`m. Rahbar sifatida Fatkulina Liniza Xalilovna ko`rsatilgan.

Firmaning 90 foiz ulushiga Hasanova Naima Muhammadjonovna, qolgan 10 foiz ulushiga esa Fatkulina Liniza Xalilovna egalik qiladi.

Yangi ilovani kim ishlab chiqqan?

“Safe Road YHXX” ilovasi App Store'da “Autodoc” MChJ nomidan, Play Market'da SSD Software Solutions tomonidan taqdim etilgan.

Ochiq ma`lumotlar bu ikkala firma ham Ichki ishlar vazirligi tuzilmalari bilan hamkorlik qilib kelishini ko`rsatadi.

Xususan, Yo`l harakati xavfsizligi xizmati hamda Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi hududiy bo`linmalari joylashgan hududlar “Autodoc” MChJga davlat-xususiy sheriklik asosida berilgan.

Autodoc 2022 yil 27 iyunda ro`yxatga olingan bo`lib, hozirgi kunda 500 ming so`m ustav fondiga ega. Yagona ta`sischisi – Karimov Bilol Bahodir o`g`li. Rahbari sifatida Sodiqov Sayyodbek Siddiqjon o`g`li ko`rsatilgan.

Qidiruv tizimlariga “SSD Software Solutions” so`rovini berganda, birinchi bo`lib Smart Soft Development kompaniyasining rasmiy sayti chiqib keladi.

“Smart Soft Development” MChJ 2012 yilda ro`yxatga olingan bo`lib, ustav fondi qariyb 4,7 mlrd so`mni tashkil etadi. Joriy ta`sischilari – Baymetov Ravshan Kamalovich (40 foiz), Xan Aleksey Ruslanovich (30 foiz), G`ofurov E`zoz Karimovich (30 foiz, u firma rahbari ham hisoblanadi).

Smart Soft Development Ichki ishlar vazirligining e-Muhokama, e-Himoya, e-Patrul, “Kriminalist” va NarkoUz kabi elektron platformalarini ishlab chiqish bo`yicha tenderlarda g`olib deb topilgan.

Mas`ullar holatni qanday izohladi?

Yo`l harakati xavfsizligi axborot xizmati rahbari Zoyir Yo`ldoshev bundan ko`zlangan maqsad “fuqarolarga yanada qulaylik yaratish” ekanini aytdi.

Ilovaga kirgan odam YHXXning ko`plab xizmatlaridan foydalanishi mumkin. Faqat jarima to`lash emas, davlat raqam belgilariga buyurtma berish, davlat raqam belgilarini saqlash, ma`muriy jarimadan shikoyat bildirish, jarimani bo`lib to`lash singari ko`plab qulayliklarni o`z ichiga olgan. Kelgusida aynan ushbu ilova ordali yanada ko`proq xizmatlarni ko`rsatish nazarda tutilgan, dedi u.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар